Rost24.uz axborot tahliliy saytida davlat tashkilotida ishlamaydigan ayollarning ijtimoiy himoyasi borasida bir nechta maqola va reportajlar e`lon qilingan.
Xususan, Oliy Majlis Senatorlaridan xususiy sektorda faoliyat yurituvchi ayollarga ham davlat tomonidan homiladorlik va tug`ish nafaqalari to`lab berish amaliyoti joriy qilinishini so`rab murojaat qilgan. Jumladan, 29.12.2021 kuni e`lon qilingan "Senator Gadoev O`zbekiston ayollarini gadoga aylantirmoqchimi?" maqolasida O`zbekiston hukumati byudjet tashkilotlarida ishlamaydigan ayollar uchun ham ijtimoiy himoya "dekret" pulini to`lab berish amaliyotini qachon yo`lga qo`yadi, savoli o`rtaga tashlangan edi.
O`shanda savolga javoban Oliy Majlis Senatori Erkin Gadoev xususiy tadbirkorlik ob`ektida ishlaydigan ayollardan byudjet pulini qizg`onib bu amaliyot joriy etilmasligini bildirgandi. Biroq, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi Malika Qodirxonova Senat tomonidan byudjet tashkilotida ishlamaydigan ayollarga "dekret" puli to`lab berish masalasi ko`rib chiqilayotganini ma`lum qilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan joriy yil 26 iyul kuni aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlar faolligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokamasi yuzasidan yig`ilishda esa xuddi shu masala ko`tarilib, endilikda, ya`ni 1 sentyabrdan boshlab xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat byudjetidan 2 million so`mlik homiladorlik va tug`ish nafaqasi to`lab berish to`g`risida qaror qabul qilingani aytildi.