Hukumatdan "haydalgan"  kuchli amaldorlar. Hozir ular qaerda?

16.04.2022 10:00

Parpiyev, Azimov, Joʻrabekov, Gʻaniyev, Ostrogojskaya...

Bir vaqtlar bu familiyalarni eshitgan har qanday tizim sergak tortgani haqiqat. Bu nom ostidagi amaldorlar qayerda ishlamasin, goʻyoki hukumatdan hech qachon ketmaydigandek, tebranmas kadr sifatida tasavvur qoldirgan edi. Shunisi aniqki, eng zalvorli lavozimlarni egallagan bu shaxslar oʻshanda Oʻzbekiston taqdirini hal qilishda muhim rol oʻynab kelgan.

Biroq yangi davrda ularning ayrimlari lavozimdan ketdi, ayrimlari esa siyosiy markazdan (siyosiy maydondan) uzoqlashtirildi. Rost24.uz sayti Mirziyoyev davrida hukumatdan ketgan amaldorlar roʻyxatini eʼlon qiladi.

Ella Ostrogojskaya

Ella Ostrogojskaya, Davlat byudjeti bosh boshqarmasining 20 yillik sobiq boshligʻi.

«Mana bitta misol: oʻtgan 2016-yil yakuni boʻyicha Qoraqalpogʻistonda mahalliy byudjetga bir soʻm ham pul qolmagan. Bir soʻmniyam bermagan Ostrogorskiy-Mastrogorskiy-Sastragorskiy-Gastrogorskiy degan bir komanda bor. Faqat mendan qoʻrqardi ular, hozir hammasini haydavordim», degan edi Prezident Mirziyoyev 2016-yilgi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolariga yoʻllagan murojaatnomasida. Shuningdek, prezident Moliya vazirligi 20 yil davomida unga oʻxshagan noinsoflar qoʻlida boʻlganligi, haydalib ketganidan keyin ham to hozirga qadar hisobotlardan Ostrogorskiyning hidi kelib turganini qoʻshimcha qilgan.

Shavkat Mirziyoyev aytgan shaxs Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasining sobiq boshligʻi, “Shuhrat ordeni” mukofoti sovrindori Ella Ostrogojskayadir. Prezident tanqididan soʻng Ella xonim haqidagi xabarlar barcha OAV dan joy ola boshladi. Prezident tanqidigacha, Ostrogojskaya haqida hech qanday maʼlumot yoʻq edi. U sobiq Moliya vaziri Rustam Azimov bilan til biriktirib iqtisodiy raqamlarni soxtalashtirish orqali yolgʻon maʼlumotlar berish va davlat byudjetiga katta zarar yetkazishda ayblangan.

“Davlat byudjeti loyihasini tayyorlashda xalqimizning eng zarur ehtiyojlari umuman hisobga olinmagan. Shu oʻrinda bir dalil: 2016-yilgi davlat byudjetida tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun bor-yoʻgʻi 483 soʻm koʻzda tutilgan. Mamlakatimiz boʻyicha dori-darmon va tibbiyot vositalariga 229 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Bu raqamlarni taqqoslash uchun 2018-yilgi davlat byudjeti parametrlarida tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 5 ming soʻm yoki dori-darmon va tibbiyot vositalariga 915 milliard soʻm (4 baravar koʻp) rejalashtirilganligini koʻrsatib oʻtish mumkin. Endi tasavvur qiling, tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 483 soʻm belgilagan bu «jonkuyarlar” nahotki ketadigan haqiqiy xarajatlarni hisobga olmagan boʻlsa?», deyiladi oʻsha vaqtda eʼlon qilingan xabarda.

Biroq unga va uning sobiq rahbari Rustam Azimovga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida hech qanday maʼlumot mavjud emas.

Ismoil Joʻrabekov, sobiq vazir, Prezident maslahatchisi

Islom Karimov boshqaruv davrining ilk yillarida Oʻzbekiston hukumatida eng qudratli shaxslardan biri boʻlgan, qishloq xoʻjalik sohasining “hukmdori” deya atalgan Ismoil Joʻrabekov faoliyatidagi sirlar haligacha toʻliq ochilmagan.

U 1994-yildan 1998-yilgacha Oʻzbekiston Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlagan. Keyinchalik bir muddat yaʼni, ikki yil davomida umuman koʻrinish bermagan. Uning qayerda va qay ahvoldaligi haqidagi xabarlar ham oshkor etilmaydi. 2000-yilda esa Joʻrabekov tasodifan Prezidentning davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlanadi. U bu lavozimda 4 yil davomida ishlagan va “Karimovdan keyingi ikkichi shaxs” degan nomni olishga ulgurgan edi. Ammo oradan vaqt oʻtib, 2003-yilda Joʻrabekovning kursisi qimirlab qoldi va 2004-yilda isteʼfoga chiqarildi.

2015-yilning 15-fevral kuni esa “Xalq soʻzi” gazetasida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi boʻlim boshligʻi E. Mengliyev imzosi bilan maqola chop etiladi. “Qishloq xoʻjaligi: qarz va masʼuliyat” nomli maqolada bir necha yil Ismoil Joʻrabekov boshqargan, deb koʻriluvchi qishloq xoʻjaligi sohasidagi muammolar “fosh qilingan”. Maqola muallifi Ismoil Joʻrabekovni mansabini suiisteʼmol qilishda, katta miqdorda davlat va jamoatchilik mulkini oʻmarishda ayblaydi. Bosh Prokuratura bundan tashqari Ismoil Joʻrabekov davlat maslahatchisi boʻlib yurgan vaqtda hukumat vakolatlariga kirgan masalalarni oʻzicha yechgani, boshqaruv idoralari faoliyatlariga asossiz aralashgani, noqonuniy buyruqlar bergani va bularning hammasi salbiy oqibatlarga olib kelganini yozgan. Natijada, Bosh prokuratura Ismoil Joʻrabekovga Jinoyat kodeksining 3 moddasi boʻyicha jinoiy ish ochgan.Biroq Joʻrabekovning aybiga toʻliq iqror boʻlgani, uning yoshi va sogʻligʻini inobatga olib Oʻzbekiston Prezidentining Konstitutsiya kuni munosabati bilan chiqargan amnistiya farmoni asosida jinoiy ish toʻxtatilgan.

Koʻp oʻtmay bir nechta sobiq amaldorlar qatori Ismoil Joʻrabekov nomi ham oqlanadi va “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlanadi.

Shundan soʻng Ismoil Joʻrabekov bir necha bor mansab pillapoyalariga yana qaytishga urindi. Masalan, Karimov davrida televideniyeda umuman koʻrinish bermagan sobiq amaldor markaziy telekanal orqali koʻrsatilgan lavhada Jizzaxdagi Sharof Rashidov haykali ochilish marosimida soʻzga chiqib Rashidov va Mirziyovni maqtaydi.

Shuningdek, OAV vakillari bilan tez-tez intervyular tashkillashtiradi. “Xalq soʻzi” gazetasida Prezidentning “Qishloq va suv xoʻjaligida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mazmun mohiyatiga bagʻishlangan “Obihayot — oʻtmishimiz, bugunimiz va kelajagimiz” nomli maqola eʼlon qiladi. 2020-yilning 24-yanvarida esa Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaat yoʻllagan marosimga ham keladi. Ammo uning bu harakatlari qimmatbaho va baland kursisini qaytarishi uchun asos boʻla olmadi.

Rustam Azimov, sobiq moliya vaziri

Karimov davrining uzoq yillik Bosh vazir oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Rustam Azimovni koʻplab xorijiy tahlilchilar Karimovning “siyosiy vorisi” deb bilardi. Chunki, Oʻzbekistonning Birinchi prezidenti yonida tez-tez koʻrinish berib turadigan Azimov hukumatga juda mustahkam oʻrnashib olgan edi. U 1998-yildan 2000-yilgacha, soʻng 2005-yildan 2016-yilgacha moliya vaziri, Bosh vazir oʻrinbosari lavozimida boʻlgan.

2016-yildayoq uning Moliya vazirligidan ketgani haqidagi xabarlar tarqab boʻlgandi. Ammo, Oʻzbekistonning xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan koʻp yillik tajribaga ega muzokarachisi, deb hisoblangan Azimov osonlikcha hukumatdan ketmadi.

Biroq mamlakatda yangi islohotlarni boshlagan Prezident Mirziyoyev tizimiga javob bera oladigan, yangi kuch va katta islohotlarni boshlashga qodir kadrlar kerak edi. Prezident 2017-yilda Moliya vazirligini keskin tanqid qiladi va vazir Rustam Azimovni “hayotdan uzilib qolganlik” va “moliya-kredit tizimini barbod qilish”da aybladi. Shu yilning iyunida R. Azimov ishdan ketadi. U oʻzining koʻp yillik faoliyati davomida Oʻzbekistonda pul-valyuta islohotini amalga oshirishga ishontirib kelgan edi. Biroq xalq bu davrda qanday qiynalganini bilish uchun birgina plastik kartalarni naqdlashtirishdagi muammoni eslashning oʻzi kifoya.

Hozir ham Rustam Azimov rasman «Oʻzbekinvest» eksport-import milliy sugʻurta kompaniyasida bosh direktordir.

Yuqori lavozimga qaytishga umid bogʻlagan shekilli, 2021-yilning 15-oktyabr kuni oradagi uzoq yillik jimlikdan soʻng Rustam Azimov Prezidentning besh yillik islohotlarini taʼriflab Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida maqola eʼlon qilgan.

U oʻz maqolasida Mirziyoyevning 5 yillik islohotlaridan hayratda ekanini bildirgan. “...mamlakatimiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida keyingi 5 yilda boʻlgan oʻzgarishlarni oʻylaganda odam hayratda qoladi», deb yozadi Rustam Azimov.

 

Elyor Gʻaniyev, sobiq bosh vazir oʻrinbosari

2012 — 2017-yillarda, besh yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri, 2017-yil noyabridan Prezident devonida sektor boshligʻi, 2018-yil avgustidan — Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari boʻlgan.

Keyinroq unga yana masʼuliyatli vazifa beriladi. 2019-yilning yanvaridan 2020-yilning yanvarigacha Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, 2020-yilning fevralidan Ochilboy Ramatov oʻrniga Transport vaziri lavozimida ishlagan. 2021-yildan jamoatchilik nigohidan panada boʻlgan Elyor Gʻaniyevning boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimini tark etayotgani sabab sifatida koʻrsatilgan. Biroq aynan qaysi ishga oʻtayotgani aniq aytilmagan. Spot.uz nashrining yozishicha, Elyor Gʻaniyev hozirda “AG Mentors Group” kompaniyasini tashkil qilgan va ushbu kompaniya yaqinda Fantom Foundation bilan Oʻzbekistonda blokcheynni joriy etish boʻyicha hamkorlik qiladi.

Vazir boʻlsada oʻzbek tilida muzokara olib borishni xushlamagan, Oʻzbekistondagi eng katta oligarxlardan boʻlgan Gʻaniyevning boyliklari haqida juda kam yozilgan, yozilganlari ham bloklangan.

Botir Parpiyev, sobiq Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari

Oʻzbek siyosatidagi katta “boʻri”lardan hisoblangan Botir Parpiyev 1946-yil 23-dekabrda Andijon shahrida militsioner oilasi tugʻilgan. Uning otasi Raxmat Parpiyev militsiya general-mayori unvoni olgan va Andijon viloyati IIBB boshligʻi lavozimigacha ishlagan.

Uning boshlangʻich yillardagi ish faoliyati haqida ochiq maʼlumotlar kam — faqat 1978-yilda Toshkentdagi SSSR IIV bosh maktabini (hozirgi IIV akademiyasi) tamomlagani toʻgʻrisida maʼlumot mavjud.

Sobiq Ittifoq davrining soʻngi yillarida Parpiyev ilk katta lavozimga oʻtadi — 1989-yilda Asaka tumani ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlanadi. 1992-yilda esa viloyat ichki ishlar boshqarmasiga rahbar boʻlib tayinlanadi.

1996-yilda Botir Parpiyev bevosita IIVning markaziy apparatiga oʻtadi va IIV Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlanadi.

1998-yilda Parpiyev ichki ishlar vazir oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi va 2002-yil iyun oyigacha ushbu lavozimni egallaydi.

2002-yil iyun — Botir Parpiyevning Ichki ishlar vazirligida soʻngi oyi boʻladi.

Avval u favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlanadi, ushbu lavozimda yarim yil boʻladi. 2003-yilda esa Davlat bojxona qoʻmitasi raisi lavozimiga oʻtadi.

2003-yilning oʻzida bojxona xizmati general-leytenanti unvonini oladi.

Keyingi yilda Parpiyev yana boshqa lavozimga oʻtkaziladi — u Davlat soliq qoʻmitasi raisi lavozimiga tayinlanadi.

2017-yil yakunida bir qator OAVlar yaqinda 71 yoshini qarshi olishidan avval Parpiyev isteʼfoga chiqishga ariza berganligi haqida xabar qilishdi. General oʻz qarorini sogʻligʻi yomonlashdi, deb tushuntirdi.

2018-yil 11-may kuni bojxona xizmati general-leytenanti, Davlat soliq qoʻmitasi raisi Botir Parpiyev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Toʻngʻich oʻgʻli Dilmurod — otasi yoʻlidan borib, militsiya xodimi boʻladi. Asaka tumani ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimigacha boradi. 2016-yilda esa "GM Uzbekistan ishi» boʻyicha hibsga olinadi. Oʻsha vaqtda Oʻzbekiston MXX korrupsiya va firibgarlikda gumon qilingan oʻnlab kishilarni, xususan, GM Uzbekistan bosh direktori Toxirjon Jalilov, uning oʻrinbosari, oddiy xodimlar va organ xodimlarini qoʻlga oladi.

Kenja oʻgʻli Dilshod Parpiyev diplomat sifatida ishlashga qaror qilib, 2017-yil dekabr oyida vazirlikning konsullik boshqarmasiga rahbar boʻladi (bunga qadar Singapurda elchixonada maslahatchi boʻlib ishlaydi).

Yana bir farzandi Bobur Parpiyev 2016-yil fevralda Orient Finans Bank rahbar boʻladi. 2000-yillarda u ilm-fan bilan shugʻullanganligi maʼlum. Bobur Parpiyev Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya univertiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. Iqtisodiyot boʻyicha nomzodlikni himoya qilgan. Bankda ish faoliyati bilan birga doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib borgan.

Yaqindagina Oʻzbekiston hukumati oʻzining eng keksa amaldorlardan biri Botir Parpiyev bilan xayrlashdi.

Dastavval, qayta tashkil etilgan Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri etib Prezident maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov tayinlangani xabar qilindi. Keyin esa Xudeybergenovga uchta oʻrinbosar tayinlanib, ularning orasida shu davrgacha Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Botir Parpiyev yoʻqligi aniq boʻldi.

 

Kozim Toʻlaganov, sobiq Toshkent hokimi, Qurilish vaziri oʻrinbosari.

Kozim Toʻlaganov 1997 — 2001-yillarda Toshkent shahar hokimi, keyinroq bosh vazir oʻrinbosari va Toshkent viloyati hokimi (2005-yilgacha) sifatida ishlagandi. Boshqalardan farqli oʻlaroq Kozim Toʻlaganovning hukumatdan chetlatilish ssenariysi boshqacha tuzilgan edi. U Karimov davrining oʻzidayoq yana bir qancha rahbarlar qatori turli jinoyatlarda ayblangan va ularga nisbatan turli choralar koʻrilgan edi. Biroq mamlakatning yangi rahbari Mirziyoyev davrida Toʻlaganov va yana bir qator hukumatda ishlagan amaldorlarni oqlanadi va ayrimlari ish faoliyatiga qaytadi. Toʻlaganovning qurilish sohasidagi ulkan tajribasini inobatga olib, hukumat tarkibiga qaytarildi.

Kozim Toʻlaganov 2017-yildayoq Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining Loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan Davlat nazorati bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlanadi. 2017-yildan esa Qurilish vaziri oʻrinbosari sifatida ish boshlaydi. Ammo 2021-yilda lavozimdan ozod etiladi. Bunga Prezidentning 2021-yil 3-apreldagi PQ-5053 sonli qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-maydan boshlab “Qurilish vazirining oʻrinbosari – Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshligʻi” lavozimi tugatilib, “Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshligʻi” lavozimi joriy etilgani sabab boʻlgan. Shavkat Mirziëyev Toʻlaganov zimmasiga poytaxtni rivojlantirish dasturi ustidan nazorat etish vazifasini topshirgan. Kozim Toʻlaganov bugungi kunda Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshligʻi lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda.

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
34
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
21.04.2022 03:43
Хаммасини мол-мулкини декларциядан утказиш керак. Бойликларни каердан олганлигини асослаб беришни талаб килиш керак. Иш заки билан шунча бойлик ортириб булармикан.
18.04.2022 21:53
Хаммаси хам етарлича халкни пулини у́злаштириб бойлик орттирган .. Нарги дунёда жавобини беришади албатта
16.04.2022 18:42
Бу бури-амалдорлар амал курсисини осонликча бушатмайди, факатгина улим ажратиши мумкин буларни амалидан. Мансабидан ажраган куни улади, бир умр хукуматни энг зур имтиёзларидан фойдаланиб шунга урганиб колган булар @