Insoniyatning xavfsizligini ta`minlash, qirg`inbarot urushlarning oldini olish va tinch-totuvlikda yashashni maqsad qilgan holda xalqaro jamjamiyat qator xalqaro hujjatlarni qabul qilishga harakat qilib keldi. Shunday hujjatlardan biri – “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to`g`risida”gi xalqaro konvensiya bo`lib, u 1965 yil 21 dekabrda qabul qilindi va 1969 yil 4 yanvarda kuchga kiritildi. Mazkur hujjatning qabul qilinganiga bu yil 60 yil to`ladi.
Konvensiyaga 182 davlat a`zo hisoblanadi, jumladan O`zbekiston ham uning a`zosi bo`lib, hujjat respublikamizda 1995 yil 28 oktyabrdan kuchga kirdi. Ushbu konvensiyaning maqsadi irqi, teri rangi, nasab, milliy yoki etnik kelib chiqishga asoslangan har qanday kamsitishni bartaraf etish, millatlararo tenglik va bag`rikenglikni mustahkamlashdan iborat.
Konvensiya 25 moddadan iborat bo`lib, unda irqiy kamsitishning ta`rifi, irqiy kamsitishga barham berish bo`yicha davlatlarning umumiy majburiyatlari, irqiy kamsitishlarsiz amalga oshirilishi shart bo`lgan huquqlarning yaxlit ro`yxati, irqiy kamsitishlardan himoya qilishni ta`minlash bo`yicha sudga murojaat qilish va zararni qoplash, irqiy kamsitishlarni oldini olish bo`yicha ta`lim-tarbiya ishlarini olib borish kabi asosiy normalar belgilangan. Mazkur konvensiya bir vaqtning o`zida diniy bag`rikenglik g`oyalarini ham qamrab olgan.
Hozirgi kunda dunyoda 1600 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Har bir millat vakillari turli diniy e`tiqodga amal qiladi. Markaziy Osiyo ham xilma-xil din, madaniyat va turmush tarzi tutashgan makon. Yurtimiz turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega bo`lgan, xilma-xil dinlarga e`tiqod qiluvchi xalqlar yashab kelayotgan o`lkadir. Respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. 16 ta diniy konfessiya vakillari ham millatlararo totuvlik, bag`rikenglikda yashab kelmoqda.
Ma`lumki, bag`rikenglik – inson huquqlarini qaror toptirish, demokratiya va huquq tantanasi uchun ko`maklashishga yordam beruvchi majburiyatdir. Bag`rikenglik – aqidaparastlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy hujjatlarda o`rnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir.
O`zbekistonning mazkur sohadagi harakatlari xalqaro maydonda ham e`tirof etilmoqda. Xususan, O`zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tarixiy nutqi o`z mazmun-mohiyati va xalqaro hamjamiyat uchun ahamiyati jihatidan aksariyat davlatlarning e`tiborini tortdi.
BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashining din va e`tiqod erkinligi masalasi bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Ahmad Shahid ham 2017 yil oktyabr oyida Toshkentga tashrifi doirasida O`zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoev bilan bo`lib o`tgan uchrashuv chog`ida BMTning ma`rifat va diniy bag`rikenglikni mustahkamlashga bag`ishlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish to`g`risidagi taklifni to`liq qo`llab-quvvatlashini ta`kidlab o`tgan edi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi o`zining nutqida O`zbekistondagi islohotlar, inson huquqlari, demokratiya, yoshlar masalasi, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, kabi qator global muammolar bilan bir qatorda diniy bag`rikenglikni mustahkamlash masalasiga ham alohida to`xtalib, bu borada BMT Bosh Assambleyasining «Ma`rifat va diniy bag`rikenglik» maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu tashabbus BMTga a`zo 193 ta mamlakatlar tomonidan qo`llab-quvvatlandi va 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig`ilishida “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” rezolyusiyasi yakdillik bilan qabul qilindi.
O`zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyusiyada ko`proq ma`rifatparvarlik g`oyalari ilgari surilib, jahonda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yo`lida sog`lom kuchlarni birlashtirishning, o`zaro hurmat, inson huquqlari, murosa va o`zaro anglashuvning muhimligi e`tirof etilgan.
Rezolyusiyada madaniyatlar va dinlararo munosabatlardagi uyg`unlikni rag`batlantirish hamda shaxslarni din va e`tiqodlariga qarab kamsitilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy, milliy tashabbuslar qo`llab-quvvatlanadi.
Hozirgi davrda ayrim mintaqalarda davom etayotgan din va e`tiqod borasida diskriminasiya, tahqirlash hamda zo`ravonlik, insonlarni dini va e`tiqodi sababli doimiy ta`qib qilayotganligidan jiddiy xavotir va tashvish bayon etilgan.
Xulosa qilib aytganda, irqiy kamsitishga barham berish avvalo, bag`rikenglikni talab etadi. Bag`rikeng jamiyat barqaror rivojlanish yo`lida harakat qiladi. Xalqimiz o`z yo`lini tanlagan va bu yo`lda sobitqadamlik bilan harakat qiladi.
Zafar Amirov,
Odil sudlov akademiyasi professori,
yuridik fanlar doktori