“Yangiyo`l – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi “Biznesni rivojlantirish banki” bilan hamkorlikda Italiyaga 36 tonna pomidor qoqisini eksport qildi.

O`zbekiston qishloq xo`jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo`lida navbatdagi yirik natijaga erishildi. Tayyorlangan 36 tonna pomidor qoqisi muvaffaqiyatli tarzda Italiya Respublikasiga eksport qilindi.

Bu loyiha joriy yilning mart oyida Italiyaning “Areafredda” kompaniyasi bilan tuzilgan 200 tonnali eksport shartnomasi asosida amalga oshirildi. Mazkur hamkorlik nafaqat mahsulot etkazib berish, balki ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirishni ham nazarda tutadi.

Evropa standartlariga mos ishlab chiqarishni ta`minlash maqsadida kelishuv doirasida italiyalik agronom-mutaxassislar pomidor ekish, parvarishlash va quritish jarayonlariga jalb qilindi. “Yangiyo`l – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi hamda mahalliy er egalari o`rtasida tuzilgan shartnomalar asosida “Max Rio” navli pomidor urug`lari etkazib berildi.

Italiyalik hamkorlar bevosita jarayonlarda ishtirok etib, fermerlarga agrotexnika tadbirlarini samarali olib borish bo`yicha zamonaviy ilmlarga asoslangan tavsiyalar berib borishdi.
Natijada 623 tonna pomidor etishtirilib, qayta ishlash orqali eksportbop mahsulot tayyorlandi. Jarayon davomida 300 nafar fuqaro mavsumiy ish o`rinlari bilan ta`minlandi.
Ish samaradorligi va sifat ko`rsatkichlari yuqori bo`lgani sababli, 2026 yilda 2 ming tonna pomidor qoqisini eksport qilish bo`yicha yangi kelishuvga ham erishildi.

“Yangiyo`l – Agro Star” kompaniyasi tomonidan “Biznesni rivojlantirish banki” bilan hamkorlikda namunaviy tarzda tashkil etilgan qoqi quritish plantasiyalari kelgusi yilda Qashqadaryo, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida yo`lga qo`yilishi rejalashtirilgan.
Bu nafaqat yangi ish o`rinlarini yaratadi, balki pomidor etishtiruvchi fermerlar uchun barqaror bozor tizimini ham shakllantiradi.
