2026 yil 1 yanvardan boshlab O`zbekistonda davlat ijtimoiy sug`urtasining yangi tizimi amaliyotga joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning 2025 yil 3 noyabrdagi PF–206-sonli farmonida belgilab qo`yilgan.
Tizim fuqarolarni turli ijtimoiy ishsizlik, nogironlik, homiladorlik kabi holatlarda davlat tomonidan himoya qilishga qaratiladi.
Fuqarolar davlat ijtimoiy sug`urtasi bilan ikki xil asosda qamrab olinishi ko`zda tutilgan. Bular:
Majburiy asosda:
O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga oid tashkilotlar xodimlari uchun belgilangan miqdorda sug`urta to`lovlari amalga oshiriladi
Bu to`lovlar ularning oylik daromadidan belgilangan miqdorda hisoblanadi.
Ixtiyoriy asosda:
Har bir fuqaro mehnati uchun oladigan haqning eng kamidagi 5 foizi miqdoridagi sug`urta badalini har oy to`lab borishi mumkin. Bu orqali shaxs sug`urta tizimiga ixtiyoriy ravishda qo`shilib, keyinchalik nafaqa va to`lovlar olish huquqiga ega bo`ladi.
Fuqarolarning davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha to`lovlari ularning sug`urta staji (ish tajribasi) va to`langan sug`urta badallariga mutanosib ravishda hisoblanadi. Bu hisob-kitoblarni Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Davlat ijtimoiy sug`urta jamg`armasi amalga oshirishi belgilangan.
Sug`urta staji va to`lovlar haqidagi barcha ma`lumotlar raqamli platforma orqali yuritiladi. Barcha jarayonlar raqamli tizim orqali amalga oshiriladi.
Davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha hisobot va to`lov jarayonlari “Raqamli hukumat” integrasiya platformasi orqali olib boriladi. Bu tizim fuqarolarga sug`urta ma`lumotlarini onlayn tarzda ko`rish va nazorat qilish imkonini yaratadi.
Shunday qilib, 2026 yildan boshlab Davlat ijtimoiy sug`urtasi orqali Yangi nafaqa turlari joriy etiladi. Ya`ni:
- 2026 yil 1 yanvardan — homiladorlik va tug`ish nafaqasi;
- 2026 yil 1 iyuldan — vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi;
- 2030 yil 1 yanvardan — fuqarolar murojaati asosida ishdan bo`shatish nafaqasi joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvarga qadar Pensiya jamg`armasiga to`langan barcha sug`urta badallari, yagona ijtimoiy to`lovlar va ijtimoiy soliqlar ham sug`urta staji sifatida inobatga olinadi. Ya`ni, avvalgi yillarda amalga oshirilgan barcha to`lovlar ham yangi tizimda to`liq hisobga olinadi.