Iqtisodiyot bo`yicha Nobel mukofoti sovrindori Klaudiya Goldin tug`ilishning global pasayishini tushuntiruvchi tadqiqotini taqdim etdi. Tug`ilish pasayishining asosiy omili ayollar mustaqilligining oshishi bo`ldi - ta`lim olish, martaba imkoniyatlari va tug`ilishni nazorat qilish orqali. Shu bilan birga, iqtisodiy o`sish va tug`ilishning pasayishi o`rtasidagi an`anaviy bog`liqlik o`zgardi: Shvesiya va AQSh kabi ba`zi boy mamlakatlarda tug`ilish Gresiya va Janubiy Koreyaga qaraganda yuqoriroq.
Dunyo mamlakatlarining yarmidan ko`pida tug`ilish koeffisienti aholining tiklanish darajasi 2,1 dan past. Bu davlatlarda dunyo aholisining qariyb uchdan ikki qismi istiqomat qiladi, shu jumladan, sayyoramizning aholi eng zich joylashgan ikki mamlakati.
Goldinning ta`kidlashicha, muammo uy vazifalarini taqsimlashda erkaklar va ayollarning xohish-istaklari o`rtasidagi nomuvofiqlik tufayli yanada kuchayadi.
Erkaklar ko`pincha rollarning an`anaviy taqsimlanishini saqlab qolishga intiladi, ayollar esa bolalarga g`amxo`rlikni baham ko`rishga tayyor sheriklarga muhtoj bo`ladi. Ayniqsa, bu muammo Ikkinchi jahon urushidan keyin jadal iqtisodiy o`sishni boshidan kechirgan mamlakatlar - Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya, Gresiya va Portugaliyada yaqqol namoyon bo`ldi.
Bu davlatlarda ayollar uy yumushlari va bola parvarishiga erkaklarga nisbatan kuniga 3-3,1 soat ko`proq vaqt sarflaydi va dunyodagi eng past tug`ilish ko`rsatkichlaridan biriga ega. Taqqoslash uchun: Shvesiya va Daniyada bu farq bir soatdan kamroq, tug`ilish esa yuqoriroq.
Tadqiqot, shuningdek, AQShda oliy ma`lumotli ayollar orasida tug`ishning pasayishi 1970 yillardayoq boshlanganini aniqladi. 1950 yilda tug`ilganlar uchun universitet diplomiga ega bo`lgan har bir ayolga to`g`ri keladigan bolalar soni 1,64 gacha kamaydi.
Goldin xulosasiga ko`ra, tug`ilishning past darajasi «tarkibiy to`siqlar» - er-xotinlar o`rtasidagi majburiyatlar bilan bog`liq muammolar va bolalarni parvarish qilish bo`yicha davlat tomonidan ishonchli kafolatlarning yo`qligi bilan bog`liq.
Etarli darajada qo`llab-quvvatlash kafolatlari bo`lmasa, ayollarning mustaqillik darajasi oshishi tug`ilishning pasayishiga olib keladi, ammo bunday kafolatlar mavjud bo`lsa, u tug`ilishning o`sishiga hissa qo`shishi, shu bilan birga ayollarning mehnat bozoridagi samaradorligini oshirishi va oilalar ichida adolatliroq munosabatlarni yaratishi mumkin.