O`zbekistonda nosvoy haligacha erkin sotuvda va tamaki mahsulotini cheklash to`g`risidagi qonun kechikmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O`zbekiston nosvoy iste`mol qilish bo`yicha birinchi o`rinda turadi. Shifokor mutaxassis nosvoy tarkibida go`ng, ohak kabi iste`mol uchun zararli mahsulotlar mavjudligini aytmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkiliy-uslubiy bo`lim mudiri Olim Imomovning aytishicha, nosvoy tarkibida go`ng mavjud va uning tarkibidagi zararli moddalar ko`p hollarda saraton kasalligini chaqirish mumkin.
«Nosvoy tarkibida birinchi navbatda tamaki o`simligi bo`ladi. Tamaki o`simligini so`rilishini yaxshilash maqsadida qurilish materiali ohak qo`shiladi. Bundan tashqari moylar qo`shiladi va hayvonlarning go`ngini qo`shadi degan gaplar bor, yog`lash maqsadida. Hidini yaxshilash uchun esa har xil tut barglari va boshqa barglar qo`shiladi. Shu narsalarni aralashtirib, antisanitariya sharoitida tayyorlanib, sotiladi. Nosning ikki xil ta`siri bor, mahalliy va umumiy. Birinchidan og`iz bo`shlig`iga ta`siri - yallig`lanish, stomatit keltirib chiqaradi. Ichga infeksiya tushishi mumkin. Nos chekuvchidan turli hidlar keladi va doimiy ta`sirlanish natijasida og`iz bo`shlig`i saratoniga olib keladi», deydi mutaxassis Olim Imomov.
2020 yil oxirida Sog`liqni saqlash vazirligi nosvoy tayyorlash va sotishni taqiqlashni taklifini kiritgan. Bu haqida Rost24.uz sayti bir qator materiallar e`lon qilgan edi.
Sog`liqni saqlash vazirligi 2014 yilda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda yuqumli bo`lmagan kasalliklarning xavf omillarini o`rganilganda quyidagilar aniqlangan: O`zbekiston aholisining 12 foizi, erkaklarning 23,2 foizi, ya`ni har to`rttadan bittasi, ayollarning 0,2 foizi nosvoy iste`mol qiladi. Tamaki iste`molchilarining 90 esa foizi nosvoy iste`mol qiladi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisi o`rtasida nosvoy iste`mol qilish ko`rsatkichining eng yuqorisidir: Qirg`izistonda – 5,2 foiz, Qozog`istonda – 1,3 foiz, Turkmanistonda – 1,4 foiz. Bu holat esa aholi salomatligiga jiddiy ziyon keltirib, o`lim holatigacha olib kelmoqda.
Ammo, shunga qaramay hukumat vakillari nos aylanmasini cheklamadi.
2021 yil yoz oyida SSV mutaxassisi Shuhrat Shukurovning ma`lum qilganidek, O`zbekiston aholisi orasida 2 milliondan ortiq nosvoy chekuvchilarning borligi sababli ushbu tamaki mahsulotini cheklash salbiy oqibatlarga olib kelishidan xavotir olishgan. Hamda nosvoy sotuvi cheklanuvchi qonun ishlab chiqarilmadi. Mutaxassis bu mahsulotning cheklanishidan emas, balki iste`molidan ko`proq qo`rqish kerakligini ta`kidlab o`tgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova nosvoyni cheklashga shoshilmasligimiz kerak deya o`z fikrlarini aytib o`tgan edi.
«Nosvoyni taqiqlashimiz kerak, lekin nosvoyni taqiqlash jamiyatda juda katta norozilikni tug`diradi. Lekin biz nosvoy tayyorlash, uning realizatsiyasini tartibga solmasak, bu narsa to`xtab qolmaydi. Real hayotda qarashimiz kerakku. Nosvoy hozir katta miqdorda iste`molda turibdi, bu fakt», - deya fikrlarini aytib o`tgan Maqsuda Vorisova.
Mavzu yuzasidan e`lon qilingan materiallar:
O`zbekiston jurnalistlari 30 yilda ilk bor tamakini cheklash masalasida birlashdi
Alkogol va tamaki nazoratini qayta ko`rib chiqish bo`yicha asosiy vazifalar belgilandi
Sog`liqni saqlash vazirligi nosvoy tayyorlash va sotishni taqiqlashni taklif etmoqda
Yangi vazir Behzod Musaev binolar ichida chekishni taqiqlay oladimi?
Maqsuda Vorisova: nosvoyni cheklashga shoshilmasligimiz kerak