Ichki ishlar xodimlari tomonidan tirik olib ketilgan, ammo jasadi kelayotgan vaziyatlarga nisbatan Ombudsman chora ko`rmoqdami?
Bir yildan oshiq vaqt o`tdiki, Ichki ichlar organlari xodimlari olib ketgan, ammo oradan vaqt o`tib o`ligi qaytib kelayotgan xabarlar e`lon qilindi. Rost24.uz saytida ham bunday xabarlar bir necha bor e`lon berilib, mutasaddilardan munosabat so`ralgan edi. 2021 yil 10 iyulida Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Oqtom mahallasida yashagan Hasan Xushmatovni ichki ishlar xodimlari majburlab idoraga olib ketib, vahshiylarcha qiynab o`ldirgani haqida xabarlar e`lon qilingan edi. Shu yil 15 fevralda saytimizda ikkinchi bor “Ichki ishlar xodimi tomonidan olib ketilgan fuqaroning 4 soat o`tar-o`tmay jasadi keldi” nomli material ham e`lon qilingan edi. Bu misollar e`lon qilingani, saytimizda e`lon qilinmay sodir bo`lgan vaziyatlar qancha.
Bunday vaziyatlarga nisbatan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G`iyosov “IIB xodimlari tomonidan o`ldirilgan fuqarolar tayini yo`q, “g`irt xudo urgan” odamlar edi” deya munosabat bildirgan edi.
Bunday vaziyatlarga nisbatan faqatgina Ichki ishlar organlari emas, insonlar huquqini muhofaza qiluvchi organlar ham e`tibor qaratishi zarur. Chunki inson huquqlari qonun bilan kafolatlab qo`yilgan.
Aynan shu savollar bilan Ombudsman – Inson huquqlari bo`yicha vakiliga yuzlandik.
Ichki ishlar xodimlari tomonidan bir nechta fuqarolar qo`lga olgandan bir necha soat yoki sutka ichida vafot etgan vaziyatlar bir necha bor kuzatildi. Huquqiy-demokratik davlatlarda bunday vaziyatlar jiddiy nazoratga olinadi. Bizda esa bunday holatlar takror-takror ro`y berdi. Bunga Ombudsmandagilar nima deydi, shunday vaziyatlarni o`rganish boshlanganmi?
Ombudsman kotibiyati mudiri Saidbek Azimov yuqoridagi savolga quyidagicha javob berdi:
“O`rganish albatta bo`ladi, busiz iloj yo`q. Chunki to`g`ridan to`g`ri fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi sababli Ombudsman ham buni e`tiborsiz qoldirmagan. Shu narsani ta`kidlab o`tish kerak, farqlab olish uchun aytmoqchiman, jazoni ijro etish tizimini 100 foiz qamrab oladigan bo`lsak, u erdagi jismoniy qiynoq bo`ladimi, ruhiy tazyiq bo`ladimi, bu masalalar yopilgan hozirgi kunda. Chunki jazoni ijro etish departamenti hozirgi kunda shu masalada juda katta ishlarni olib bormoqda. Kuni kecha ham jamoatchilik vakillari bilan birgalikda monitoring o`tkazildi. Kelgusida ommaviy axborot vositalari bilan ham amalga oshiriladi. O`tgan yili ham bu sodir bo`lgan edi. Bu erda masala yo`q. Jazoni ijro etish departamenti ayniqsa, mahkumlar bilan bog`liq masalalarni muntazam ravishda bizdan tashqari prokuror ham o`zini nazoratini olib boradi. Siz ko`targan masala fuqaroni ushlash bilan, tergov jarayonlari bilan bog`liq bo`lgan masala tashvishli, albatta. Bu bo`yicha o`z taklif va munosabatlarimizni bildirganmiz. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, hozirgi olib borilayotgan islohotlar shuni isbotlayaptiki, Ichki ishlar vazirligi o`zi birinchi munosabat bildiryapti. Sog`lig`ida bo`lgan muammoga Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati o`zi munosabatni bildiryapti. O`tgan yilgi Oliy suddan olingan ma`lumotga ko`ra, 235-modda bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan huquqni muhofaza qiluvchi organ idora vakillari bor. 18 nafar vakilga jinoyat ishlari ochiladi”.
Ichki ishlar o`z organidagi xodimlariga yon bosishi mumkinku. Ularning munosabatlaridan qoniqish kerakmi?
“Biz buni o`rganganmiz. O`rganish jarayonini albatta keyinchalik OAVda e`lon qilinadi. Chunki birinchilardan bo`lib fuqarolarimiz, ya`ni OAV bu vaziyatni bilishi kerak. Bu Ombudsman nazoratida, o`rganilyapti. Aytib o`tilgan masalalar bo`yicha Ombudsman Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga o`z murojaatini yo`llagan. Tekshiruv ishlari dastlabki o`zining xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi amalga oshirilmoqda. Bizga ma`lumot berilgandan OAVga buni e`lon qilamiz”, deya so`zini yakunladi Saidbek Azimov.
Ommaviy axborot vositalari, biz, Ombudsman tomonidan e`lon qilinadigan ma`lumotlarni kutib qolamiz.
Mavzuga oid e`lon qilingan materiallar:
IIBning inspektor yordamchilari tomonidan fuqaro urib o`ldirildi
IIV: IIB xodimlari tomonidan o`ldirilgan fuqarolar tayini yo`q, “g`irt xudo urgan” odamlar edi
Ichki ishlar xodimi tomonidan olib ketilgan fuqaroning 4 soat o`tar-o`tmay jasadi keldi
IIV RADDIYaSI: O`LIMGA IIB XODIMI SABABChI EMAS, MARHUM BEMOR MAST BO`LGAN