Namanganda 1-sinf o`quvchilarini izza qilgan o`qituvchi ishdan olingani xabar qilingandi. U ishga qayta tiklanadimi?
150 ming nafar o`quvchi bugun maktablarning ichki profilaktik ro`yxatida turadi. Ular huquqbuzarlarmi? Bu va boshqa savollarga Xalq ta`limi vazirligida o`tgan matbuot anjumanida javob berildi.
Yaqinda Namangandagi maktablarning birida o`qituvchi dars tayyorlamay kelgan bir nechta o`quvchilarni butun sinfda «uyat, uyat» so`zlarini ayttirib sazoyi qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Xalq ta`limi vazirligi bergan tezkor munosabatda o`qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani aytilgan edi. Xalq ta`limi vazirligi vakillari tomonidan berilgan ma`lumotga qaraganda, uning masalasi qayta ko`rilyapti. Pedagog ota-onalar talabi bilan o`qituvchi o`z ishiga qayta tiklanishi mumkin.
Xalq ta`limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning so`zlariga qaraganda, «hozir o`qituvchi davolanish ta`tilida. Ota-onalar taklifi bilan ustozni o`z sinfida qoldirish masalasi ko`rib chiqilyapti».
Agar o`quvchi uy vazifalarini bajarmasa, o`zini yomon tutsa, atrofdagilarni hurmat qilmasa o`qituvchi nima qilishi mumkin?
O`quvchini urish, stul ko`targizib qo`yish yoki darsdan chiqarib yuborish o`tmishda qolgan. Ya`ni, bu qonunan ta`qiqlangan.
Bunday vaziyatda o`qituvchi nima qila oladi?
O`qituvchilarni qiynab kelayotgan mazkur savolga Xalq ta`limi vazirligida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida vazirlikning ma`naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig`i Akbar Tagaev javob berdi.
Shaxs voyaga etguniga qadar uning xatti-harakatlari uchun ota-onalar yoki uning o`rnini bosuvchi shaxslar javobgar hisoblanadi. O`quvchiga nisbatan jazo chorasini qo`llash bu qonunan mumkin emas. O`quvchi darsga kelmasa, vazifa bajarmasa-yu, uning muhokamasiga o`qituvchi vaqt bag`ishlasa, 45 daqiqa shu bilan o`tib ketadi, bu esa dars sifatiga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qiladi. Ana shunday sharoitda ularning masalasini dars jarayonida muhokama qilish shart emas. Odob-axloq qoidalarida yozib qo`yilgan. Birinchi navbatda kundaligiga yozib qo`yiladi, yoki sinf rahbariga murojaat qilinib, ota-onasiga etkaziladi. Mana hozir Kundalik.com ishlayapti, unda ham ota-onasiga tanbeh yozib qo`yish mumkin. Agar bu qadam o`zini oqlamasa, sinf rahbari orqali o`quvchining ota-onasi maktabga chaqiriladi, maktab rahbariyati, ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari, maktab psixologi, sinf rahbari, fan o`qituvchisi masalani muhokama qilishadi. Shunda ham ta`sir qilmasa, keyingi bosqichda oila-mahalla-ta`lim muassasasi jamoatchilik kengashi bor. Maktab direktori shu jamoatchilik kengashi direktori hisoblanadi. Mahalliy o`z-o`zini boshqarish organlari vakillari, Ichki ishlar organlari, psixolog mahalliy hokimiyatdan vakillar jamoatchilik kengashi a`zolari hisoblanadi. Mana shu jamoatchilik kengashi a`zolari qarori bilan o`quvchini maktabning ichki profilaktik ro`yxatiga qo`yiladi. Va bu ro`yxatda uzog`i bilan 6 oy turish mumkin. Agar shunda ham bola o`zgarmasa maktabning so`rovi bilan o`quvchini Ichki ishlarning profilaktik ro`yxatiga qo`yiladi. Bizning ta`sir choramiz shu. Bolaning ustidan qat`iy nazorat o`rnatiladi. Unda ham ta`sir qilmaydigan bo`lsa ota-onalik huquqidan mahrum qilishgacha boriladi. Chunki ular o`z vazifalarini to`liq bajarmagan hisoblanadi, deydi Akbar Tagaev .
Uning ta`kidlashicha, yanvar oyi holatiga ko`ra respublikada 10 ming 134 ta umumta`lim maktablaridan 150 mingdan ortiq o`quvchilar maktabning ichki profilaktik ro`yxatiga kiritilgan. Ammo ularning hammasi ham huquqbuzarlik sodir qilmagan. Ularning orasida shunday kontingent borki, ular tartibbuzarlik qilishga moyilligi bor o`quvchilardir.