Prezident Namanganda yangi aeroport terminali va gazoblok zavodi bilan tanishdi

16.09.2025 21:02

Prezident Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatiga tashrifi davomida yo`lovchi va yuk tashish infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, sanoat sohasidagi yangi loyihalar bilan tanishdi.

Aeroport hududida 140 million dollarlik investisiya hisobiga yangi terminallar qurilmoqda. 3 qavatli yo`lovchi terminali ishga tushishi bilan xizmat ko`rsatish quvvati 2,5 barobarga oshishi, chegara nazorati, viza xizmati, biznes zali, savdo va ovqatlanish nuqtalari, tibbiyot xonasi hamda Duty free do`konlari orqali yo`lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilishi kutilmoqda. Yangi imkoniyatlar millionlab sayyohni qabul qilishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, qurilayotgan yuk terminali vodiyda yagona kargo tizimini shakllantirib, kuniga 50 tonna yukni qayta ishlash va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Bu mahalliy tadbirkorlar uchun jahon bozorlariga ishonchli yo`l ochadi hamda minglab yangi ish o`rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Tashrif doirasida davlat rahbari Chust tumanidagi “Megaton” korxonasida ham bo`ldi. Germaniya, Xitoy va Daniya texnologiyalari asosida qurilgan zavod yiliga 600 ming kub metr gazoblok ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu mahsulotlar energiya tejamkorligi bilan ajralib, elektr energiyasi xarajatlarini 45 foizgacha kamaytiradi. Korxona 500 nafar ishchi bilan faoliyat yuritmoqda.

Yangi Namangan tumanida esa “Taraqqiyot” sanoat va servis zonasi tashkil etildi. Bu erda 113 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 4 800 ta yangi ish o`rni yaratilgan. Zamonaviy infratuzilma, kasb-hunarga o`qitish imkoniyatlari va kooperasiya asosidagi hamkorlik aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Prezident avtomobillarga xizmat ko`rsatuvchi markazlar va mahalliy mebellar ko`rgazmasi bilan ham tanishdi. Tadbirkorlar va ustalar bilan muloqot chog`ida hududdagi ishbilarmonlik muhiti va imkoniyatlar muhokama qilindi.

Namanganda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma va sanoat loyihalari hududning iqtisodiy, turistik va investisiyaviy salohiyatini yanada oshirishi, eng muhimi, aholi uchun zamonaviy ish va yashash sharoitlarini yaratishi kutilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар