Jozibali reklamalar, “bepul” aksiyalar va arzon savdo mollari, bularning barchasi odamlarni o`ziga tortadigan jozibador kuchga ega. Ammo so`nggi paytlarda bunday aksiyalarning oqibati haqida jiddiy bosh qotirishga to`g`ri kelmoqda. Negaki, tekin tovar ortidan yuzaga kelayotgan tartibsizliklar nafaqat tartib-intizomga putur etkazmoqda, balki insonlarning xavfsizligiga ham jiddiy tahdid solmoqda. Bu o`rinda insonlardagi ichki madaniyat tuyg`usi alohida urg`u beriladigan nuqta. Nahotki, bir dona arzon yoki tekin buyum uchun biz o`zimizni sharmanda qilishga ham qodirmiz?
Bu kabi holatlarga tarmoqlarda tarqalgan bir necha misollarni keltirib o`tsak. 2024 yil 6 yanvarda Toshkentning Yunusobod tumanidagi savdo do`konida 300 dona qishki paltoning bepul tarqatilishi katta tartibsizlikka olib kelgan. Aholining ommaviy to`planishi oqibatida do`kon rahbari va ishchilari javobgarlikka tortilgan.
Yana bir misol sifatida 2024 yil 1 iyunda "Ashxobod" bog`ida 20 mingta bepul o`yinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqidagi reklamani aytish o`rinli bo`ladi. Oqibatda bog` hududida odamlar ommaviy to`planib, tartibsiz vaziyat yuzaga kelgan. Bu holat ham bog` rahbariyatining javobgarlikka tortilishi bilan yakunlangan.
2025 yil, 14 sentyabrda esa Yunusobod tumanida joylashgan do`konlardan birida ozuqaviy qo`shimchalar bepul tarqatilishi e`lon qilingan. Mazkur e`lon ham darhol ko`pchilikni do`kon oldiga yiqqan.
Ushbu holatlarga misollar topish muammo emas. Ijtimoiy tarmoqlarda bu kabi e`lonlar ortidan kelgan tartibsizlikni aks ettirgan videolar etarlicha topiladi.
Nahotki, tekin narsaga shunchalik o`chmiz?
Bu holatlarning takrorlanishi jamiyatdagi ma`lum bir muammodan dalolat beradi. Afsuski, bizda tekin narsaga intilish shu qadar kuchliki, buning oqibatida ko`ngilsizliklar, tartibsizliklar va xavfli vaziyatlar yuzaga kelishi salomatligimiz xavf ostida qolishi haqida o`ylab ham ko`rmaymiz. Bu kabi holatlar nafaqat kiyim-kechak va o`yinchoqlarga, balki hatto oziq-ovqat mahsulotlariga ham tegishli.
2023 yilda anomal sovuq bo`lganda tekin osh tarqatilgan joylarda ham xuddi shunday tartibsizliklar kuzatilgan edi. Eng achinarlisi, bunday vaziyatlarda haqiqiy muhtojlar emas, balki olomon ichidagi badavlat insonlar ham osh ilinjida to`polon qilishgan. Bu holat jamiyatda nafaqat moddiy, balki ma`naviy qashshoqlik muammosi ham borligini ko`rsatadi.
Holatga chuqur nazar tashlar ekanmiz, bu muammoning ildizi faqat reklamalar bilan chegaralanib qolmasligini tushunamiz. Bu, eng avvalo, jamiyatimizdagi ma`naviyat va tartib-intizomga bo`lgan e`tiborning susayganidan darak beradi. Tekin narsaga o`chlik insonlarni har qanday oqibatlarni o`ylamasdan harakat qilishga undaydi.
Shu bois, bu kabi holatlarning oldini olish uchun nafaqat qonuniy choralarni kuchaytirish, balki aholi orasida ma`naviy targ`ibot ishlarini olib borish, insonlarga o`z qadrini anglatish juda muhim. Faqatgina yuqori madaniyat va tartib-intizomga e`tibor qaratish orqali bunday ko`ngilsizliklarning oldini olish va jamiyatda barqarorlikni ta`minlash mumkin.
Eslatib o`tamiz O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 28 iyundagi 360-son qarori bilan ommaviy tadbirlarda fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlarni bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish taqiqlangan.
Shu bois, bu kabi holatlarning oldini olish uchun nafaqat qonuniy choralarni kuchaytirish, balki aholi orasida ma`naviy targ`ibot ishlarini olib borish, insonlarga o`z qadrini anglatish juda muhim. Faqatgina yuqori madaniyat va tartib-intizomga e`tibor qaratish orqali bunday ko`ngilsizliklarning oldini olish va jamiyatda barqarorlikni ta`minlash mumkin.