BMTning Global innovasion indeksi e`lon qilindi. Unda O`zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng innovasion davlat deb topildi.
2025 yilgi reytingda dunyo etakchisi Shveysariya bo`lib qolmoqda, u 2011 yildan beri ro`yxatda liderlik qilmoqda. Ikkinchi o`rinda Shvesiya, uchinchi o`rinda esa AQSh joylashgan. Xitoy o`ninchi o`rinni egallab, Germaniyani o`n birinchi o`ringa siqib chiqargan. O`ntalikka Janubiy Koreya, Singapur, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Niderlandiya va Daniya ham kirgan.
2024 yildayoq Xitoyga barcha xalqaro patent arizalarining taxminan to`rtdan bir qismi to`g`ri kelgan. Bu boshqa har qanday mamlakatga nisbatan yuqori ko`rsatkich. Taqqoslash uchun: AQSh, Yaponiya va Germaniya birgalikda bunday arizalarning qariyb 40 foizini ta`minlagan, biroq har uchala mamlakatda ham ko`rsatkichlar pasaygan.
Patentlarga egalik qilish davlatning iqtisodiy qudrati va texnologik salohiyatining muhim ko`rsatkichi hisoblanadi, deyiladi xabarda.
Markaziy Osiyodagi ko`rsatkichlari
139 ta davlat ichida mintaqa mamlakatlari quyidagi o`rinlarni qayd etgan:
–O`zbekiston 79-o`rin
–Qozog`iston 81-o`rin
–Qirg`iziston 96-o`rin
–Tojikiston 108-o`rin
–Turkmaniston reytingga kiritilmagan.
Global innovasion indeks har yili sentyabr oyida e`lon qilinadi. U bir nechta ko`rsatkichlar, jumladan, mamlakatlarning innovasion salohiyati, bilim va texnologiyalarning rivojlanishi, ishbilarmonlik muhiti va boshqalar asosida baholaydi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston 2024 yilda 132 ta davlat orasida 83-o`rinni qayd etgan edi.