Sustainable Fitch (Barselona) “O`zbektelekom” AKga ESG reytingini 73 ball bilan berdi, bu Markaziy Osiyodagi eng yuqori ko`rsatkich hisoblanadi. Bu baho kompaniyaning ekologik va ijtimoiy omillar bo`yicha faoliyati hamda korporativ boshqaruvdagi yuqori profili uchun berildi.
Jahon miqyosida bu e`tirof “O`zbektelekom” AKning ilg`or energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, ekologiyani asrash, butun mamlakat uchun ijtimoiy ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish va korporativ boshqaruv hamda hisobot tizimlarini takomillashtirishdagi izchil harakatlarini ko`rsatadi (ESG):
Ekologiya (E): energiya tejamkor uskunalarni joriy etish va tarmoqlarni modernizasiya qilish; biznes jarayonlarni raqamlashtirish va qog`oz hujjat aylanishini qisqartirish; kompaniyaning uglerod izini kamaytirish bo`yicha loyihalar.
Ijtimoiy soha (S): chekka hududlarda aloqa imkoniyatini kengaytirish, raqamli tafovutni qisqartirish; xodimlar uchun ta`lim va malaka oshirish dasturlarini yo`lga qo`yish; inklyuzivlik va teng imkoniyatlar tamoyillarini qo`llab-quvvatlash.
Boshqaruv (G): shaffof korporativ boshqaruv tizimi va muntazam hisobot; xalqaro nazorat va hisobdorlik standartlarini joriy etish; kompaniya, mijozlar va hamkorlar o`rtasida ishonchni mustahkamlash.
«Kompaniya O`zbekistonni raqamlashtirishda muhim rol o`ynaydi: “O`zbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilishini qo`llab-quvvatlaydi va mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo`shadi. “O`zbektelekom” AK davlat ishtirokidagi kompaniya hisoblanadi. U milliy optik tolali infratuzilmani boshqaradi, 286 583 km dan ortiq optik liniyalarga ega va butun O`zbekiston bo`yicha 5G qamrovini ta`minlagan – bu esa MDHda birinchi bo`lib 5G milliy darajada joriy etilganini anglatadi.
Biz “O`zbektelekom” AJning O`zbekistonda mobil va stasionar tarmoqlarni ishga tushirish, xizmatlarni modernizasiya qilish va raqamli texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa`y-harakatlarini yuqori baholadik. Kompaniyaning mis simlardan optik tolaga o`tishi ijobiy qadam deb baholanadi: bugungi kunda (2025-yil holatiga ko`ra) keng polosali tarmoqning 85 foizidan ortig`i optik tolaga asoslangan», — deyiladi Sustainable Fitchning rasmiy bayonotida.
Yuqori ESG reytingi kompaniyaga keng imkoniyatlar yaratadi: xalqaro investorlar va hamkorlar ishonchini mustahkamlash, “yashil” va barqaror moliyaviy vositalardan foydalanish, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo`shilgan hissasini e`tirof etish.
Bu yuksak baho nafaqat “O`zbektelekom” AK, balki xalqaro moliyaviy-ishbilarmonlik muhiti uchun ham muhim ko`rsatkichdir. U yurtimizning global standartlarga muvofiq barqaror kelajakka intilayotganini va O`zbekistonning investisiyalar uchun jozibadorligini ko`rsatadi.
Ma`lumot uchun: Sustainable Fitch – dunyodagi yirik reyting agentliklaridan biri bo`lgan Fitch Ratingsning maxsus bo`linmasi. U kompaniyalarni uch yo`nalishda baholaydi: Ekologiya (E) – karbon chiqindilarini boshqarish, energiyadan oqilona foydalanish va resurslardan samarali foydalanish; Ijtimoiy soha (S) – xodimlar huquqlarini himoya qilish va inson kapitalini rivojlantirish; Boshqaruv (G) – shaffoflik, hisobdorlik va samarali menejmentni ta`minlash.