O`tgan hafta imzolangan Prezident qaroriga muvofiq, maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinmoqda. Bugun, 15 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida o`qituvchi va murabbiylar bilan qilayotgan muloqotda ushbu lavozimni egallaydigan shaxsning vazifalariga nimalar kirishi aytildi.
Ma`lum qilinishicha, maktab maslahatchilari 7-sinfdan boshlab o`quvchilarning fanlarni o`zlashtirishi va kasbiy qiziqishi bo`yicha saralab, 9-sinfni bitirganida texnikumlarga yo`naltiradi.
Shu bilan birga, 9-sinfni bitirib, texnikumga kirgan yoshlarga maktabga qaytib kelish imkoniyati bor. Endilikda 10-sinfga o`tib, maktabda o`qish fikridan qaytgan yoshlar ham ta`limni texnikumda davom ettirishi mumkin bo`ladi.
Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o`qitiladi.
Davlat rahbari texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish bo`yicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o`qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Shu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama to`lanadi.
Shu bilan birga, texnikum direktori va o`rinbosarlariga maktabdagi hamkasblaridan kam bo`lmagan oylik qilib beriladi. Agar ular “Direktorlar maktabi”da menejerlik sertifikatini olsa, yana qo`shimcha 20 foiz ustama to`lanadi.
Endilikda texnikumlarda ham oliygohlardagi kabi ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to`lash yo`lga qo`yiladi. Har yili 500 nafar muallim ilg`or xorijiy ta`lim tashkilotlariga, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarga stajirovkaga yuboriladi.