O`zbekistonda 2024 yil dekabr oyida «Manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida»gi qonun kuchga kirgandan buyon 407 nafar shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda 16 sentyabr kuni Oliy Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ma`lum qildi.
Burxonovning qayd etishicha, manfaatlar to`qnashuvi bo`yicha bilim va ko`nikmalarini baholash uchun 95 600 nafardan ortiq davlat xizmatchilari test sinovlaridan o`tkazilgan, 85 581 nafar xodimlar manfaatlar to`qnashuvi bo`yicha o`qitilgan, 100 dan ortiq targ`ibot tadbirlari tashkil etilgan.
Qonun kuchga kirguniga qadar 213 ta holatda yaqin qarindoshlarning davlat xizmatida bir-biriga bo`ysunib ishlayotgani, 1513 nafar xodimning davlat xizmati bilan bir vaqtda tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgani aniqlanib, bartaraf etish choralari ko`rilgan.
Shuningdek, 2677 ta normativ hujjatlar loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilib, ularning 455 tasida 1013 ta korrupsiyaviy omillar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko`rilgan.
2024 yil davomida fuqarolik, oila, axborot va axborotlashtirish, ta`lim, fan hamda madaniyat sohalaridagi 692 ta amaldagi qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazilib, 68 ta hujjatda 91 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.
Bundan tashqari, so`nggi 6 yilda 791 nafar shaxs davlat xaridlarini amalga oshirishdagi noqonuniy holatlar bo`yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. Javobgarlikka tortilganlarning asosiy qismi maktabgacha va maktab ta`limi (149), sog`liqni saqlash (116) sohalari hamda mahalliy davlat hokimiyati (73) organlari xodimlari hisoblanadi.
Burxanov davlat xaridlari sohasida ma`muriy javobgarlik salmog`i ortib borayotganini qayd etdi. Xususan, 2022 yil 662 ta, 2023 yil 1376 ta, 2024 yil 1334 ta, 2025 yil 6 oyida 658 ta ma`muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan.
Tahlillarga ko`ra, aniqlangan qonunbuzilishi holatlarining asosiy qismini xaridlar to`g`risidagi qonunchilikka zid ravishda to`g`ridan -to`g`ri shartnomalar tuzish (298 mlrd so`m), qimmat narxda qabul qilish (152 mlrd so`m), tanlov va tender o`tkazish talablarini buzish (145), xaridlar to`g`risidagi ma`lumotlarni portalga kiritmaslik (18,8 mlrd so`m), xarid turini noto`g`ri tanlash (9,1 mlrd so`m), shartnomalar va texnik topshiriqlarni ekspertizadan o`tkazmaslik (1,4 mlrd so`m) hamda manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yish (1,3 mlrd so`m) kabi holatlar tashkil etmoqda.
«Masofaviy audit» avtomatlashgan axborot tizimi orqali byudjet intizomiga oid 2,3 trln so`mlik 112 mingta moliyaviy xato va kamchiliklar bartaraf etildi, shundan 1,6 trln so`mlik kamchiliklar barvaqt oldi olinishiga erishildi. 87 ta holatda 247 mlrd so`mlik subsidiya mablag`laridan maqsadsiz foydalanishga chek qo`yildi.