Bugungi kunda eng «avjiga chiqqan» mavzulardan biri – sun`iy intellektdir. Texnologiyalar tinimsiz rivojlanib, odamlarning og`irini aql bovar qilmas holda engillashtirib borayotgan bir holda, buning salbiy tomonlari ham kundan kunga o`zini namoyon qilib boryapti. SIning imkoniyatlari ortgan sayin xavotirli savollar ham ko`paymoqda:
Sun`iy intellekt odamlardan ishini tortib olmaydimi? U odamlarni o`ta dangasa qilib qo`ymaydimi? Fikrlash qobiliyatlarini pasaytirib, dangasa miya sindromiga yo`liqtirib qo`ymaydimi? Axir inson biror a`zosini ma`lum muddat ishlatmasa, uning o`z vazifalarini to`liq bajarish imkoniyati kamayib boradiku?
Soha olimlari SIning odamlarni chalg`itishi va buning salbiy oqibatlaridan xavotir olishmoqda. Xususan, media sohasida tasvir ustida ishlash, montaj qilish, muxbirlarning sun`iy intellekt shakli yaratilishi, shuningdek, vafot etgan kishilarning ovozlari va harakatlari sun`iy intellekt yordamida tiklanishi, suratlarning o`zgartirilishi bir jihatdan foydali va ta`sirchan bo`lsa, ikkinchi tomondan inson omilini jamiyatdan surib chiqaradi, kishilarni yolg`onchi hislar bilan aldaydi.
Shuningdek, aynan media sohasi misolida oladigan bo`lsak, ayni avlod bo`lajak jurnalistlarida ham miya dangasaligi va SIga haddan ortiq suyanib qolish, asabiylik holatlarini keltirib chiqaryapti deyish mumkin.
Sun`iy intellektning yolg`on ma`lumot berish foizlari oshib boryapti
Statistik tadqiqotlarga ko`ra, so`nggi vaqtlarda SIning noto`g`ri ma`lumot berish foizlari oshib bormoqda. NewsGuard ma`lumotlaridan ma`lum bo`lishicha, 2025 yilda chat-botlar 35 foiz holda noto`g`ri ma`lumotlarni takrorlagan. 2024 yilda, ya`ni bir yil avval bu ko`rsatkich 18 foizni tashkil qilgan. Bu xavotirli natija, chunki odamlarning juda ko`pchiligi SIga to`liq ishonish yo`liga o`tgan, SI bergan ma`lumotlarni faktcheking qilish, ya`ni faktlar bilan solishtirib tekshirish juda kamchilik tomonidan amalga oshiriladi.
Sun`iy intellektning shunday imkoniyatlari borki, ular inson omilini borgan sari chetga chiqarmoqda. Masalan, agar qo`shiq matni berilsa va kerakli janr tanlansa, SI shunga qarab kuy bastalab qo`shiq aytib beradi. Hozirda jahon tajribasida SI yordamida bemorlarga tashxislar qo`yilib, operasiyalar o`tkazilayotgani yangilik emas. U mashinalarni boshqaradi, sizning muloqotingizga qarab tilni o`zlashtiradi, hissiyot bo`lmasa-da, hamdardlik qiladi, hazillashadi, va hatto, duo qiladi.
Albatta, sun`iy intellektda hissiyotlar yo`q, faqat ma`lum algoritmlar asosida ishlaydi, matnlarni o`rganadi, ammo bu vaqtincha bo`lishi mumkin. Chunki uning rivojlanish darajasi aql bovar qilmas darajada tez o`sib bormoqda.
Bir necha yil avval bir qancha IT gigantlar ChatGTP’ning ishlab chiqaruvchisi bo`lgan Open Ai kompaniyasiga ochiq xat yo`llab, rivojlanishni biroz vaqt to`xtatib, kelajakda qanday tahdidlar borligi, paydo bo`layotgan kamchiliklarni o`rganib olishni so`rashgan. Ammo, sun`iy intellektning rivojlanishini to`xtatib bo`lmaydi, u endi inson omilisiz o`zidan o`zi rivojlanib boraveradi.
Yangi texnologiyalar an`anaviy axborot vositalari uchun tahdidmi?
Shu yilning mart oyida dunyoda ilk to`liq sun`iy intellekt ko`magida Italiyaning to`rt sahifalik “Il Foglio” gazetasi yaratildi. Bu haqda The Guardian xabar qildi. Gazeta bosh muharriri Cherasa sun`iy intellekt hamma narsa uchun, matnlar, sarlavhalar, iqtiboslar, xulosalar va ba`zida istehzolarni tayyorlash uchun ham foydalanilganini, bu gazetada jurnalistlarning roli sun`iy intellektga savollar berish va javoblarni o`qish bilan cheklanishini ma`lum qilgan.
Bu tajriba butun dunyo bo`ylab OAVda sun`iy intellektdan foydalanish bo`yicha xavotirli savollar yurgan bir paytda o`tkazildi. Xo`sh, endi bosma nashrlar va jurnalistlar kerak emasmi? Bu kabi savollarga faqatgina kelajak va vaqt javob bera oladi. Texnologiyalarning haddan ziyod tez sur`atlarda rivojlanayotgani, SIning tezkor salohiyatidan hayratda qolmay iloj yo`q. Ammo harqalay, u inson emas va ba`zi sohalarda inson ongidan o`tib ketganiga qaramay, nima bo`lganda ham inson ongining mahsuli.
SIning yoshlar ongiga ta`siri
Sun`iy intellektdan tinimsiz va manqurtlarcha foydalanish inson ongini zaiflashtiradi. Shu sababli, undan foydalanish imkoni yo`q vaqtlarda hech narsani eplay olmaslik va buning oqibatida asabiylashish tufayli, ruhiy holatga ham ta`sir qiladi. Bunga qanday echim topish mumkin?
Avvalo, sun`iy intellekt vositalaridan qanday foydalanishni o`rgatish kerak. Masalan, oliy o`quv yurtlarida maxsus dars soatlari ajratish, mutaxassislarni jalb qilish, vazirlik va idoralarning matbuot xizmati xodimlarini maxsus o`qitish yaxshi echim bo`lishi mumkin.
Xususan, ta`lim sohasida sun`iy intellektning o`rni nihoyatda katta. SI vaqtni o`ta darajada tejaydi va ma`lum mavzu bo`yicha eng sara ma`lumotlarni to`plab, solishtirib, saralab beradi. Har qanday fanni sun`iy intellekt yordamida o`rganish mumkin. Hozirda yurtimizda ham ba`zi universitet va institutlarda sun`iy intellekt bo`yicha alohida yo`nalishlar ham ochilayotgani diqqatga sazovor. Xususan, yaqinda butun dunyoda sun`iy intellekt sohasi bo`yicha nom chiqargan mutaxassis va xalqaro ekspert Maksimilian Gonter yurtimizda bo`lib, Aniq va ijtimoiy fanlar universitetida soha bo`yicha ma`ruza so`zlagani respublika miqyosida ahamiyatga ega bo`lgan va muhim voqea deyish mumkin. Kelgusida sohadagi xalqaro ekspert va mutaxassislarni jalb qilish an`anasini davom ettirish yurtimizda ham ahamiyatli natijalarga erishish va foydalanishda to`g`ri usullarni tanlash borasida zaruriy chora deb hisoblaymiz.
Bugun sun`iy intellekt hayotimiz, faoliyatimizga jadal kirib kelmoqda. Ushbu zamonaviy texnologiyaning qulayligi, afzallik tomonlari juda ko`p. Har bir sohani rivojlantirish, dasturlar ishlab chiqish va boshqa yo`nalishlarda sun`iy intellekt faol ko`makchimizga aylanmoqda. Xususan, bu bo`yicha qonun qabul qilindi, sud jarayonlarida SIdan yordamchi vosita sifatida foydalanish sinab ko`rilmoqda.
Muhim jihati shundaki, qanday texnologiya bo`lmasin, insonning huquq va erkinliklariga daxl qilmasligi lozim. Aks holda, bu texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari insonga, uning hayoti, sog`lig`i, erkinligi, sha`ni va qadr-qimmatiga putur etkazishi, huquqlarini buzishi mumkin.
Ko`pchilik mutaxassislar yaqin kelajakda sun`iy intellektning jurnalistlar o`rnini egallashi to`g`risidagi gapga shubha bilan qarashadi. Ular sun`iy intellektning oddiy vazifalarni avtomatlashtirish va ma`lumotlarni tahlil qilish uchun qulay vosita bo`lib xizmat qilayotgani, ammo ijodiy yondashuv talab qiladigan, tanqidiy fikrlash va bevosita inson aralashishi lozim bo`lgan sohalarda insonlarning sun`iy intellektdan ustunligini ta`kidlashadi. Nima bo`lganda ham, u o`z nomi bilan sun`iy intellekt, insonga inson ongi, adolati, his-tuyg`ulari hamisha kerak, ammo SI ko`p jihatdan insonga juda yaxshi yordamchi bo`la oladi, qachonki o`z o`rnida va bilim bilan ishlatilsa.