Ahvoli og`irlashgan "Kreml jarchisi", biz uni qanday taniymiz?

12.02.2022 15:11

Sovet ittifoqining bo`linishini eng katta geosiyosiy xato deb hisoblovchi Putin 23 yildirki mamlakatni boshqarib kelmoqda. Bu yillar davomida sobiq KGB xodimi-Putinning siyosatida SSSRni yangi formatda tiklashga intilishni ko`rishimiz mumkin. Kreml bu da`vosini so`nggi vaqtlarda ochiq - oydin aytishni boshladi. Bunda targ`ibotchi sifatida Rossiya siyosatchilari va telekanallaridan foydalanilmoqda.

Misol uchun «Rossiya 24» kanali «30 let bez SSSR» bo`limi ostida ko`rsatuvlar bera boshladi. Kremlning eng mashhur jarchilari ichida Kiselyov, Solovyov, Zaxarova va asosan Markaziy Osiyo davlatlariga tez-tez luqmalarini tashlab turadigan Jirinovskiylar "favqulodda" faollik bilan ajralib turishadi. Shu kunlarda 75 yoshli Vladimir Jirinovskiyni koronavirusning “omicron” shtammi bilan kasallangani va ahvoli og`irligi aytilmoqda.

Sobiq ittifoq davlatlariga, xususan, Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan keskin chiqishlari bilan tanilgan Vladimir Volfovich Jirinovskiy asli qozog`istonlik. Rossiyada mashhur siyosatchi sifatida tanilgan, Liberal-demokratik partiyasi asoschisi va raisi. U faoliyati davomida Rossiya prezidentligi saylovlarida 6 marotaba qatnashgan.

Jirinovskiyning asossiz shamalari

«Kim rus tiliga, rus madaniyatiga qarshi bo`lsa, bizni yoqlamasa, kuch ishlatamiz. Biz yangi kiberhujumlarni ishlab chiqqanmiz. Masalan, sizda hozir elektr bor, bir ozdan keyin u yo`q. Elektr yo`q bo`lsa, kommunal xizmatlar ishlamaydi. Hamma narsa izdan chiqadi. Kim qilgan? Topolmaysiz». Jirinovskiyning yuqoridagi bayonoti o`tgan yili ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`lgandi. Ma`lumot uchun joriy yilining yanvar oyi oxirida O`zbekistonning deyarli barcha hududlari, Qirg`iziston va Qozog`istonning esa qator viloyatlari elektr energiyasiz qoldi. Elektr uzilishining sababi tizimdagi nosozlik ekani aytilgan.

Yanvar oyi boshida Jirinovskiy Qozog`istondagi tartibsizliklarga munosabat bildirarkan «Qozog`istonda sodir bo`lgan voqea barcha sobiq sovet respublikalarida: Belarus, Ukraina, Moldova, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Qirg`iziston, Tojikiston, O`zbekiston, hammasida sodir bo`lyapti. Navbat Qozog`istonga keldi, ular shunchaki navbatda turishgan» degan. Ushbu jarayonlarda ommaga ko`rinish bermagan Nursulton Nazarboevga nisbatan «Menimcha, u allaqachon o`lgan va dafn qilishgan», deya izoh bildirgan.

Siyosatchi Qozog`iston haqida gapirar ekan qozoq tili va yozuvi aslida bo`lmagani, Qozog`iston erlari SSSR sovg`asi ekanligini aytadi. Siyosatchining asossiz fikrlariga ko`ra, Markaziy Osiyo davlatlari qachondir o`z erlarini qaytarishdan qo`rqib yashaydi. U boshqa bir nutqida «Rus dunyosi, rus hududi o`z chegaralarini tiklaydi va tartib o`rnatadi», deb aytgan.

Kreml jarchisi mintaqada kechayotgan har bir vaziyatga o`z luqmalarini tashlab turarkan NATO Afg`onistondan qo`shinini olib chiqib ketgach Tolibon Tojikistonga kirishini bashorat qilgan edi. Qirg`iziston haqida esa Qirg`iziston Rossiyadan olgan qarzlari evaziga Issiq-Ko`l berilishini da`vo qiladi. Uning fikricha mintaqa uchun bitta sudya kerak va u Rossiya bo`ladi.

Sobiq ittifoqning yana bir a`zosi Belarusning 2010 yilgi saylovlarini Jirinovskiy shunday ta`riflaydi: «Lukashenko kecha va saylov kuni minglab namoyishchilarni tirqiratib, Belorussiyada demokratiya qanday ahvoldaligini ko`rsatdi. Yuzlab odamlar, jumladan, rus jurnalistlari va boshqa davlat fuqarolari panjara ortiga tashlandi. Bu hammasi - davlatning noto`g`ri siyosati oqibatidir. Diktator hokimiyatda qoldi. U o`z kursisini 2015 yilda ham, 2020 yilda ham hech kimga bermaydi». Jirinovskiy to`g`ri aytgan. Lukashenko hozirgacha hokimiyatni hech kimga topshirmadi. Va bugungi kunda Aleksandr Lukashenko har qanday holatda Rossiyadan panoh topadi. OAVlardagi chiqishlarida Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiya atrofida birlashishga chaqiradi.

Avvalboshdan o`zbekistonlik mehnat muhojirlarga nisbatan haqorati bilan tanilgan Jirinovskiy 2018 yil O`zbekistonga tashrif buyurgan.

Bir muddat avval «Milliy tiklanish» partiyasi etakchisi TIVdan O`zbekiston sanksiyasidagi shaxslar ro`yxatini tuzishni so`ragandi. Partiya vakillariga ko`ra, ro`yxatga birinchi navbatda Rossiya Liberal-demokratik partiyasining raisi Vladimir Jirinovskiy kirishi kerak.

Alisher Qodirov Jirinovskiy chiqishlariga javob berarkan Uinston Cherchillning «akillagan laychalar» iborasi unga qarata aytilganini ta`kidlaydi.
Jirinovskiy Kreml siyosatining bir vakili deb hisoblasak XXI asrda har qanday informasion hujumlarga qarshi tayyor turish va ularga vaqtida javob qaytara olishi shart. 

Ma`lumot uchun bir muddat avval saytimizda mintaqa davlatlari Rossiyadan qanday himoyalanishi kerakligi haqida maqola e`lon qilgan edik.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар