“Integrasiyalashgan mintaqa yanada boyroq, barqarorroq va xavfsizroq bo`ladi. Mamlakatlar o`z suverenitetlaridan garov sifatida foydalanish haqida o`ylashlariga o`rin qolmaydi”, deyiladi The Dilomat nashrining Markaziy Osiyo davlatlariga bag`ishlangan maqolasida.
Muallif Andryu D’Aneri navbatdagi maqolasida Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya siyosatidan qanday himoyalanishi haqida tahliliy fikr yuritgan:
Qozog`iston prezidenti Qosim-Jomart Tokaevning 5 yanvar kuni Rossiya etakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) kuchlarini Olmaotaga chaqirish qarori Markaziy Osiyodagi xavfsizlik muhitini keskin o`zgartirdi. Hukumatga qarshi norozilik namoyishlari shiddatli tartibsizliklarga aylangan holda, Toqaev Qozog`iston bo`ylab chet el tomonidan qo`llab-quvvatlangan terroristik guruhlar tarqalayotgani haqidagi shubhali da`voni aytdi va KXShTdan tartibni tiklashda yordam so`radi. Ertasi kuni KXShTning 4000 nafar askar, shu jumladan Rossiyadan 3000 ga yaqin askar Qozog`istonga kelib tushdi. Ular o`sha haftaning oxirida ketishni boshladi.
Moskva va Nur-Sulton nuqtai nazaridan, operasiya muvaffaqiyatli o`tdi. Ammo ko`pchilik tahlilchilar bu Rossiyaning Markaziy Osiyoga aralashuvi uchun yangi presedent bo`lishi mumkinligidan xavotirda.
Rossiya va Qozog`iston dunyodagi eng uzun chegaraga ega. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning ittifoqchilari Shimoliy Qozog`istonning muhim etnik ruslar yashaydigan hududlarini Rossiyaga qaytarib berishni taklif qilishdi. Putinning Gruziya, Ukraina va Belarusga transchegaraviy harbiy aralashuv bo`yicha tajribasi Toqaevning uyqusini qochirishi mumkin.
Moskva Qirg`iziston va Tojikistonda o`nlab yillar davomida minglab rus askarlarini joylashtirishga mo`ljallangan harbiy bazalariga ega. Amaldagi kelishuvlarga ko`ra, Rossiyaning Qirg`izistondagi Kant aviabazasi kamida 2027 yilgacha, Tojikistondagi 201-harbiy bazasi esa 2042 yilgacha ochiq qoladi. 2021 yil avgust oyida AQSh kuchlari Afg`onistonni tark etar ekan, Rossiya kuchlari Tojikiston va Qirg`izistonda o`zgaruvchan xavfsizlik shartlariga javoban qator harbiy mashg`ulotlarni boshladi.
O`zbekiston Rossiya bilan harbiy hamkorlik qilishni istamasada, o`tgan yozda o`z hududida qo`shma harbiy mashg`ulotlar o`tkazgan. Turkmaniston Rossiyaning o`z chegaralaridagi harbiy ta`sirini yumshatishga katta darajada muvaffaq bo`ldi, biroq Kreml vaqti-vaqti bilan Ashxobodga ta`sirini saqlab qolish uchun diplomatik bosim o`tkazib turadi.
Aniqroq qilib aytadigan bo`lsak, Rossiyaning Markaziy Osiyoda harbiy amaliyot o`tkazishi ehtimoldan yiroq emas. Ammo Rossiya qo`shinlarini Qozog`istonga jo`natgandan so`ng, Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa joylarida ham shunga o`xshash norozilik namoyishlari yoki Afg`oniston bilan chegarada zo`ravonlikning kuchayishi Rossiya harbiy amaliyoti uchun bahona bo`lishi mumkin. Putin bilan hokimiyatni bo`lishish Markaziy Osiyo etakchilari manfaatlariga mos kelmaydi.
Markaziy Osiyo mintaqaviy integrasiyaga oid sa`y-harakatlarni tezkorlik bilan kuzatib borish orqali o`zini Rossiya harbiy aralashuvidan yaxshiroq himoya qila oladi. Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy loyihalarni anchadan buyon ortga surib kelgan. Balki, Qozog`istondagi voqealar ularni qayta e`tiborga olishga majbur qilar. Mintaqada yaqinroq iqtisodiy aloqalar va yaxshi infratuzilma istiqboli paydo bo`lsa, Kremlni xatarli harbiy aralashuvini oldini olish haqida ikki marta o`ylashga majbur qilish mumkin.
Mintaqa rahbarlari Qozog`istonda voqealar qanday kechganini kuzatishdi. Yoqilg`i narxining oshishiga qarshi namoyishlar siyosiy va iqtisodiy sharoitdan kengroq norozilikni qamrab oldi. Avtokratlar uchun xalq noroziliklarining oldini olishning eng samarali usuli bu fuqarolarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan siyosatni ilgari surishdir.
Narxlarni pasaytirish, bozorlarni kengaytirish, kichik va o`rta korxonalarning rivojlanishini osonlashtiradigan transchegaraviy tashabbuslar keng ko`lamda hukumatlar va ularning fuqarolari manfaatlariga mos keladi. Temir yo`l aloqalari, energiya ta`minotining yaxshilangan tarmoqlari va erkinlashtirilgan savdo tizimlari kabi loyihalar asosiy muammolarni hal qilishi va mintaqaviy xavfsizlikni rag`batlantirishi mumkin. Bu islohotlar juda murakkab va albatta vaqt talab etadi.
Putin 2020 yilda Armanistonda bo`lgani kabi, harbiy gegemonligini oshirish uchun inqirozlardan foydalanishga intiladi. Bu Markaziy Osiyo suvereniteti uchun mamlakatdagi beqarorlikni jilovlashni yanada muhimroq qiladi.
Mintaqaviy xavfsizlikni yaxshilash uchun Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaning Afg`oniston bilan janubiy chegarasiga qarshi kurash bo`yicha yagona strategiya yaratish ustida ishlashlari kerak. Rossiya kabi O`zbekiston va Tojikiston ham ekstremistlarning o`z chegaralarini kesib o`tishi va nifoq urug`ini keltirib chiqarishi haqida xavotir bildirgan. Yaqinda afg`on-turkman chegarasida chegarachilar va Tolibon kuchlari o`rtasida sodir bo`lgan otishma bu xavotirlar xatarli bo`lishi mumkinligini ko`rsatmoqda.
Ammo Toshkent va Dushanbe bu tahdidga qarshi kurashda ikki xil yo`l tutdi. O`zbekiston so`nggi bir necha yil ichida Tolibon bilan aloqalarni mustahkamladi. Prezident Shavkat Mirziyoev hatto o`tgan yilning kuzida davlatlarni Tolibon aktivlarini muzlatmaslikka chaqirgan edi. Tojikiston esa mintaqadagi Tolibonga qarshi eng kuchli ovozga aylandi va qisman mamlakatdagi iqtisodiy muammolarni tiklash uchun etno-millatchilik ritorikasini qabul qildi. Bloklararo yaqinroq aloqalar asosida qurilgan yanada izchil mintaqaviy Afg`oniston siyosati chegarani barqarorlashtirish va ichki iqtisodiyotni yaxshilashga yordam beradi. Afg`oniston chegarasida hamkorlikni kuchaytirish Rossiyaning Tojikiston va O`zbekistonga xavfsizlik kafolati sifatidagi katta rolini ham sinovdan o`tkazadi.
Markaziy Osiyo davlatlari AQSh va Xitoy infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish va transchegaraviy sarmoya oqimini osonlashtirishga chaqirish orqali o`z suverenitetini amalga oshirishi mumkin. AQSh Rivojlanish Moliya Korporasiyasi kreditlar va investisiyalarni taqsimlash uchun 60 milliard dollarga ega. Shuning bilan birga unda Xitoyning "Bir kamar, bir yo`l" tashabbusiga qarshi turish vakolati ham bor. Pekin allaqachon mintaqada sezilarli o`ringa ega. Xitoy – AQSh iqtisodiy raqobati Markaziy Osiyo mamlakatlariga bitimlar tuzishda kuchliroq muzokara olib borish imkonini beradi.
Rossiya bugun yoki ertaga Qozog`istonga bostirib kirmaydi, Bishkek yoki Toshkentni bosib olmaydi. Ammo Moskvaning Markaziy Osiyoda harbiy tarmoqlari bor va har doim inqirozlar va ijtimoiy tangliklardan o`zining geosiyosiy manfaati uchun foydalanishga intiladi.
Muvaffaqiyatli Qozog`iston operasiyasidan so`ng Rossiyaning Markaziy Osiyoga harbiy aralashuvi tahdidi kuchaymoqda. O`zlarini yaxshiroq himoya qilish uchun Markaziy Osiyo davlatlari bir-biri bilan aloqalarni pragmatik, lekin tezroq mustahkamlashi kerak. Integrasiyalashgan mintaqa yanada boyroq, barqarorroq va xavfsizroq bo`ladi. Mamlakatlar o`z suverenitetlaridan garov sifatida foydalanish haqida o`ylashlariga o`rin qolmaydi.