Oliy suddagilar qonunga bo`ysunmaydimi?

03.02.2022 08:30

Oliy sud raisining haydovchisi avtohalokatga uchragan vaqtda, uning mashinasi yo`l patrul xizmati tomonidan ro`yxatga olinganmidi? “Qonun ustuvorligini” ta`minlovchi davlat tashkiloti, o`ziga kelganda qonunni chetlab o`tmoqdami?

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Kamilovning xizmat mashinasi 2021 yilning 22 oktyabr sanasida yo`l-transport hodisasiga uchragan.

Ulovda Kozimjon Kamilovning haydovchisi bo`lgan. Matbuot xizmati o`sha vaqtda Rost24.uz saytiga haydovchi jarohatlangani va kasalxonada davolanayotgani, haqida ma`lumot bergan edi. Lekin, saytimiz bu ishni tegishli idoralardan so`rab ko`rganda, Oliy sud raisiga tegishli davlat avtomashinasi raqami avtohalokatga uchragan mashinalar qatorida qayd etilmaganini bildirgan. Jarohat bilan yakunlangan avtohalokat yo`l patrul xizmatlari tomonidan qayd etilishi kerak emasmi, aslida? Oliy sud raisi qonun qoidalarni chetlab o`tishi mumkinmi? Rost24.uz muxbiri ushbu vaziyatni oydinlashtirish uchun Oliy sud sud`yalariga savol bilan yuzlandi. 

 Oliy sud raisi o`rinbosari Ikrom Muslimov bu savolga quyidagicha javob berdi:

“GAIga xabar berilmadi, degan iddaolar o`rinsiz. Bugungi kunda bizda surishtiruv organi haydovchini harakatlarida biron-bir huquqbuzarlik mavjud emasligi haqidagi qarori mavjud. Haqiqatdan ham xabar berilgan. Surishtiruv olib borilgan. O`sha kuni o`n yarimda Oliy sud raisini uyiga tashlab, haydovchi qaytadi. Oradan 15 minut o`tgandan keyin uning oldidan yo`lda yosh bola yugurib chiqib qolgan va haydovchi undan qochaman, deb ustunga borib urilgan. Haydovchi tan jarohati oldi haqiqatdan ham, davolandi. Hozir ishda bemalol ishlab yuribti. Men sizga qarorni ham ko`rsatishim mumkin”, deya so`zini yakunladi sudya. 

 Ikrom Muslimov yuz bergan avtohalokat haqida tegishli idoraga habar berilganini va bu bo`yicha qarorni bemalol ko`rsata olishini ta`kidlagan bo`lsada, hozirgacha Oliy sud matbuot xizmati tomonidan hech qanday qarorni rost24.uz muxbiriga taqdim etgan emas.

Jurnalistlar tomonidan Oliy sud xodimining qonunbuzarligi yuzasidan ma`lumot va dalillari etarli bo`lgach, davlat xodimi jamoatchilikka aybsizligini isbotlashi shart. Matbuotda davlat xodimining qonunga bo`ysunmasligi yuzasidan shubhalar oraladimi, davlat xodimi o`z dalillarini taqdim etishi kerak. Aks holda jamoatchilikda unga nisbatan ishonchsizlik paydo bo`ladi. Yuqori mansabli shaxslar, davlat idoralari xodimlarining qonunga bo`ysunmasligi fuqarolarda ham qonunga nisbatan bepisandlikni uyg`otadi. Jurnalistlar esa davlat idoralari xodimlarini nazorat qilishi tabiiy hol va bu ularning asosiy vazifasi. Shunday ekan rost24.uz sayti Oliy sud raisi haydovchisining qonunni chetlab o`tmaganini isbotlovchi dalillarni taqdim etishini so`rab qoladi. 

Zero, biz Oliy sud raisi “adolat”ni  ta`minlashni o`z idorasidan boshlashiga ishonamiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
13
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
06.02.2022 13:07
Бу инсонни узи конунга буй сунмайди