Vazir muammoni «juda og`riqli» deb atadi
Toshkent shahrida tegishli ruxsatnomalarsiz qurilgan 720 dan ortiq ko`p qavatli turar joy binosi aniqlandi. Ayrim uylarda bolalar maydonchalari, avtoturargohlar va boshqa zarur infratuzilmalar etishmaydi. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov 13 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o`tkazilgan «Hukumat soati»da ma`lum qildi.
Vazirning ta`kidlashicha, poytaxtdagi ayrim ko`p qavatli uylar arxitektura organlarining ruxsatisiz barpo etilgan. Ularning aksariyati Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlanishidan oldin auksionga chiqarilgan er uchastkalarida qurilgan.
«Toshkent shahrining o`zida 720 tadan ortiq ko`p qavatli uy bor. Respublika bo`yicha qurilgan uylarning hammasi xatlovdan o`tkazilgan. Bu uylar muammoli qurilgan uylar, ya`ni arxitektura organlaridan ruxsat olmasdan qurilgan uylar», — dedi vazir.
U mazkur vaziyatni «juda og`riqli masala» deb atadi.
Infratuzilma muammosi
Yig`ilishda deputat Dilmurod Ismoilov ko`p qavatli uylar atrofidagi infratuzilma muammosini ko`tardi. Uning so`zlariga ko`ra, ayrim hududlarda bolalar va sport maydonchalari, avtomobillar uchun turargohlar etarli emas. Hatto ba`zi tumanlarda yangi infratuzilma qurish uchun bo`sh er maydonlari ham qolmagan.
Bundan tashqari, ayrim quruvchilar turar joy majmualari loyihasida ko`rsatilgan bolalar maydonchalari va boshqa ob`ektlarni qurish bo`yicha o`z majburiyatlarini bajarmagan.
Vazirning tushuntirishicha, shaharsozlik me`yorlarida har bir ko`p qavatli uy uchun zarur infratuzilma talablari belgilangan. Ushbu talablar bajarilmasdan binolarni foydalanishga qabul qilish mumkin emas.
720 dan ortiq uy buziladimi yoki qonuniylashtiriladimi?
Hozirda muammoli qurilish ob`ektlari bilan Bosh prokuratura shug`ullanmoqda. Qurilish vazirligi esa bunday binolarni foydalanishga qabul qilish uchun alohida tartib ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Bunda faqat hujjatlar emas, balki uylarning texnik holati ham tekshiriladi. Xususan, binolarning mustahkamligi maxsus uskunalar yordamida o`rganiladi. Shuningdek, ular atrofida bolalar maydonchalari, avtoturargohlar va boshqa zarur sharoitlar mavjudligiga e`tibor qaratiladi.
Sherzod Hidoyatovning bildirishicha, renovasiya dasturini kengaytirish orqali bunday uylar atrofida zarur infratuzilmani yaratish ko`zda tutilmoqda. Shundan keyingina ularni foydalanishga qabul qilish masalasi ko`rib chiqilishi mumkin.
Biroq hozircha 720 dan ortiq uyning qanchasi qonuniylashtirilishi yoki ularning qaysilariga nisbatan boshqa choralar ko`rilishi ma`lum qilinmagan.
Endi sun`iy intellekt ham qurilishlarni tekshiradi
Vazirning ma`lum qilishicha, yangi qurilish loyihalarini nazorat qilish tizimi raqamlashtirilgan va unga sun`iy intellekt texnologiyalari joriy etilgan.
Endilikda loyihalar shaharsozlik me`yorlariga muvofiqligi bo`yicha elektron tizim orqali tekshiriladi.
Agar qurilish loyihasida zarur avtoturargohlar, bolalar va sport maydonchalari yoki chiqindi konteynerlari uchun joylar nazarda tutilmagan bo`lsa, bunday loyiha ekspertizadan o`tmasligi kerak. Vazirning ta`kidlashicha, tizim belgilangan talablarga javob bermaydigan loyihalarni avtomatik tarzda qabul qilmaydi.
Shuningdek, 2024 yil oxirida tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasi elektron shaklga o`tkazilgan va ochiq foydalanish uchun joylashtirilgan. Bosh rejada shahar hududlari konservasiya, renovasiya va rekonstruksiya zonalariga ajratilgan.
Infratuzilmani yaxshilash uchun 520 milliard so`m
Prezident qaroriga muvofiq, bolalar maydonchalari, piyodalar yo`laklari va boshqa infratuzilma ob`ektlarini qurish hamda ta`mirlash uchun 520 milliard so`m ajratish ko`zda tutilgan. Qurilish vazirligi ushbu yo`nalishda tegishli rejalar ishlab chiqilganini va hududlardagi buyurtmachi tashkilotlar bilan birgalikda ishlar nazorat qilinayotganini ma`lum qildi.
Mazkur mablag`lar aholi yashash hududlaridagi sharoitlarni yaxshilashga yo`naltirilishi rejalashtirilmoqda.
M. Voris