HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI: O`LGANLARNING O`ZI AYBDOR

31.01.2022 14:23

YoXUD «Hududiy elektr tarmoqlari» mutasaddilaridan kelgan javob xatidagi inson hayotiga befarqlikning dahshatli ko`rinishi…

Elektr tizimida har oyda o`limlar soni ortmoqda, mutasaddilar esa fojialarning barchasiga o`lganlarning o`zi aybdor demoqda

Inson qadri ulug`lanadigan har qanday jamiyatda bir inson to`satdan vafot etsa ham butun tizim oyoqqa turadi. Sabablar o`rganiladi, oqibatlari bilan kurashiladi, xulosalar chiqariladi.

O`zbekistonda «Hududiy elektr tarmoqlari»da ham har oyda elektromontyorlar o`lim topmoqda, eng achinarlisi, inson hayoti bilan bog`liq fojialar soni bu tizimda ortib borayotir. Biroq, yanada achinarlisi, tizim rahbariyati bu ayanchli fojialarga o`lganlarning o`zini aybdor qilib ko`rsatmoqda. Xulosa chiqarish, sabablari, oqibatlari bilan kurashish esa ikkinchi darajaga tushgan.

«Hududiy elektr tarmoqlari»  aksionerlik jamiyati rahbariyatining xulosasi shu: elektromontyorlarning halok bo`lishida faqatgina marhumlarning o`zlarigina aybdor va ish beruvchining aybi yo`q. O`lim faktlari haqida ma`lumot bergan saytimiz esa masalaga noxolis yondashgan emish. Jamiyati mutasaddilari o`limlar uchun na bir jamoatchilik oldida javobgarlik sezmoqda va na bir mas`uliyat.

Yaqinda rost24.uz saytida «MAXSUS SURIShTIRUV: Elektr energiya tizimida qancha o`lim holati sodir bo`lganini bilasizmi?» nomli maqola e`lon qilindi. Unda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyatida respublika bo`ylab  har oyda o`lim holati kuzatilishi e`lon qilingan edi. Bizdagi ma`lumotga ko`ra, “Hududiy elektr tarmoqlari”AJning Respublika bo`ylab hududlarida 2021 yilning 11 oyida 13 ta o`lim sodir bo`lgan va 2022 yilning ilk oyidayoq yana 1 ta o`lim va 1 ta jarohatlanish holati kuzatilgan.

Saytimizda bir ish joyida har oyda ishchilarning o`limi kuzatilishi bu korxonaning islohotga muhtojligidan dalolat qilishi aytiladi.

Biroq,“Hududiy elektr tarmoqlari” aksionerlik jamiyati matbuot xizmatining bildirishicha, har qanday ishda o`lim holati kuzatilgani kabi bu tarmoqda o`lim bo`lishi ham tabiiy hol emish. Qolaversa, ularning aytishicha, elektrmontyorlik jahondagi eng xavfli kasblardan ekan. Bizning-cha, “Hududiy elektr tarmoqlari”AJda har oy kuzatilayotgan o`limlarni oqlash uchun bu bahonalar asosli emas. Matbuot xizmatining dalolat qilishicha, o`limlarning oldini olish maqsadida jamiyatda bir yil davomida texnika xavfsizligi bo`yicha 452 ta o`quv mashg`ulotlari o`tkazilgan va yana ular samara ham bermoqda. Qiziq, o`limlar sonining ortishi va bu yilda ham davom etishi bu o`sha 452 ta o`quv seminarning mevasimikan?

“Mavzu doirasida yana bir muhim jihatga e`tibor qaratsak. Sodir bo`lgan har bir baxtsiz hodisa “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan emas, balki maxsus vakolatli organlar, ya`ni O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “O`zenergoinspeksiya” hamda O`zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan o`rganib chiqilishi va unga huquqiy baho berilishi tizimdagi manfaatlar to`qnashuvini istisno qiladi. Va ta`kidlash joizki, maxsus komissiya tomonidan hozirgi kungacha ish beruvchining aybi bilan baxtsiz hodisalar kelib chiqish holatlari aniqlanmagan», deyiladi “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmatining javobida.

 O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 30 ga yaqin moddasi mehnat xavfsizligini himoya qilish bilan bog`liq.

Unga ko`ra, xodimlar mehnatini muhofaza qilishning hamma talablariga rioya etishlarini doimiy ravishda tekshirib borish vazifasi ish beruvchi zimmasiga yuklatiladi.

Shunday qilindimi?

Ish beruvchi xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo`yicha o`qishlarini ta`minlashi va ularning bilimlarini tekshirib turishi shart. Tizimda qachon xodimlar bilimi tekshirildi?

Mehnatni muhofaza qilish bo`yicha o`quvdan, yo`l-yo`riqdan o`tmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishga qo`yish taqiqlanadi. Sohadagi xodimlar bilimi tekshirildimi?

Shu bilan birga xalqaro mehnat muhofaza qilish normalariga ko`ra, ish joyi xavfsiz bo`lgan ishchilarni ish beruvchi so`nggi rusumdagi texnika vositalari bilan ta`minlab borishga majbur hamda ish joyida o`lim holati tez-tez kuzatilsa, bu haqida ishchilarni va jamoatchilikni ham ogoh qilishi va sabablarini ochiqlashi zarur. «Hududiy elektr tarmoqlari» so`nggi rusumdagi texnika vostilari bilan ta`minlanganmi? Tizimda kuzatilayotgan o`lim holatlari bilan xodimlar va keng jamoatchilik qachondir ogohlantirilganmi?

Savollar ko`p. Raqobatchisi bo`lmagan yoki boshqacha aytganda monopol bo`lgan “Hududiy elektr tarmoqlari”da o`limlarning tez-tez kuzatilishi bilan bog`liq masala keng jamoatchilik hukmiga havola etilishi zarur bo`lgan va tegishli choralar ko`rilishini talab etuvchi masala.

Mazkur muammo bir yil ichida halok bo`lgan 20 nafarga yaqin xodim va 35 nafar etim qolgan farzandlar haqida. Ammo jamiyat matbuot kotibi bunda jurnalistlarni noxolislikda ayblagan holda o`limlarga qarshi o`quv seminarlar bilan kurashilayotganini aytmoqda. Bu kabi jiddiy holatga hattoki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyatining bironta vakili ham chiqib javob bermadi va o`zini hisobdor sezmadi. Bu ham jamiyat rahbariyatining kuzatilayotgan o`limlarni naqadar tabiiy holatdek qabul qilishini ko`rsatadi. 

Maqolaga javob qaytargan matbuot xizmati sayt muxbirlari ularga biron marta rasmiy murojaat qilinmaganini aytadi. Biroq, rost24.uz sayti muharriri 10 marotabadan ortiq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga murojaat va savollar bilan chiqqan. Axborotlashtirish to`g`risidagi qonunga ko`ra, og`zaki so`rovlarga ham matbuot kotiblari javob qilishga majburdirlar. 

Shuningdek, saytimizda e`lon qilingan maqolaga matbuot kotibi javob qaytarar ekan, o`lim holatlari uchun tegishli tashkilotlar tomonidan to`lovlar to`lab berilayotganini iddao qiladi. Demak, Jamiyat nuqtai nazariga ko`ra to`lov to`lab berilsa, ketma ket sodir bo`layotgan o`limlarga ko`z yumish mumkinmi?

Rost24.uz og`zaki murojaatlardan tashqari mana uchinchi bor rasmiy sayt sahifasida chiqish bilan “Hududiy elektr tarmoqlari”AJ rahbariyat maoshlarini ochiqlashini so`raydi. 3 million so`m oylik uchun simyog`ochga chiqib har oy bir inson halok bo`layotgan monopol tashkilot rahbariyatining ham maoshlarini xalq bilishi shart deb o`ylaymiz. Maoshlar bilan birgalikda jamiyat yangi ish qurollari, majburiy berilishi shart bo`lgan texnika vositalarini qanchalar tez yangilayotgani, xodimlar ish sharoiti qanday ekanligini ochiqlashga majbur emasmi? Har oyda bir o`lim kuzatilayotgan monopol tashkilot faoliyatiga inson huquqlari bilan aloqador tashkilotlar, kasaba uyushmalari federasiyasi va boshqa davlat organlari befarq bo`lmasligi kerak deb o`ylaymiz.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bu kabi jiddiy masalaga matbuot kotibining shapaloqdek bir javob maqolasini e`lon qilish bilan qutulishi achinarli. Bu sohada butun dunyo bo`yicha o`lim kuzatiladi, deya vaziyatdan chiqishi bu tashkilotda inson qadri qay darajada ekanligini ko`rsatadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
9
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
01.02.2022 13:02
Хар доимгидек, яна тугри, долзарб мавзуни кутариб чикибсизлар. Яшанглар.. Маошлар канчалиги очикланиши..... хеч билмадим-да.. жавоб булишини... Ахир, булар канча маош олиши очикланса бу мамлакат микёсида номутаносибликни келтириб чикадику.. Монтерни 2-2,5 млн ойлигини олдида рахбариятнинг 8-20 млн маоши.. Рахбар одам - монтер одаммас..
31.01.2022 21:06
яшасин яяяяп-янги Узбекистон!