Sh.Qudratxo`ja va O.O`sarov boshchiligida ko`plab jurnalistlar Karim Bahrievni tabriklashdi

07.01.2022 16:17

Kecha, 6 yanvar kuni O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida, bugun Milliy matbuot markazida jurnalist Karim Bahriev tavalludining 60 yilligi munosabati bilan tadbir bo`lib o`tdi.

Universitet rektori professor Sherzodxon Qudratxo`ja hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O`sarov rahbarlik qilgan tadbirlarda professor o`qituvchilar hamda ko`plab jurnalistlar mashhur siyosiy jurnalist, ko`plab asarlar muallifi va tarjimon Karim Bahrievga aloqador xotiralari bilan bo`lishdi.

Masalan, "Oltin meros" xayriya jamg`armasining raisi, shoir, jurnalist Amirqul Karimov 39 yildan buyon tanish ekanliklarini, uchrashuvlari 1983 yilda, Moskva va Leningrad Davlat universitetiga ketayotganlarida samolyotda yuz bergani haqida, 17 yilki, taqdir taqozosi bilan yonma-yon kabinetlarda ishlashlari, Karim Bahriev nima ish qilsa shuni to`g`ri deb bilishlari va amal qilishlari haqida so`zladi.

Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o`rinbosari, professor Tursunali Qo`ziev ijodda shaxs prinsiplari masalasi muhimligiga e`tibor qaratib, xalq muhabbatiga bu qadar sazovor bo`lish qiyin ekanligi haqida so`z yuritib, mohir rassom tomonidan moybo`yoqda ishlangan K.Bahrievning suratini sovg`a qildi.

80-yillarning oxiri – 90-yillarning boshida millionlab tirajda chiqqan mashhur "O`zbekiston adabiyoti va san`ati" gazetasining Bosh muharriri, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboev "Oy borib, omon qaytmagan bolam" maqolasining bosilish tarixi, Qo`qon voqealari, nashriyot direktori Islom Shog`ulomovning har hafta gazeta bosilishidan avval, chaqirib "Iltimos, gazetani 100 ming dona kamroq bosinglar, bir vagon qog`oz ketyapti" deb iltimos qilishi, o`tkir maqolalar ortidan hukumatning yuqori kabinetlarida mulozimlardan eshitiladigan dakkilar haqida so`zlab berdi.

Filologiya fanlari doktori Halim Sayidov o`zi ham qachonlardir armiya haqidagi maqolaga havas qilib, shunday material tayyorlagani, yurak-bag`ri qon bo`lganiyu, oxir-oqibat maqolani chiqaradigan jasur bosh muharriri topilmaganini o`kinch bilan so`zlab berdi. 

O`qituvchilar Akbar Nurmatov va Nazira Toshpo`latova ham so`zga chiqib, yubilyarning mashhur maqolalari, ulardagi dolzarb mavzular haqida so`zladilar.

Samimiy, engil kulgiga boy va insoniy ruhda o`tgan har ikki uchrashuvda ham Karim Bahrievga yubiley to`ni kiydirilib esdalik sovg`alari topshirildi.

Shuningdek, Milliy matbuot markazida bo`lib o`tgan tadbirda Karim Bahriev bilan birgalikda "Milliy tiklanish" gazetasi muharriri Dilmurod Qirg`izboev ham tavallud kuni munosabati bilan tabriklandi.

Eslatib o`tamiz, Rost24.uz saytida bir muddat avval “Buyuk jurnalist 60 yillik yubiley yoshiga to`ldi, ammo odatdagidek uni hech bir mulozim tabriklamadi” nomli maqola e`lon qilingan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар