Jahon chepionatidan katta g`alaba bilan qaytgan Nodirbek Abdusattorovni aeroportda hech bir mutasaddi rahbarlar kutib olmagani, chempionga boshqa sport turlari g`oliblari kabi munosabatda bo`linmagani ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo`layotgan edi.
Rost24.uz muxbiri bu haqida, ya`ni Nodirbekning munosib kutib olinmagani, mutasaddilarning munosabati borasida uning otasi Fazliddin Ochilov savol berdi.
— Bunday dabdaba kerak emas. Bizga eng asosiysi, Nodirbekning shaxmat bo`yicha rivojlanishiga, dunyoni zabt etishiga sharoit yaratilishi, manashu karnay-surnay dabdabadan ustun turadi. Shuning uchun biz bu holatdan hech norozi, xafa emasmiz, – deb javob qaytardi Fazliddin Ochilov
Bugun, 3 yanvar kuni Milliy Olimpiya qo`mitasida tezkor shaxmat (rapid) bo`yicha eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Unda Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov, Prezidentning yoshlar, fan, ta`lim, sog`liqni saqlash va sport masalalari bo`yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, bosh vazir o`rinbosari, O`zbekiston Shaxmat federasiyasi raisi Aziz Abduhakimov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.
Nodirbek Abdusattorovga «Mard o`g`lon» davlat mukofoti, 2 xonali uy kaliti hamda 250 million so`m pul mukofoti topshirildi.
Shuningdek, murabbiylarga 100 million so`mdan, Varshavadagi jahon chempionatida blis yo`nalishida ishtirok etib, sovrin uchun kurashgan Javohir Sindorovga 50 million so`m, turnirda ishtirok etgan boshqa shaxmatchilar - Jahongir Vohidov va Shamsiddin Vohidovga ham pul mukofotlari berildi.
Eslatib o`tamiz, bundan oldin saytimizda “Eng yosh jahon chempioniga aylangan Nodirbek qancha mukofot pulini qo`lga kiritdi?” maqolasi e`lon qilingan edi.