2026 yilda yo`l qurilishiga 442 million dollar yo`naltirilib, 200 kilometr yo`l rekonstruksiya qilinadi

21.10.2026 09:42

2026 yilda yo`l xo`jaligi sohasida 442 million dollarlik mablag`ni o`zlashtirish, jami 200 kilometr avtomobil yo`lini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.


Ma`lum qilinishicha, ayni paytda sohada jami 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ularning 13 tasi xalqaro moliya institutlari ishtirokida, ikkitasi esa davlat-xususiy sheriklik asosida bajarilmoqda. Joriy yilda ushbu loyihalar doirasida o`zlashtirilishi ko`zda tutilgan mablag`lar hajmi 2025 yilga nisbatan 1,5 barobar, 2024 yilga nisbatan esa 1,8 barobar ko`pni tashkil etadi.


2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida to`qqizta loyiha doirasida 110 kilometr avtomobil yo`li rekonstruksiya qilinib, bajarilgan ishlar qiymati 214,3 million dollarga etgani va belgilangan reja 101 foizga bajarilgani ma`lum qilindi.
 
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Surxondaryo viloyatidagi 4R105 va 4R100 avtomobil yo`llarining 111 kilometrini, Qoraqalpog`iston Respublikasi hududidan o`tuvchi A380 yo`lining 25 kilometrini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg`armasi ko`magida Qashqadaryo viloyatidagi M39 avtomobil yo`lining 60 kilometrini, Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki ishtirokida esa Buxoro viloyatidan o`tuvchi A380 «G`uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu» avtomobil yo`lining 78 kilometrini rekonstruksiya qilish ko`zda tutilgan.
 
Ayrim loyihalar bo`yicha esa tender jarayonlari boshlangan. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida sement-beton qoplamali ichki yo`llarni qurish, Qoraqalpog`istondagi A380 avtomobil yo`lining 92 kilometrini rekonstruksiya qilish hamda Evropa tiklanish va taraqqiyot banki ko`magida Xorazm viloyatidagi D213 avtomobil yo`lining 84 kilometrini yangilash bo`yicha tenderlar e`lon qilingan.


Bundan tashqari, Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki ishtirokida Xorazm va Qoraqalpog`istondagi mahalliy yo`llarni ta`mirlash, Islom taraqqiyot banki ishtirokida esa A373 «Guliston–Bo`ka–Angren–Qo`qon–Andijon» avtomobil yo`lining 0–37-kilometr qismini rekonstruksiya qilish loyihalari bo`yicha ham tenderlar o`tkazilmoqda. Tender e`lon qilingan beshta loyihaning to`rttasi doirasida qurilish ishlari boshlangan.
Sohadagi loyihalarni moliyalashtirish va xorijiy investisiyalarni jalb qilish maqsadida 50 dan ortiq xorijiy hamkor bilan uchrashuvlar o`tkazilgan. Hozirda xalqaro moliya institutlari bilan bir qatorda Turkiya, Germaniya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari ham davom ettirilmoqda.


Avvalroq Toshkent shahri atrofida uzunligi 100 kilometr bo`lgan ikki qavatli pullik halqa avtomobil yo`lini qurish rejasi haqida xabar berilgan edi. Qiymati 1 milliard dollarga baholanayotgan mazkur loyiha Xitoyning China Railway Construction kompaniyasi ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Ushbu tashabbus ham poytaxt atrofidagi transport infratuzilmasini rivojlantirish va avtomobil harakatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan yirik loyihalardan biri hisoblanadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар