O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati, 2020 yilning «Yil odami» Rasul Kusherbaev 2021 yil uchun o`z «Yil odami» sifatida bloger, iqtisodchi Otabek Bakirovni e`tirof etdi.
Ammo Rost24.uz sayti ko`rsatgan nomzodlar orasidan Doniyor G`anievni eng munosibi deb bilishini aytdi.
«Albatta, bular orasidan eng yaxshi taniydiganim Doniyor G`aniev. U bilan yaqindan ishlaymiz va u «Yil odami» bo`lishga loyiq inson. Shaxsan men shunday deb hisoblayman. Lekin hozir Doniyorni aytsam, bu deputat o`zining hamkasbiga yon bosyapti, degan fikr bo`lishi mumkin.
Shu sababli har bir odamning yil davomida o`zi kashf qilgan odami bo`lishi mumkin. Mening ham bu yil o`zim uchun kashf qilgan odamim bu Bakiro kanali asoschisi, bloger, iqtisodchi Otabek Bakirovni aytgan bo`lardim. Bu kishidan menga yo`l ko`rsatadigan g`oyalar, xohishlar borligini ko`rganim uchun o`zim ham ko`p narsa olaman. Men shaxsan shunaqa deb hisoblayman».
Shuningdek, deputat Kusherbaev «Eng namunali vazirlik» nominasiyasi bo`yicha ham o`z taklifini bildirdi.
«Mudofaa vazirligi bo`lsa kerak deb o`ylayman. Harqalay ushbu vazirlikda biror bir yomon, salbiy tomonlama qanaqadir harakatlarni ko`rmadik. Qolgan vazirlik va idoralarda u yoki bu darajada qanaqadir xatolar yoki kamchiliklar bo`lganini ko`rdik. Shuning uchun menimcha Mudofaa vazirligi yaxshi ishlagan bo`lsa kerak. Men shaxsan ularning faoliyatiga bog`liq hech qanday salbiy fikr eshitganim yo`q».