Senator Gadoev O`zbekiston ayollarini gadoga aylantirmoqchimi?

29.12.2021 17:36

Senator Gadoev xususiy tadbirkorlik ob`ektida ishlaydigan ayollardan byudjet pulini qizg`onmoqda.

O`zbekiston hukumati byudjet tashkilotlarida ishlamaydigan ayollar uchun ham ijtimoiy himoya "dekret" pulini to`lab berish amaliyotini qachon yo`lga qo`yadi? 

Hukumat majlislarida xotin-qizlar huquqi va gender tengligi haqida gapirilsa-da ayollar ijtimoiy himoyasiga jiddiy e`tibor qaratilmayotgandek.

Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisi yakuni bo`yicha bo`lib o`tgan matbuot anjumanida rost24.uz muxbiri xususiy tadbirkorlik sub`ektida ishlovchi ayollarning "dekret" puli masalasi qachon Oliy Majlisi Senati tomonidan ko`rib chiqilishi bo`yicha savolni o`rtaga tashlagan edi. Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari bo`yicha qo`mita raisi Erkin Gadoev rost24.uz ko`targan mazkur masalaga uzil-kesil quyidagicha javob qildi.

Erkin Gadoev Mehnat kodeksida xususiy sub`ektlar ham kodeksda nazarda tutilgan moddaga ko`ra, o`zlari "dekret" pulini ishchilariga to`lab berishga majbur ekanligini eslatdi. Aks holda fuqarolar ish joyini sudga berish huquqlari bor, dedi Erkin Gadoev. Jurnalistning byudjet tomonidan ayol fuqarolar ijtimoiy himoyaga olinishi, ularga byudjet tomonidan "dekret" puli to`lab berilishi masalasi eslatilganda u “xususiy sub`ektlarning o`zi ishchilarini dekret pulini to`lasin”, deya qat`iy javob qildi.

Biroq biz bilamizki, amalda aksariyat ish beruvchilar xodimlar, ayollar, onalar oldidagi "dekret" pulini to`lash majburiyatni bajarmayapti. Bu esa nobyudjet sohadagi ish beruvchilar tomonidan ayollarni ishga qabul qilmaslikka (ayniqsa, homiladorlik davrida) va ayollarning mehnat qilish huquqining cheklanishiga sabab bo`lmoqda. Shu bilan birgalikda, ish bilan band bo`lmagan ayollarga ushbu nafaqalar to`lanmaydi. Mazkur holatlar keng jamoatchilikning savol va mulohazalariga sabab bo`lmoqda. Senator Gadoev esa bu masalaga qayg`urmaydigan ko`rinadi.

Xalq xizmatida, xalq dardi bilan o`tirgan senatorning ayol fuqarolarning ijtimoiy himoyasi yuzasidan bildirgan ushbu keskin fikri aholini xavotirga solmaydimi? Oliy Majlis Senatorlarining fuqarolarni bu tarzda ajratishi qanchalik to`g`ri?

Bir vaqtning o`zida majlisda qatnashgan Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi Malika Qodirxonova Senat tomonidan byudjet tashkilotida ishlamaydigan ayollarga "dekret" puli to`lab berish masalasi ko`rib chiqilayotganini ma`lum qildi. Malika Qodirxonovaning aytishicha, hozirda xorijiy davlatlar amaliyoti o`rganilmoqda.

“Xususiy tadbirkorlik sub`ektida ishlaydigan ayollar ijtimoiy himoyasi ham davlat qaramog`ida bo`lishi lozim, ular ham O`zbekiston fuqarolari, axir”, deydi Malika Qodirxonova.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
30.12.2021 01:03
Хусусий сектор бўладими, давлат ташкилоти бўладими декрет пули, суюнчи пули каби масалалар давлат ҳисобидан бўлиши керак. Эркин ака илгари халқпарвар инсон эди, нима бало айниптими?