“Tog`a”ning gazetasi 90 yoshga to`ldi. Eshitdinglarmi jiyanlar

18.12.2021 08:29

Bugungi raqamlashgan, shiddatli, matbuotning kun ko`rishi qiyin bo`lib qolgan bir paytda O`zbekistonning eng keksa gazetalaridan biri hisoblangan “Ma`rifat” o`zining 90 yoshini nishonlamoqda. Bosh muharriri Husan Nishonov!

Husan Karvonli hamma bilan qarindosh! Masalan, yoshlar bilan “jiyan” deb gaplashadi. “Tog`a” bo`ladi-da shunda! Toshkentning suronli havosida qishloqcha lahjasini saqlab qola olgan bu jurnalistni avvaliga tahririyatda biron ish qilmasa kerak, deb o`ylaydi kishi. Chunki qo`l ostida yosh-yosh xodimlari etarli, o`zi esa ijtimoiy tarmoqlarda doimo “onlayn”.

Ammo hiyla mulohaza qilinsa, “Ma`rifat” muharriri ayrim muharrirlardek faqat kabinet-u qog`ozlarga bog`lanib qolganlardan emasligini sezish mumkin. Yoshlar orasida mutolaa madaniyatini oshirish uchun zamon bilan hamnafas, hatto nashrlar orasida birinchi bo`lib gazetaning mobil ilovasini yaratilishi uchun bosh bo`ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda maqolalarni o`zi piar qiladi, maqolasi e`lon qilingan ziyolilar bilan o`zi muloqot qiladi, tahrir qiladi va h...
“Uch yildan beri mehnat ta`tiliga chiqqanim yo`q, ikki yildan buyon shanba-yakshanbani ish kuni deb e`lon qilganman o`zimga”, deb yozadi gazeta haqidagi taassurotlaridan birida Husan Karvonli.

Gazetada e`lon qilinayotgan maqolalar shu darajada dolzarbki, uni jurnalist emas, asosan sohada ishlab kelayotgan, muammoni ichidan bilgan inson yozadi. Gazeta esa shunchaki unga peshtaxta vazifasini bajarib beradi. 
“Shunchaki” deyish xato. Axir bitta maqolaning e`lon qilinishi uchun ozmuncha mehnat sarflanmaydi.

“Esimda, bitta zo`r muammoni ko`tarib maqolani e`lon qilvorardik-da  keyin tepadagilardan so`kishni eshitardik”, deydi gazetaning sobiq rahbarlaridan biri Halim Saidov.

Ta`lim tizimidagi og`ir muammolar yoritiladigan, o`z bag`riga ko`plab yoshlarni olib ularni tarbiyalaydigan, jurnalist bo`lib etishishi uchun ta`lim berishdan charchamaydigan gazetani 90 yoshi bilan qutlash uchun Xalq ta`limi vaziri Bunyod Saidov ham alohida tabrik bilan keldi:
“Xalq ziyolilari, o`qituvchilarning yaqin ko`makdoshi “Ma`rifat” gazetasi bugungi kunda ta`lim inqilobi bo`lib xizmat qilishi kerak. Xalq ta`limi tizimini tubdan o`zgartirish, shu bilan birga o`zgartirish kiritishga astoydil bel bog`lashi zarur. Ta`lim sohasida faoliyat olib borayotgan pedagoglarni barcha islohotlardan to`la xabardor etish va shu orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish “Ma`rifat” gazetasining asosiy shioriga aylanishi joiz. Shundagina bu inqilob xalq  ta`limi tizimi xodimlari ehtiyojiga, orzu-umidlariga tayanib, kutilgan natijani beradi.
… Fursatdan foydalanib, gazetaning fidoyi jamoasini va ushbu nashr rivojiga hissa qo`shgan jurnalistlarni qo`shaloq bayram bilan qutlaymiz. Ta`lim-tarbiyaga oid amaliy takliflar, tahliliy, tanqidiy va ilmiy-ommabop maqolalar, adabiy-badiiy asarlar bilan gazeta sahifalari yanada boyishini, jamoaning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar yor bo`lishini tilab qolamiz!”

Gazetaning 90 yilligi munosabati bilan “Mehr va mahorat maktabi” nomli kitob nashr etildi. Unda “Ma`rifat”ning bugungi yutuqlariga sababchi bo`lgan insonlar – gazeta xodimlari, rahbarlari, xalq ziyolilari va o`quvchilarining fikrlari jamlangan.

Rost24.uz tahririyati ham O`zbekistonda jurnalistika taraqqiyotiga qo`shayotgan mislsiz hissasi uchun gazeta jamoasiga hurmati cheksiz va 90 yoshi bilan samimiy tabriklaydi!

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
8
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар