"Pora" so`zi qachondan boshlab "moddiy rag`bat" bo`lib qoldi?
Mansabdor ashyoviy dalillar bilan ushlanganiga qaramasdan nega faqat uning ismini bosh harflari e`lon qilingan? Nega u boshqa mansabdorlar uchun qo`llanilgan 210-modda emas, balki 168-modda ya`ni firibgarlikda ayblanayapti.
6 dekabr kuni Bosh prokuratura axborot xizmati tomonidan rasmiy bayonot e`lon qilingan bo`lib unda O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazilgani haqida xabar berildi.
Xabarda yozilishicha, A.T. Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokurori lavozimida ishlagan paytida, 2020 yil oktyabr oylarida o`ziga tanish bo`lgan qurilish korxonasi rahbari D.A.ni Olmaliq shahridagi 11-sonli yotoqxonani rekonstruksiya qilish bo`yicha qonuniy o`tkazilgan tenderda qurilish korxonasi go`yoki uning yordami bilan g`olib chiqqanligiga ishontirgan va moddiy rag`bat talab qilib kelgan.
Shundan so`ng, hozirda Bosh prokuraturada boshqarma boshlig`i o`rinbosari lavozimida ishlayotgan va joriy yil 22 noyabrdan mehnat ta`tilida bo`lgan A.T. joriy yil 5 dekabr kuni soat 22 larda Mirobod tumanida joylashgan "Mustafo" restoranida D.A.dan go`yoki tenderda yutishiga yordam qilganligi uchun 29 ming AQSh dollarini olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Bunda o`rinli savol tug`iladi: Jinoyatchi ashyoviy dalillar bilan ushlanganiga qaramasdan nega faqat uning ismini bosh harflari e`lon qilingan? Nega boshqa mansabdorlar uchun qo`llanilgan 210-modda emas, balki 168-modda ya`ni firibgarlikda ayblanayapti. Nega olingan pora “MODDIY RAG`BAT” deyilmoqda.
168-moddaga ko`ra, Firibgarlik, ya`ni aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan o`zganing mulkini yoki o`zganing mulkiga bo`lgan huquqni qo`lga kiritish bo`lib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar bu holatda xizmat mavqiedan foydalanib sodir etilgan deb topilsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to`rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ya`ni poraxo`r jarima bilan bemalol qutulib qolish mumkin. 01.09.2021 yildan boshlab bazaviy hisoblash miqdori 270 ming so`m deb belgilangan bo`lib, 29 ming AQSh dollari olgan prokuror 108 million ya`ni nari borsa 10 ming dollar bilan qamalishdan qutulib qoladi.
U 210-modda bilan ayblansachi?
Agar pora olish quyidagilardan biri sifatida tasniflansa:
a) takroran, xavfli residivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 211 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) ko`p miqdorda;
v) tamagirlik yo`li bilan;
g) bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo`lsa, – besh yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish juda ko`p miqdorda yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko`zlab sodir etilgan deb tasniflangan taqdirda esa o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bu holatda jarima haqida band yo`q. Ya`ni firibgarlikning eng og`ir ko`rinishi uchun olingan jazo pora uchun belgilangan jazodan engilroq.
Aytgancha, mansabdor ashyoviy dalil bilan ushlangan bo`lsada Gumonlanuvchi sanaladi, u hozirda prosessual tartibida ushlangan. Uning aybi va unga belgilangan uzil kesil jazo sudda belgilanadi.