Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi: O`zbekistonning tashabbuslari va dunyo e`tirofi

20.11.2025 11:55

Markaziy Osiyoda suv resurslarini oqilona boshqarish masalasi tobora dolzarb tus olmoqda. Mintaqada aholi soni o`smoqda, iqlim o`zgarishi salbiy ta`sir ko`rsatmoqda, qishloq xo`jaligi va sanoat tarmoqlari esa yangi resurslar talab etmoqda. 


Prezident Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ettinchi maslahat uchrashuvida suv xavfsizligi masalasini strategik ustuvor yo`nalish sifatida belgilab, 2026–2036 yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo`yicha amaliy harakatlar o`n yilligi” deb e`lon qilish tashabbusini ilgari surdi. 


Davlatimiz rahbari Afg`onistonni ham Amudaryo havzasidan birgalikda foydalanish masalalarida faol muloqotga jalb etish muhimligini qayd etar ekan, suv taqsimoti hayotiy masala ekanini, uni faqat muloqot va hamjihatlik orqali hal qilish mumkinligini ta`kidlagandi.


17 noyabr kuni Toshkentda o`tgan Suv hamkorligi va qonunchiligini takomillashtirishga bag`ishlangan xalqaro konferensiya ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Markaziy Osiyoda, xususan O`zbekistonda suv muammolarini hal etish yo`lini qidirayotgan etakchi xalqaro ekspertlar, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Shveysariya taraqqiyot agentligi va boshqa qator donorlar ishtirokidagi ushbu yig`ilish amaliy muloqot maydoniga aylandi. Unda asosiy e`tibor suvning tejamli va barqaror boshqaruvi, transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish, sug`orish infratuzilmasini modernizasiya qilish va har bir mamlakat ehtiyojlarini inobatga olgan holda suv siyosatini yangilash masalalariga qaratildi.


Konferensiyaning asosiy voqeasi O`zbekistonning yangi Suv kodeksi taqdim etilgani bo`ldi. Qabul qilingan bu huquqiy hujjat mamlakat suv siyosatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatli. Kodeksda suv resurslaridan barcha tarmoqlar uchun adolatli foydalanish, suvdan foydalanish huquqlari, sohani tartibga solish mexanizmlari, suv ekotizimlarini muhofaza qilish, er usti va er osti suvlarining o`zaro bog`liq boshqaruvi kabi masalalar kompleks tarzda yoritilgan. Xorijlik ekspertlar bu hujjatni “tarixiy qadam” deya baholashdi. Ular ta`kidlaganidek, Suv kodeksi O`zbekistondagi islohotlarning tizimliligini namoyon etadi va suv kelajagini xavfsiz qilishda muhim tashkiliy-huquqiy poydevor vazifasini bajaradi.


Haqiqatan ham, so`nggi yillarda O`zbekistonda suv resurslarini boshqarish borasida amaliy ishlar sezilarli darajada kuchaytirildi. Mamlakatda 2 million gektardan ortiq maydonda suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilgani, 2030 yilgacha mo`ljallangan Suv sektori konsepsiyasi va yangi davlat dasturlari qabul qilingani bu yo`nalishning qay darajada ustuvor ekanini ko`rsatadi. 


BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Akiko Fudzii ta`kidlaganidek, O`zbekistonning yangi NDC 3.0 strategiyasida ham suv masalasi iqlim siyosatining markaziy ustuni sifatida belgilangan.
“Ayni paytda Braziliyada Iqlim o`zgarishi bo`yicha BMT Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 30-yig`ilishi doirasida muhokamalar olib borilmoqda va yana bir bor O`zbekiston hukumatini tabriklayman — yangi NDC 3.0 (milliy darajada belgilangan hissa) topshirildi. 


Bu esa hukumatning iqlim siyosati markazida suv masalalarini mustahkam joylashtirishga va ushbu yo`nalishda jahon mintaqalarida etakchilik qilishga bo`lgan qat`iy intilishini namoyon qiladi”, dedi BMT taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi doimiy vakili.


Bugun xalqaro ekspertlarning fikrlari bir nuqtada mushtarak: yangi Suv kodeksi — bu kelgusi o`n yilliklarda amalga oshiriladigan islohotlar dasturining yo`l xaritasi. Osiyo taraqqiyot bankining ekspertlari Januar Laude va Jeremi Byord kodeksda institusional vakolatlarni aniq belgilashdan tortib, foydalanuvchilar huquq va majburiyatlarini hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirishgacha bo`lgan yo`nalishlar mukammal belgilanganini qayd etishdi. Bu esa investorlarga ishonch, xalqqa adolatli suv ta`minoti, davlatga esa aniq va shaffof boshqaruv imkonini beradi.


Konferensiya doirasida suv ta`minotini yaxshilash, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish, Orolbo`yi aholisini qo`llab-quvvatlash, suv ta`lim markazlarini rivojlantirish kabi muhim tashabbuslar muhokama qilindi. Bu borada Toshkent irrigasiya instituti bazasida Suv xo`jaligi bo`yicha kompetensiyalar mintaqaviy markazini tashkil etish rejasi esa Markaziy Osiyoning suv muammolariga echim topadigan ilmiy-innovasion xabga aylanishga qaratilgan amaliy qadam bo`ldi.


Anjumanning aynan O`zbekistonda o`tkazilishi ham mamlakatning mintaqadagi nufuzi va tashabbuskorligini yanada mustahkamlaydi. Yig`ilish ishtirokchilarining fikriga ko`ra, O`zbekiston nafaqat ichki islohotlarni jadal davom ettirayotgan davlat, balki transchegaraviy suv muammolarini hal etishga tayyor, xalqaro hamkorlikga ochiq va mintaqaviy barqarorlikni ta`minlashga intilayotgan mas`uliyatli sherik sifatida namoyon bo`lmoqda.

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар