Ayni paytda prezident Jizzax shahrida bo`lib turibdi. Tashrif doirasi bo`lib o`tgan uchrashuvda Jizzaxdagi bo`lajak atom elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun 10 ming kishilik monoshaharcha qurilishi haqida xabar berildi.
Shavkat Mirziyoev avvalo zamonaviy va qulay yo`l infratuzilmasini barpo etish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo`liga bog`lash uchun qurilgan qariyb 290 milliard so`m hisobidan 700 metrlik yo`l o`tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo`lini ko`zdan kechirdi. Mazkur yo`l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o`tkazish imkoniyatiga ega.
Bu yo`nalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yo`ldan foydalanishga majbur edi. Qurilgan yangi yo`l sababli bu masofa 4 kilometrgacha qisqarib, eski yo`ldagi tirbandliklar bartaraf etilgani haydovchilar, tadbirkorlar, logistika va xizmat ko`rsatish sohasi uchun uchun ham katta qulayliklarni keltirdi.
Yo`l o`tkazgich metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan bo`lib, uning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. An`anaviy temir-beton o`tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qilishini hisobga olsak, xizmat muddati ikki barobarga uzaygan.
Loyihaning yana bir muhim jihati shuki, ilgari yo`lovchi va yuk poezdlar o`tgan paytda avtomobillar temir yo`l kesishmasida to`xtab qolishga majbur bo`lgan, endilikda esa yo`lo`tkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, o`t o`chirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati osonlashadi.
Shuningdek, ayni paytda Jizzax viloyatida qurilishi boshlangan integrasiyalashgan ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasi haqida ham prezidentga axborot berilgan. Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan.
Qurilish-montaj bazasi uchun er tekislash, betonlash, armatura o`rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar joy majmuasi barpo etilgan.
Ma`lum bo`lishicha, bo`lajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma`lumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga mo`ljallangan bo`ladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko`rsatish ob`ektlari ko`zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoev, shuningdek Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo`yicha master-reja va renovasiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishgan.
Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar berilgan.