IB TIZIMIDAGI ILK DAVLAT MAKTABI — O`ZBEKISTON TA`LIMIDA YaNGI SAHIFA

19.11.2025 22:30

Bugungi kunda mamlakatimizda “Yangi O`zbekiston” g`oyasi nafaqat iqtisodiy sohada, balki ta`lim, madaniyat va ilm-fan sohasida ham yangi yondashuvlarni kashf qilmoqda. Xususan, inson kapitalini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va ta`lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur jarayonning yorqin namunasi sifatida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatini misol keltirish mumkin. Mazkur ta`lim maskani 2025-yil 15-mayda qabul qilingan PF–86-sonli Farmonda belgilangan vazifalar doirasida tashkil etilgan bo`lib, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularning bilim va ko`nikmalarini xalqaro standartlar asosida yanada rivojlantirish va eng muhimi — dunyo miqyosida tan olingan TOP–50 reytingdagi universitetlarga o`qishga tayyorlash uchun maxsus tashkil etilgan.

Maktab shunchaki ta`lim maskani emas, balki o`quvchilarning intellektual salohiyatini “o`rganuvchi”dan “kashf etuvchi”ga yuksaltiruvchi, yangi tafakkur maskanidir. Bu erda har bir dars, har bir loyihaviy topshiriq va har bir muhokama o`quvchilarning dunyoqarashini global miqyosga olib chiqish hamda insoniyat taraqqiyotida o`z o`rnini topishga yo`naltirilgan.

Jumladan, maktab o`quvchilari bugun global muammolar haqida fikr yuritish, turli madaniyat vakillari o`rtasida muloqot o`rnatish, g`oyalarni dalillar bilan himoya qilish kabi 21-asr kompetensiyalarini egallamoqdalar. Zero, XXI asrning asosiy talabi — bilimni o`zlashtirish emas, balki uni yaratishdir.

Al-Beruniy maktabi o`z nomiga mos ravishda ilm, tafakkur va ma`naviyat uyg`unligini ifodalaydi. Maktab logotipida aks etgan “Qutadg`u bilig” jumlasi ham bejiz emas, ya`ni maktab “Saodatga eltuvchi bilim” maskani sifatida bilim va adolat, aql va fazilat birligini anglatadi.

Joriy yilda maktabga ilk qabul jarayonlari tashkil etlib, 16 000 dan ziyod nomzodlar ichida 60 nafar eng yuqori natija ko`rsatgan yoshlar o`qishga qabul qilindi. Imtihonlar Matematika va Ingliz tili bo`yicha ikki bosqichda Respublika hududlarida o`tkazildi.

Al-Beruniy maktabida ta`lim tizimi Shveysariyaning “International Baccalaureate Diploma Programme” dasturi asosida tashkil etilgan bo`lib, bu dastur dunyoning 160 dan ortiq davlatlarida e`tirof etilgan xalqaro o`quv modeli hisoblanadi. Dunyo bo`ylab IB tizimida faoliyat yuritayotgan maktablar soni 6 mingdan ziyod bo`lib, ularda 1,95 mln o`quvchi ta`lim olmoqda.

IB ta`lim dasturi to`rta bosqichdan — PYP (boshlang`ich), MYP (o`rta), DP (diplom dasturi) va CP (kasbiy yo`nalish)dan iborat bo`lib, 3 yoshdan 19 yoshgacha bo`lgan o`quvchilarning har tomonlama rivojlanishini qamrab oladi.

Al-Beruniy maktabi O`zbekiston tarixida, qolaversa, Markaziy Osiyoda IB Diploma Programme (DP) dasturini amalda joriy etgan ilk davlat maktabi sifatida tashkil etildi. Jumladan, bugungi kunga qadar IB tashkiloti tomonidan ikki bosqichli dastlabki baholash tashriflari amalga oshirilib, maktab IBning barcha talablaridan muvaffaqiyatli natijalar bilan o`tdi.

Shuningdek, bugungi kunga qadar maktab tomonidan 20 ga yaqin xalqaro ta`lim tashkilotlari va etakchi universitetlar bilan hamkorlik aloqalari yo`lga qo`yildi. Jumladan, Avstraliyaning Sydney (QS–25) va Monash (QS–36) universitetlari, Buyuk Britaniyaning Kaplan International tashkiloti hamda Cardiff va Sussex universitetlari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek, AQShning “Ivy League” — dunyodagi eng nufuzli universitetlar ittifoqiga kiruvchi Harvard, Yale, Brown, Cornell va Columbia universitetlari bilan hamkorlik yo`nalishlarini kengaytirish bo`yicha muzokaralar olib borilmoqda.

IB falsafasining markazida insonparvarlik va “dunyo fuqarosi” bo`lish tamoyili turadi. Dastur o`quvchilarga chuqur akademik bilim berish bilan birga, ularni tanqidiy va mustaqil fikrlashga, ijtimoiy mas`uliyatni his etishga hamda turli madaniyatlarni hurmat qilishga o`rgatadi.

IB tizimining afzalligi shundaki, u o`qituvchini bilim beruvchidan ko`ra, yangi fikr va g`oyalarni shakllantiruvchi murabbiy sifatida ko`radi. Xususan, “Bilim nazariyasi” (TOK), “Kengaytirilgan insho” (EE) va “Ijodkorlik, Faoliyat, Xizmat” (CAS) modullari o`quvchilarning intellektual va ma`naviy etukligini bir butunlikda rivojlantirib boradi.

Bundan tashqari, maktab bitiruvchilariga davlat standartlaridagi shahodatnoma bilan bir qatorda IB diplomi ham beriladi. Mazkur diplom bitiruvchilarga dunyo reytingidagi TOP–50 universitetlarga imtiyoz asosida kirish hamda bakalavriat dasturini 4 yil emas, 3 yil o`qish imkonini beradi.

Aynan shu jihatdan, Al-Beruniy maktabi bugun Markaziy Osiyoda IB Diplom dasturini to`liq amalga oshirayotgan ilk davlat maktabi sifatida tarixda o`z o`rnini egalladi.

Ta`kidlash lozimki, maktabda ta`lim tizimi shaxsga yo`naltirilgan dastur asosida tashkil qilingan bo`lib, o`quvchilarga individual mentorlar biriktirilgan. Bu yondashuv ularda nafaqat akademik rivojlanish, balki psixologik va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimini ham mustahkamlaydi.

Shuningdek, dars jarayonida “kichik guruhlarda ishlash” amaliyoti yo`lga qo`yilgan bo`lib, bu o`quvchilarga fikr almashish, bahs-munozara orqali faktlarni izlash imkonini beradi. Maktabda darslar to`la ingliz tilida olib borilib, qo`shimcha ravishda yana ikki chet tilini chuqur o`rganish, ilmiy tadqiqot va startap loyihalarda ishtirok etish, xalqaro olimpiada va tanlovlarda qatnashish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, IB o`quvchi profilidagi 10 ta fazilat — tadqiqotchi, fikrlovchi, o`z dunyoqarashiga ega, halol, g`amxo`r, ochiq fikrli, muvozanatli, tafakkurli, tavakkaldan qo`rqmaydigan va muloqotchan bo`lish — Al-Beruniy maktabining ma`naviy asosini tashkil etadi.

Prezident Farmonida belgilanganidek, Al-Beruniy maktabini muvaffaqiyatli bitirgan va dunyoning TOP–50 universitetlaridan biriga qabul qilingan o`quvchilarning xorijdagi ta`lim va yashash xarajatlari davlat tomonidan to`liq moliyalashtiriladi. Bu qaror yoshlar uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochib, kelajakda mamlakatimiz va ilm-fan taraqqiyotiga hissa qo`shish uchun zamin yaratadi.

Eng asosiysi, bu — Yangi O`zbekistonning o`z farzandlariga bo`lgan ishonchi, ularning intellektual salohiyatiga bergan yuksak bahosidir.

Bu erda yoshlar global muhitda erkin fikrlaydigan, shu bilan birga milliy qadriyatlariga sodiq, vatanparvar shaxslar sifatida tarbiyalanadi. O`quvchilarning CAS faoliyati (Ijodkorlik, Faoliyat, Xizmat) orqali ular jamiyat hayotida faol ishtirok etadi, ijtimoiy loyihalar va volontyorlik ishlarida o`z hissasini qo`shib boradi.

Shu tariqa, maktab o`quvchilarni “global ta`lim oluvchilar” emas, balki “global fikrlovchi o`zbek ziyolilari” sifatida voyaga etkazadi.

Shuningdek, IB tizimidagi baholash metodikasi Al-Beruniy maktabining kuchli jihatlaridan biridir. Bu tizim nafaqat test va imtihonlarga, balki o`quvchining mustaqil tahlil, tadqiqot, ijodkorlik va ijtimoiy faolligiga asoslanadi.

Baholash jarayonida o`quvchilar ichki (maktab ichida) va tashqi (IBning xalqaro ekspertlari tomonidan) imtihondan o`tkaziladi. Baholash natijalari o`quvchilarning bilimini emas, balki ularning tafakkur darajasini o`lchamoqda.

Al-Beruniy maktabi istiqbolda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishni, IB o`qituvchilari malakasini oshirishni, raqamli va STEAM yo`nalishlarini chuqurlashtirishni, shuningdek, o`quvchilarni ilm-fan va texnologiyalar kesishgan nuqtalarda o`qitishni maqsad qilgan.

Mazkur yo`nalishda har yili eng yuqori akademik ko`rsatkichlarga erishgan o`quvchilarni xorijdagi Garvard, Stenford, MIT, Oksford va Kembrij kabi nufuzli universitetlar qoshida tashkil etilgan yozgi oromgohlarga yuborish va universitet qabul talablari hamda hayoti bilan yaqindan tanishtirish, maktabni yakunlagach mazkur universitetlarda o`qishi maqsad qilingan.

Shuningdek, bitiruvchilarning global tarmog`i shakllantirilib, ular yurt taraqqiyotiga qaytib xizmat qiladigan intellektual elita sifatida shakllanadi.

Xulosa o`rnida ta`kidlash lozimki, bugun Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati bu oddiy o`quv muassasasi emas. U Muhtaram Prezidentimizning Yangi O`zbekiston ta`lim sohasidagi islohotlari natijasi, milliy tafakkur va global dunyoqarashni uyg`unlashtirgan noyob ta`lim tashkilotidir.

Bu maktabda ta`lim olayotgan yoshlar ertangi kunning siyosatchilari, olimlari, muhandislari, diplomatlari, innovasiyachilari bo`lib etishmoqda. Ular uchun har bir dars — bu kelajak sari tashlangan ishonchli qadamdir.

O`zbekiston ta`lim tizimi tarixida ilk bor davlat tashabbusi bilan tashkil etilgan, xalqaro akkreditasiyaga ega bunday maskan — bizning xalq sifatida bilimga, tafakkurga va yuksak maqsadlarga sodiqligimiz namunasidir.

Al-Beruniy maktabi — Yangi O`zbekistonning ma`naviy va intellektual kelajagini bunyod etayotgan ilm dargohlaridan biridir.

Javoxir AXMEDOV Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati ijrochi direktori

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар