30 yil ichida ilk bor O`zbekiston jurnalistlari Jahon sog`liqni saqlash, Evroosiyo tamakiga qarshi kurash tashkilotlari vakili va boshqa mutaxassislar bilan tamaki cheklash masalasini muhokama qilish uchun yig`ildilar.
O`zbekistonda tamaki mahsuloti iste`molini cheklash bo`yicha jiddiy qonuniy choralar ko`rilish arafasida.
Tamaki mahsulotlarining rivojlanib ketishi amaldagi qonunlarni takomillashtirishga ehtiyoj borligini ko`rsatmoqda. Bunda tabiiyki jurnalistlarning faolligi o`ta muhim. O`zbekiston jurnalistlari mutaxassislar bilan bir doirada tamaki mahsulotlarini cheklash bo`yicha «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida»gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Seminar trening sifatida o`tkazilgan yig`ilishda quyidagi jiddiy savollar o`rtaga tashlandi.
Qo`shni davlatlarda taqiqlangan bo`lishiga qaramasdan O`zbekistonda nosvoyni cheklash nega hamon imkonsiz?
Elektron sigareta va snyuslar O`zbekistonda taqiqlanadimi?
Tamaki mahsulotlarini imkon qadar cheklash davlat byudjetiga jiddiy zarar keltiradimi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari aholi salomatligi bo`yicha ko`proq qayg`uradimi yoki tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining qonun loyihasiga ta`siri bo`ladimi?
Buning uchun qanday kurashish mumkin?
Mazkur savollarga xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar bo`ldi. Ammo, tamaki mahsulotini qonun doirasida cheklash va aholi salomatligi uchun jiddiy qayg`urish masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari zimmasida qolmoqda.
Bugun ommaviy axborot vositalari vakillari tamaki mahsulotlarini cheklash, bu borada parlamentda lobbizmga yo`l qo`ymaslik maqsadida maxsus norasmiy virtual guruh tashkil qildi. Jurnalistlarning maqsadi «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida»gi qonuning to`liq cheklovlar bilan qabul qilinishida faol bo`lish.
Tadbir “Ibn Sino” jamoatchilik fondi, jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, Sog`liqni saqlash vazirligi qoshidagi aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi tomonidan o`tkazildi. Unda mutaxassislardan Evroosiyo tamakiga qarshi kurashish koalisiyasi raisi Jamiliya Sodiqova, Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tamakiga qarshi kurashish bo`yicha muvofiqlashtiruvchi kengash a`zosi, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy byurosining tamakiga qarshi kurashish bo`yicha maslahatchisi Elezaveta Lebedeva qatnashdi.