Boysun tuman hokimligi Rost24.uz ning "Boysun tuman hokimligi qonunga xilof ravishda "Trailblazer" xarid qildi" maqolasiga quyidagicha izoh berdi:
15 noyabr kuni Rost24.uz axborot sayti orqali "Boysun tuman hokimligi qonunga xilof ravishda "Trailblazer" xarid qildi" sarlavhasi ostida e`lon qilingan maqolasi yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilamiz.
Materialda qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me`yorlari tasdiqlangan. Unga ko`ra, Boysun tuman hokimligi sotib oladigan xizmat avtomashinasi eng yuqori narxi bazaviy hisoblash miqdorining 700 baravaridan ortiq bo`lishi mumkin emasligi, hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 270 000 so`m ekanini hisobga olib, hokimlik sotib olgan xizmat avtomashinasining narxi 189 mln. so`mdan yuqori bo`lmasligi kerakligi bayon qilingan. Shunga ko`ra, hokimlik 258-sonli qaror talablarini buzganligi ko`rsatib o`tilgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me`yorlari tasdiqlash bo`yicha qarorining birinchi ilovasi 14 bandida eng yuqori narxi, bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan 1000 baravar, dvigatelning eng yuqori quvvati 2000 sm3 etib belgilangan. Bundan tashqari qarorining birinchi ilovasi oltinchi xat boshida “.... Borish qiyin bo`lgan va tog`li tumanlar hokimlari uchun xizmat avtotransport vositasini xarid qilishda dvigatelning eng yuqori quvvati 3000 sm3 gacha oshirilishga ruxsat etiladi....” deb ko`rsatib o`tilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Boysun tumanining olis tog`li hududda joylashganligi, tuman markazidan eng uzoq hududlarga borish kamida 70-80 km masofani tashkil qilishi, ushbu hududlar dengiz sathidan 1800-2200 metr balandlikda joylashganligi va olib boruvchi yo`llarning geografik noqulay ekanligi hisobga olingan holda qaror talabidan kelib chiqib, "Trailblazer" xizmat avtomashinasi sotib olinganligini ma`lum qilamiz.