O`tgan yili Chevrolet Tracker avtomobilini sotib olgan Samarqand sog`liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati joriy yilda "Captiva-5" rusumli avtomobilini xarid qilish uchun imzo chekdi.
Rost24.uz axborot sayti muxbiri Samarqand viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasining bu qarori haqida tekshiruv o`tkazdi.
Samarqand viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 309 million 900 ming so`mga bir dona "Captiva-5" rusumli avtotransport vositasi xarid qilmoqchi. Ushbu avtotransport vositasi sog`liqni saqlash sohasida o`tkazilayotgan islohotlarni o`rganish va amaliy yordam berish maqsadida tashrif buyuruvchi xorijiy mehmonlarga qulay sharoit yaratish maqsadida xarid qilingan, deya hujjatda keltirib o`tilgan.
Xorijiy mehmonlarga qulay sharoit yaratish uchun — "Chevrolet Captiva-5", aholiga tez yordam ko`rsatish uchun esa Damas ham bo`laveradimi?
Samarqand viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasiga kuniga o`rtacha nechta xorijlik mehmon tashrif buyuryapti? Umuman xorijiy mehmonlar viloyat boshqarmasiga Kaptiva yoki Treker avtomobillarida sayr qilish uchun keladimi.
2020 yilda pandemiya iqtisodiy qiyinchiliklariga qaramay qiymati 222 million so`mlik " Chevrolet Tracker turbo 1.0" rusumli avtomashina aynan xorijiy mehmonlarni kutib olish maqsadda xarid qilinib boshqarmaga foydalanish uchun topshirilgan edi. Bu yili yana nima uchun qimmatbaho avtomashina xarid qilinmoqda?
Mazkur savollarga javob topish maqsadida biz Boshqarma matbuot xizmati rahbari Eldor Muxammadiev bilan bog`landik.
"Avtomobil hali sotib olinganicha yo`q. Bu qarorda sotib olindi emas, balki ruxsat beramiz, degan gap ketgan edi. Ba`zi bir blogerlar buni noto`g`ri talqin qilib sotib olgan, deb talqin qildi. Bu qanchalik to`g`ri? Hozirgi kunda boshqarma boshlig`imiz Toshkentda va bu mashina sotib olish hali amalga oshgani yo`q. Agarda Kaptiva xarid qilinsa ham bu faqat xorijiy mehmonlar uchun emas, balki aholi uchun ham xizmat qiladi. 2022 yilda Samarqandda festival bo`lib o`tadi. Mana shu festivalda bu qo`l kelishi mumkinligi uchun ham ko`zlangan edi. Bu mashina sotib olinsa ham maxsus tibbiy ranglar beriladi", deb aytib o`tdi matbuot xizmati rahbari Eldor Muxammadiev.
Bu muhr bosilgan hujjatdan keyin matbuot xizmati xodimi mashina sotib olayotganimiz yo`q, bu shunchaki hujjat, ruxsatnoma deb vaziyatni izohladi. Agar mashina sotib olish rejada bo`lmasa, nima uchun xat hujjat qilingani ajablanarli. Qolaversa, mazkur ruxsatnomaning o`zi qonunga xilof hisoblanadi. Chunki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me`yorlari tasdiqlangan. Unga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligining viloyat boshqarmasi sotib oladigan xizmat avtomashinasi eng yuqori narxi bazaviy hisoblash miqdorining 700 baravaridan ortiq bo`lishi mumkin emas.
Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 270 000 so`m ekanligini hisobga oladigan bo`lsak, Samarqand viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi sotib olmoqchi bo`lgan xizmat avtomashinasining narxi 189 mln. so`mdan yuqori bo`lishi mumkin emas.
Samarqand viloyati Sog`liqni saqlash boshqarmasi Chevrolet Captiva-5 rusumli avtombilini sotib olmagan bo`lsada, uni xarid qilishga ruxsat beruvchi hujjatga imzo chekish bilan hukumat 258-sonli qarorini buzgan.
Ikki oy avval saytimizda, Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidagi qishloqda tibbiy yordamga muhtoj aholi kasalxonaga eshakda tashilayotgani haqida material e`lon qilgan edi. Ayrim hududlarda aholi uchun tez yordam mashinasi mavjud bo`lmagan bir vaqtda Samarqand viloyati sog`liqni saqlash vazirligi boshqarmasi xorijiy mehmonlarni Kaptivada kutib olish haqida qayg`urmoqda.