Zangiota tuman hokimligining qurilish bo`yicha javobgar bo`lgan hokim o`rinbosari, tuman kadastr va arxitektori mutasaddilariga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilib, ayblov e`lon qilinib sudga yuborildi.
Bu haqida 3 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiya agentligida o`tgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Rost24.uz axborot sayti orqali tanqid qilinayotgan Toshkent viloyati Nazarbek qishlog`i “Farobiy” MFYdagi noqonuniy qurilish ishi sudga oshirilgan. Mazkur qurilish yuzasidan 9 ta vazirlik tomonidan maxsus komissiya tuzilib, xulosa berilgan. Unga ko`ra, qurilish xaqiqatan noqonuniy bo`lib, ushbu maydonga 2022 — 2025 yillarda davlat tomonidan umumta`lim maktabi bunyod etish rejalashtirilgan.
Ammo, ushbu maydonda hozirda noqonuniy deb topilgan bo`lsa-da, tadbirkorlar tomonidan ishlar davom ettirilmoqda va maktab eriga turar joylar qurilmoqda.
Ayni masalaga oydinlik kiritish maqsadida Rost24.uz muxbiri Bosh prokuratura boshqarma boshlig`i Murodilla Abduhakimovga murojaat qildi.
Prezidentning “Er munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta`minlash, erga bo`lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida belgilangan vazifalar bo`yicha AOKA matbuot anjumanida Bosh prokuratura boshqarma boshlig`i Murodilla Abduhakimov quyidagicha axborot berdi:
“Haqiqatan ham Zangiota tumani Nazarbek hududidagi noqonuniy holat aynan Bosh prokuraturaning ishchi guruhi va Toshkent viloyati prokuraturasi xodimlari tomonidan aniqlangan, jinoyat ishi ham qo`zg`atilgan, hokim qarori bekor qilingan.
Hozirgi kunda, lekin tadbirkorga nisbatan qonunda belgilangan jinoiy javobgarlikka tortilganiga qaramay noqonuniy holatni to`xtatmaslik holati davom etyapti. Bu holat bo`yicha hozir Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan sudga murojaat qilingan. Ya`ni noqonuniy qurilgan turar-joy majmuasini tadbirkor tomonidan buzdirish masalasi sudda ko`rilyapti.
Shuningdek, aynan mana shu holat bo`yicha va boshqa qo`shimcha sabablar borligi uchun Zangiota tuman hokimligining aynan qurilishga javobgar bo`lgan hokim o`rinbosari, kadastri, arxitektoriga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atilgan. Ularga ayblov e`lon qilinib sudga yuborilgan”, deydi Murodilla Abduhakimov.
Voqealar rivojini saytimizda kuzatib boring...
Eslatib o`tamiz, saytimizda mazkur masala yuzasidan bir qator materiallar e`lon qilingan edi.
“Toshkent viloyatida hokimlik Prezident farmoni bilan nayrang ishlatib, 12 ming aholini maktabsiz qoldirmoqda”,
“9 ta vazirlik va 9 nafar vazir o`rinbosari adolat uchun kurashda engildimi? Yana korrupsiya g`olib chiqmoqda”