O`zbekistonda o`liklardan guvohlik ko`rsatmasini olib, sudda hukm chiqargan sudyalar hayfsan olmasdan yana o`z faoliyatini davom ettira olishi va hatto mansabi ham ko`tarilishi mumkinmi?
Mumkin, sudya J.Sultonovaning karera yo`li buning yaqqol isboti.
Murdadan «ko`rsatma olib», qalbaki sud jarayonlarini olib borgan sudya J.Sultonova nomzodi Xorazm viloyati ma`muriy sudi raisligiga tasdiqlandi.
Sudya Sultonova Shovot tumanlararo sudining raisligida faoliyat yuritgan vaqtda murdadan ko`rsatma olib, hukm chiqargan. Bu haqida esa kun.uz saytida maqola e`lon qilingan edi.
Ajablanarlisi, Sudyalar oliy kengashi sudyalarni lavozimga tayinlashda shaffoflik hukmronligi va hatto bu borada xorij tajribalari qo`llanib kelinayotgani haqida muntazam xabar berib keladi.
Bugun mana shu xorij tajribasini o`rganib, shaffof tizim yaratayotgan Sudyalar oliy kengashi murdalar bilan muloqot o`rnatib, sud qiluvchi sudya J.Sultonova nomzodini viloyat ma`muriy sudi raisligiga ko`rsatgan. Uning nomzodi esa Prezident tomonidan tasdiqlangan. Qonunga ko`ra, Sudyalar oliy kengashi viloyatlar ma`muriy sudlari raislari va rais o`rinbosarlari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar bo`yicha Prezidentga taqdimnomalar kiritadi.
Demak, Kengash J.Sultonovaning bir qancha qalbaki sudlari (OAVda e`lon qilinib tasdig`ini topgan) bo`lishiga qaramay uning nomzodini ko`tarishga tavsiya etgan.
Rost24.uz axborot sayti muxbiri ber necha bor sudya Sultonovaning keyingi faoliyati haqida savol bilan Sudyalar oliy kengashi raisi va rais o`rinbosarlariga murojaat qilgan. Kengash raisi X.Yodgorov J.Sultonovaning murdani so`roq qilganiga bir necha yillar bo`lganini ro`kach qilib unga chora ko`rilmasligini ma`lum qilgan.
Sudyalar oliy kengashining shaffof faoliyatlari haqida axborot beruvchi matbuot anjumanlarining birida Kengash sho``ba rahbari Nodira Boboxonova qo`pol xatoliklarga yo`l qo`ygan sudyalar qayta lavozimga saylanmasligi kerakligi ta`kidlab o`tgan edi. Biroq, Kengash murdani so`roq qilgan sudyaga ham chora ko`rmadi. Agar bu Kengash nazarida qo`pol xato hisoblanmasa O`zbekiston sudlari faoliyati haqida qanday umumiy xulosa chiqarish mumkin?
******
Eslatib o`tamiz saytimizda mazkur mavzu yuzasidan bir qator materiallar e`lon qilingan:
O`zbekiston sud tizimida “murdani so`roq qilgan” sudyalar ham ishlab kelmoqda
Sud tizimidagi ahvol: Murdalarni so`roq qilgan sudyalar jazolanmasligi ma`lum bo`ldi