Kun.uz sayti tahririyati Rost24.uz saytida e`lon qilingan materialga e`tiroz bildirdi.
Saytimizda “Tarafkashlikka bo`lingan jurnalistika erkin bo`la oladimi? BIR DAQIQA ERKINLIK HAQIDA ShAXSIY FIKR" maqolasi e`lon qilingan edi. Unda yirik tadbirkorlarning ommaviy axborot vositalariga egalik qilishi oqibatida media o`zaro taraflarning kurash maydoniga aylanib qolishi mumkinligiga urg`u berilgandi.
Kun.uz tahririyati Rost24.uz da ko`tarilgan bu masala haqiqatan dolzarbligi va ular uchun ham muhimligini e`tirof etdi. Shu bilan birga ayni maqolada kun.uz va Allamjonov misol tariqasida keltirilganiga e`tiroz bildirdi.
Maqolada keltirilgan “Allamjonov kun.uzning ma`lum bir aksiyalariga egalik qilishi yoki qilmasligini undagi J.Ortiqxo`jaevga bog`liq materiallari ruhidan ham sezish mumkin”, mulohazasini xato sifatida qabul qilib, tahririyat Allamjonovga tegishli emasligini ma`lum qildi. Shuningdek, saytning Ortiqxo`jaevga nisbatan qarshiligi yo`qligini ham bildirdi.
Kun.uz tahririyatining Rost24.uz ga taqdim qilgan ochiq ma`lumotlariga ko`ra, sayt Allamjonovga tegishli emas.