ShARTLARI QANDAY BO`LADI?
Hukumat qarori bilan O`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, o`zini o`zi band qilgan shaxs sifatida “hamshiralik ishi” faoliyati bilan shug`ullanishga o`rta tibbiy (hamshiralik ishi, davolash ishi, akusherlik ishi) yoki oliy hamshiralik ishi bo`yicha oliy ma`lumotga ega bo`lgan, davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida ishlamaydigan shaxslarga (hamshira) ruxsat beriladi.
Buning uchun hamshira maxsus mobil ilova yoki soliq to`lovchining shaxsiy kabineti orqali yoxud davlat soliq xizmati organiga kelgan holda ro`yxatdan o`tadi.
Hamshiraga ma`lumotnoma rasmiylashtirilib, shu asosda Sog`liqni saqlash vazirligining axborot dasturida ro`yxatdan o`tadi hamda mustaqil hamshira sifatida faoliyatini boshlaydi. Mustaqil hamshira axborot dasturida ma`lumotlarni bevosita o`zi kiritishi yoki tuman (shahar) ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalariga kelgan holda axborot dasturida ro`yxatdan o`tishi mumkin.
Bunda malaka to`g`risidagi sertifikat bo`lishi talab etiladi, mustaqil hamshira ta`lim tashkilotini tugatganiga 3 yil bo`lmagan taqdirda ushbu sertifikat talab etilmaydi. So`rovnoma to`ldirilgandan so`ng mazkur faoliyat bilan shug`ullanish imkonini beruvchi guvohnoma avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi. Guvohnoma cheklanmagan muddatga berilib, uni rasmiylashtirishda haq undirilmaydi.
Nizomga ko`ra, mustaqil hamshiraning shifokor ko`rsatmasisiz hamda uning tavsiyasi asosida aholiga mustaqil tibbiy maslahat va muolajalarni bajarish bo`yicha huquqlari belgilandi.
Shuningdek, mustaqil hamshiraga sterilizasiya qilinishi talab etiladigan tibbiy buyumlardan foydalangan holda aholiga tibbiy muolajalarini bajarishiga, dori vositalari qabul qilishda nojo`ya ta`sir holatini aniqlash maqsadida qo`yilgan sinama holatini baholashga ruxsat etilmaydi. Mustaqil hamshira faoliyatni amalga oshirishdagi harakatlari (harakatsizligi) uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.