«Qishda «svet» baribir o`chadi» – HET rahbari

19.10.2026 13:57

«Svet o`chmaydi, deb va`da berolmaymiz. U o`chadi. Bu texnik qurilmalar bilan bog`liq jarayon. Tekis yo`lda ketayotgan mashinaning baloni teshilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi-ku, to`g`rimi? Elektr ta`minotida ham avariyaviy uzilishlar bo`lishi mumkin. Lekin rejali uzilishlar ham bor. Agar ayrim tarmoqlarni rejali ravishda o`chirib, modernizasiya ishlarini amalga oshirmasak, qishda yanada ko`proq muammolarga duch kelamiz».
 
O`zbekistonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish uchun 843 milliard so`m ajratildi. «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari Sardor Isaqulovning aytishicha, avariya xavfi yuqori bo`lgan ob`ektlarda ta`mirlash ishlari belgilangan muddatlarda yakunlangan. Shunga qaramay, qishda elektr uzilishlari bo`lmasligiga kafolat yo`q. Chunki rejali ta`mirlash ishlari ham, kutilmagan avariyalar ham elektr ta`minotida vaqtincha uzilishlarga sabab bo`lishi mumkin.
Bu haqda 8 oktyabr kuni «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbariyati ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilingan.
 
Korxona rahbari ta`kidlashicha, yil boshida elektr tarmoqlarida avariya yuz berish ehtimoli yuqori bo`lgan ob`ektlar aniqlanib, xavf darajasiga qarab uch toifaga ajratiladi. Qizil toifadagi ob`ektlarda ta`mirlash ishlari avgustgacha, sariq toifadagilarda esa 1 oktyabrgacha yakunlangan.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida respublika bo`yicha 843 milliard so`m mablag` ajratilgan. Bu mablag`lar ta`mirlash brigadalarining ishini tashkil etish, ularni zarur ehtiyot qismlar bilan ta`minlash va elektr tarmoqlaridagi texnik kamchiliklarni bartaraf etishga yo`naltirilgan.

Ta`mirlash jarayonida eski izolyatorlar almashtiriladi, simlar to`g`rilanadi va boshqa texnik ishlar bajariladi. Biroq bu ishlarni elektrni o`chirmasdan amalga oshirish har doim ham mumkin emas. Bir tarmoqqa o`rtacha 15–20 ta transformator punkti ulangani sababli, tarmoq ta`mirlash uchun o`chirilganda unga bog`liq hududlarda ham elektr ta`minoti vaqtincha to`xtaydi.

Sardor Isaqulovning tushuntirishicha, bunday uzilishlar avariya emas, balki tarmoqlarni yangilash va kelgusidagi nosozliklarning oldini olish uchun zarur bo`lgan jarayondir. Joriy kuz-qish mavsumida Toshkentning Olmazor, Chilonzor va Mirzo Ulug`bek tumanlarida ham rejali ta`mirlash ishlari sababli qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.
Elektr ta`minotiga bo`lgan talab esa yuqoriligicha qolmoqda. «Hududiy elektr tarmoqlari» ma`lumotiga ko`ra, ayni paytda mamlakatda kunlik elektr iste`moli 200 million kilovatt-soatga etmoqda. Yozning ayrim kunlarida bu ko`rsatkich 150 million kilovatt-soat atrofida bo`lgan.
 
«Hududiy elektr tarmoqlari» boshqaruvi raisining sobiq birinchi o`rinbosari Bobir Islomovning aytishicha, O`zbekistonda jami 8 million 344 ming elektr iste`molchisi bor. 2026 yil avgust oyida ularning 5 million 682 mingtasi 200 kilovatt-soatgacha elektr energiyasi ishlatgan. 1 million 135 ming iste`molchining oylik sarfi 200–300 kilovatt-soatni, 354 ming iste`molchiniki esa 300 kilovatt-soatdan ortiqni tashkil etgan. Hisob-kitoblarda har bir xonadon alohida iste`molchi sifatida qaraladi.

Qishda elektr tez-tez o`chishi haqidagi savolga javob berar ekan, Isaqulov uzilishlar yozda ham bo`lishini, biroq sovuq havo va kunlarning qisqaligi sababli ular qishda ko`proq noqulaylik tug`dirishini aytdi.

«Svet o`chmaydi, deb va`da berolmaymiz. U o`chadi. Bu texnik qurilmalar bilan bog`liq jarayon. Tekis yo`lda ketayotgan mashinaning baloni teshilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi-ku, to`g`rimi? Elektr ta`minotida ham avariyaviy uzilishlar bo`lishi mumkin. Lekin rejali uzilishlar ham bor. Agar ayrim tarmoqlarni rejali ravishda o`chirib, modernizasiya ishlarini amalga oshirmasak, qishda yanada ko`proq muammolarga duch kelamiz», degan u.

HET rahbari elektr ta`minotidagi uzilishlarni kamaytirish uchun raqamli nazorat tizimini joriy etish rejalashtirilayotganini ham ma`lum qildi. Loyiha «Uzinfokom» bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Tizim orqali ta`mirlash ishlari, brigadalar faoliyati va ularga ajratilgan materiallarning belgilangan joyga etkazilishi nazorat qilinishi kutilmoqda.
 
Yangi tizimda rejali uzilishlar haqida oldindan xabar berish imkoniyati bo`ladi. Rejaga ko`ra, iste`molchining telefon raqami hisob raqamiga biriktiriladi. Agar u ulangan transformator punktida ta`mirlash ishlari o`tkaziladigan bo`lsa, unga bir-ikki kun oldin Telegram orqali ogohlantirish yuboriladi. Xabarda elektr qachon o`chirilishi va taxminan qaysi vaqtda qayta tiklanishi ko`rsatiladi.

Isaqulovning aytishicha, dastlabki taqdimot o`tkazilgan va ayrim jihatlarni qayta ishlash bo`yicha tavsiyalar berilgan. Loyihani amalga oshirayotgan mutaxassislar ma`lumotlar bazasini to`ldirish va raqamlashtirish uchun taxminan ikki-uch oy vaqt so`ragan. Tizimni ishga tushirishning aniq muddati esa hali belgilanmagan.

Rejali ta`mirlashlardan tashqari, elektr tarmoqlarida avariyaviy uzilishlarga ham turli omillar sabab bo`ladi. Kuchli shamol, elektr ustunlariga avtomobillar urilishi, qurilish vaqtida kabellarning shikastlanishi va ruxsatsiz er qazish ishlari shular jumlasidan. Shuningdek, katta gabaritli yuklarni tashish paytida simlar va ustunlarga zarar etkazilishi ham mumkin.

Korxona elektr ta`minotidagi uzilishlar soni va davomiyligini xalqaro ko`rsatkichlar asosida ham baholashini bildirgan. Ushbu ma`lumotlar rasmiy platformalarda e`lon qilinishi aytilgan.
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар