Saytimizda huquqshunos H.Mahbubovning “Nurxon Nafasov va O`zbekiston karate Milliy federasiyasi atrofidagi nizolar hali tugamadi” nomli maqolasi e`lon qilingan edi.
Sudyalar oliy kengashi ushbu maqola yuzasidan munosabat bildirdi:
Huquqshunos H.Mahbubov “Rost24.uz” sayti orqali chiqish qilib, go`yoki fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudi raisi tomonidan imzolangan xat bilan Oliy sud ajrimi ijrosi to`xtatib qo`yilganini aytib, bunday xatti-harakatning qonuniy ekanini shubha ostiga qo`yadi. Shuningdek, shubhalarini oshkora bayon etish asnosida “...bu xat ba`zi sud xodimlari tomonidan savodsizlarcha rasmiylashtirilgan yoki xat soxta ko`rinishga ega”, deya xulosa chiqaradi. Va: “...Sud xodimlari tomonidan o`z mansab vakolatlarini suiiste`mol qilgan holda shu kabi qonunbuzarlikka yo`l qo`yilishi albatta achinarli holdir” deb, Sudyalar oliy kengashi rahbariyatini “....bu noqonuniy xolatni atroflicha o`rganib chiqib va qonun buzilishiga yo`l qo`ygan sud xodimlariga nisbatan tegishli chora ko`rish”ga chaqiradi.
Holat o`rganildi va noqonuniy holat aniqlanmadi. Ya`nikim, maqolada ta`kid etilganidek, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo`yicha kassasiya sudlov hay`atining (2021 yil 16 iyun) qaroridan norozi bo`lib da`vogar N. Nafasov ishni takroran ko`rib chiqish uchun Oliy sud raisi o`rinbosari nomiga ariza kiritgan.
O`zbekiston Respublikasi FPKning 407-6-moddasiga ko`ra, kassasiya instansiyasi sudi (sudyasi) shu instansiyada ish yuritish ko`rib chiqilgunga qadar nizo bo`yicha chiqarilgan sud hujjatlari ijrosini to`xtatib turishga haqli.
Qonunning shu talabidan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2021 yil 6 sentyabr kuni 12-285-21-sonli xat bilan mazkur fuqarolik ishini o`rganish uchun chaqirtirib olar ekan, Toshkent shahar sudiga sud qarorlari ijrosi to`xtatilganini bildiradi.
Toshkent shahar sudi bu haqda 13 sentyabr kungi FSX-1-10-4771/21-sonli xat orqali fuqarolik ishlari bo`yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga, tumanlararo sudining raisi esa Majburiy ijro byurosining Olmazor tumani bo`limiga ma`lum qilgan (2021 yil, 14 sentyabr. 01-K-1/21-son).
Ko`rinadiki, muallif iddao qilganidek, tumanlararo sud raisi Oliy sud ajrimi ijrosini o`z tashabbusi bilan to`xtatib qo`ygani yo`q. Balki Oliy sud tomonidan sud qarorlari ijrosi ish kassasiya shikoyati ko`rib chiqilgunga qadar to`xtatib turilishi haqidagi topshiriq xati mazmunini kerakli manzilga etkazgan, xolos.
Bor gap shu. Demak, hech qanday shubhaga o`rin yo`q.
Sudyalar oliy kengashi Axborot xizmati