IIB xodimlari qo`lida halok bo`lgan fuqarolarni “xudo urgan”, deya norasmiy bayonot bergan milisiya polkovnigi G`iyosovga shaxsan ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov ogohlantirish bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro va IIV xodimi o`rtasida nizo kelib chiqqan holatlar bo`yicha bir qancha videotasvirlar tarqaldi. Ularga nisbatan IIV matbuot kotibi Shohrux G`iyosov tezlik bilan aybdor fuqaroning o`zi, degan bayonotlar bilan chiqish qildi.
Tabiiy savol tug`iladi: Nima uchun IIV matbuot xizmati doim o`z xodimlarini oqlaydi va oqibatda doim, aksincha, bo`lib chiqadi. Bu shaffoflikka ta`sir qilmaydimi?
Ayni savol bilan rost24.uz axborot sayti muxbiri Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`tayotgan matbuot anjumanida IIV matmas`ullariga murojaat qildi.
Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Bekmurod Abdullaevning dalolat qilishicha, vazirlik matbuot xizmati rahbari Shoxruh G`iyosovga jurnalistlar bilan ishlashdagi xatoliklari sababli intizomiy chora ko`rilgan. Uning aytishicha, vazirning o`zi G`iyosovni shaxsan ogohlantirgan.
Eslatib o`tamiz, Shoxruh G`iyosov ichki ishlar xodimlari qo`li ostida halok bo`lgan fuqarolarni “xudo urgan”, deb norasmiy bayonot bergani haqidagi "IIV: IIB xodimlari tomonidan o`ldirilgan fuqarolar tayini yo`q, “g`irt xudo urgan” odamlar edi" maqolasi saytimiz orqali e`lon qilingan edi.