Olis bir qishloq bozorining manzarasi so`z va suratlarda

06.08.2021 21:10

Bolalikda ammam bilan “Chorshanba bozor”ga borishni xush ko`rardik. U uchun eng yaxshi hamroh men edim. Chunki menga yo`lkira tekin va men bitta xo`rozqand bilan xursand bo`lardim.

Yaqinda o`sha damlarni eslab qo`shni Xatirchi tumani Bog`chakalon QFY Zarafshon mahallasida joylashgan, xalq orasida “Chorshanba bozor” nomi bilan mashhur “Parmidon saxovati” dehqon bozoriga bordim. O`ylab ko`rsam, u erga oxirgi marta etti yil oldin borgan ekanman. Bozor qiyofasi unchalik o`zgarmagan. Uning xaridorlari, asosan, turli qishloqlarning sodda, oddiy sharoitlarga-da ko`nikuvchan aholisi. Ular yoz oylarida sahardan bozorga tushadi. Chunki kun isib ketmasdan uyga qaytib xo`jalik ishlariga ham ulgurishlari kerak. Ro`zg`ordan orttirgan sut mahsulotlari, meva-sabzavotlar yoki sigir, buzoq, qo`y-echkilarini pullab, zarur mahsulotlarni sotib olishadi.

Bozorni aylanar ekansiz, ko`pchilikni rom etadigan kadrlar topish mushkul. Ammo odamlar yuzidagi samimiyat suratlarga ma`no beradigandek go`yo. Ularning yashayotgan hayoti hashamatli emas. Shunday bo`lsa-da chehralarida mamnuniyat bor.

Ular har bir so`mni yozning jaziramasi-yu qishning qirovli kunlarida dalada ishlab, parranda, mol-qo`y boqib, dehqonchilik qilib, paxta terib, ko`rpa qavib topadi. Shu bois narx-navoga qattiq turadi. Ularning sotuvchi bilan talashib-tortishmasdan nimadir xarid qilishi mushkul.

Mamlakatdagi bozorlarning deyarli barchasida hammollarni uchratamiz. Oldinlari ular faqat jismoniy kuchdan foydalangan bo`lsa, bugungi kunda har xil turdagi katta-kichik arava, ba`zan eshakda yuk tashiydi.

Bu kabi bozor xaridorlari uchun go`sht mahsulotlarining saqlanish va sotilish sharoiti ikkinchi darajali. “Yaxshilab qaynatsak, qorin og`ritmaydi” deyishadi.

“Chorshanba bozor”dan istagan narsangizni topishingiz mumkin. Aholi yillar davomida ushbu bozorga qatnayvergani sabab uning kamchiliklari va ta`mirga muhtojligini payqamaydi ham. Ancha tanaffusdan so`ng borib, eski rastalar, erga yoyib sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, sanitariya talablariga javob bermaydigan holatdagi savdo o`rinlarini ko`rib dilim xira tortdi. Shaharning toza-ozoda bozorlariga ancha o`rganib qolibman, deb o`yladim o`zimcha. Lekin o`sha erdan sotib olgan oyoq kiyimimni uch oydan buyon kanda qilmay kiyaman. Hali ham yangidek. Demak, kosiblari anchayin mohir. Umuman, u erdagi har bir sotuvchi o`z ishiga usta. Faqat ularga chiroyli sharoit kerak.

Bozorning yaltiragan kafelli rastalar begona, siyosiy jarayonlardan yiroq, turmush tashvishlariga o`ralashib qolgan, “ro`zg`or” degan g`ordan chiqa olmaydigan xaridorlarga, changda qolsa ham o`z egasini topadigan mahsulotlarga limmo-lim manzarasi qalbni yaralaydi. Bunday vaziyatlarni qiynalib-qiynalib suratlarga muhrlaysiz.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
17.08.2021 14:19
Maqola va suratlar chiroyli va mazmunli chiqibdi. tanqidni bildirmaygina matnga singdiribdila. Omad muallifga.
08.08.2021 02:46
Bizning bozor!))