27 iyun — Matbuot va OAV xodimlari kuni
Anora SODIQOVA,
“Rost24.uz” sayti bosh muharriri:
— Hamma davrlarda ham jurnalistlarga oson bo`lmagan. Bu kasbni bilib turib tanlaganmiz. Jurnalistika kurashishni talab qiladigan soha. Matbuot va ommaviy axborot vositalarini to`rtinchi hokimiyat darajasiga chiqishini istaymiz. Bugun biz shu kuchga to`laqonli ega bo`lish uchun harakat qilyapmiz.
O`zbek jurnalistikasining erkinligi, yutuqlari haqida gapirilganda ko`pchilik avvalgi davr bilan qiyoslashga o`rganib qoldi. Bunday solishtirish u qadar to`g`ri emas, nazarimda. Chunki jurnalistikamizni avvalgi vaziyati bilan qiyoslagandan ko`ra, “Aslida jurnalistika qanday bo`lishi kerak?” degan savol nuqtai nazar bilan qarashimiz lozim.
Sohamizning bugungi natijalari uchun kimgadir rahmat aytishimiz shart emas. O`zi shunday bo`lishi, bundan ham yaxshiroq bo`lishi kerak-da. Hamkasblarimga shuni aytgan bo`lardimki, oldinga yanayam katta maqsadlar qo`yib, haqiqiy to`rtinchi hokimiyat bo`lishga intilaylik.
Bilasizmi, demokratiya ancha rivojlangan davlatlarda matbuot va ommaviy axborot vositalariga nisbatan birinchi hokimiyat sifatida ham qarashadi. Bu jurnalistikaning kuchida ko`rinadi. Shuning uchun kuchli mamlakatlarda kuchli jurnalistika barqaror taraqqiyotning asosiy omillaridan biri sifatida o`zini ko`rsatgan. O`zbek jurnalistikasi ham ana shunday maydonga chiqishi kerak. Buning uchun esa eng avvalo, jamiyatning, iqtisodiyotning rivojlanishida shaffoflik muhim.
Nima uchun aynan 27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kuni sifatida nishonlanishini bilasiz-ku. Chunki bu kunda ilk milliy nashrimiz “Taraqqiy” chop etila boshlangan.
Bu kunni bayram sifatida nishonlar ekanmiz, mustamlakachilik zamonidagi o`sha og`ir vaziyatlarda milliy matbuotimizning poydevorini qo`ygan insonlardan shijoatni, jasoratni o`rganaylik, ulardan ruh olaylik. Ular millat qayg`usi bilan yashagan. Biz ham ajdod jurnalistlarning shu jihatlaridan o`rnak olaylik. Bu kun ularni yodimizga soladigan va bizga yana kuch-g`ayrat bag`ishlaydigan kun bo`lsin. Bayram bahona jasur ma`rifatparvarlarimizni eslab, hamkasblarmizning ularga munosib bo`lishini tilab qolaman.
HURRIYAT gazetasi
2021 yil 27 iyun