“Maxsus odamlar” uchun yana «Tashkent sity» kabi maxsus hududlarni tashkil etish davom etadimi? Qachon qonunlar barcha uchun barobar bo`ladi?
Kuni kecha Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov rost24.uz axborot saytiga bergan intervyusida Nest one binosining hujjatlari quyi idoralar tasdig`idan o`tmaganini uning maxsus hududda joylashgani bilan izohlagan edi.
Bugun Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirokida “Er munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta`minlash, erga bo`lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda vazirga rost24.uz axborot sayti muxbiri quyidagi savollar bilan yuzlandi.
“Tashkent sity”dagi qurilishi deyarli yakunlangan binolar hamon hujjatsiz ekanini qanday baholaysiz? “Maxsus odamlar” uchun yana «Tashkent sity» kabi maxsus hududlarni tashkil etish davom etadimi?
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov:
«Agar bu haqda biror bir tadbirkor sub`ektiv fikrini aytgan bo`lsa, bu uning o`z fikri. Maxsus hududlar «Iqtisodiy hududlar to`g`risida»gi qonun bilan tartibga solinadi, masalan, sanoat bilan bog`liq erkin iqtisodiy zonalar. Boshqa kimningdir shaxsiy fikri rasmiy ahamiyatga ega emas.
«Toshkent siti» hududida er ajratish masalalari qonuniy hal etilgan. Qurilish ob`ektini qurishda lozim bo`lgan hujjatlar turi juda ko`p. Ular orasida qurilish boshlanmasdan tayyor bo`ladigani ham, qurilish jarayoni bilan parallel tayyorlanadigan hujjatlar ham bor.
Agar qaysidir qurilish ob`ektining tayyor bo`lishi kerak bo`lgan hujjati hamon yo`q ekanini aniq aytadigan bo`lsangiz, shunda unga qonuniy baho berish mumkin bo`ladi».