E`TIROZ
Kechadan buyon saytlaru ijtimoiy tarmoqlarni O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O`zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ayni kunlarda Toshkent shahrida bo`lib o`tayotgan "Besh tashabbus" tadbirlari doirasida jurnalist Nozima Toshpo`latova savoliga bergan javobi noto`g`ri talqin qilinmoqda.
Audioxabarlar shov-shuv ko`tarish uchun: "Bir vaqtlar diskotekaga qarshi kurashganlar bugun yoshlarimizni diskotekaga kelishga chorlamoqda" yoki "O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid yoshlarga diskotekaga kelishni tavsiya qilmoqda" kabi sarlavhalar bilan tarqatilmoqda.
Ko`plab telegram kanallari Rost24.uz sayti tarqatgan audiodan shoirning bir gapini yulib olib, bugungi til bilan aytganda, uni "xayp" qilyapti.
Sarlavhani o`qib, to`liq bo`lmagan audioni eshitgan yurtdoshlarimiz esa shoirning nomiga turli xil nojoiz gaplar yog`dirishyapti. Vaholanki, audioda shoir yoshlarni diskotekaga chorlamayapti.
Jurnalistning bergan nozik savoliga javob tarzida: "Biz o`zimiz qishloqda katta bo`lganmiz, lekin shahar bugungi dunyo. Bir noto`g`ri gap, noto`g`ri narsalar tarqatib yurgandan ko`ra, diskotekaga qatnashib yarim soat dam olgan ma`qul. Yoshlikka xos narsalar bular", deyapti.
Diskoteka – yoshlarning musiqa tinglash va raqs tushish uchun mo`ljallangan ko`ngilochar maskani; musiqa klubi. Qolaversa, u bizning jamiyatga kirib kelganiga ancha bo`lgan, bugun yoshlarlarimiz diskotekaga bormayapti, deya olamizmi? Yurtimizda minglab musiqa klublari bor-ku!
Audioning Rost24.uz tarqatgan variantini tinglasangiz, suhbat jurnalist Nozima Toshpo`latova: "...aynan ma`naviyatga zid bo`lgan narsalardan bittasi diskotekalar degandingiz, lekin diskotekalar bu tadbirdan o`rin olgan, lekin bunga qanday munosabatdasiz?" degan savoli bilan boshlanadi. Ammo shoirniki deya iddao qilinayotgan bu gapni Sirojiddin Sayyid qachon va qaerda aytgani haqida hech gap yo`q.
Suhbatni diqqat bilan tinglasangiz, Sirojiddin Sayyid bu savolga javob bergisi kelmayapti. Shunda jurnalist yana savol beryapti: "Aynan diskotekalar borasidagi fikringiz?" Shundan so`ng respondent yuqoridagi gapni aytadi.
Bu holatga yurtdoshlarimizning bildirayotgan xolis munosabatini hurmat qilgan holda, ularni O`zbekiston xalq shoiri shaxsiyatiga tegadigan gaplar aytmaslikka chaqiramiz, qonunlarimizda inson shaxsiyatiga bildirilgan haqoratomuz gaplar uchun jazo borligini ham eslatmoqchiman.
Fozil Farhod,
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
raisining matbuot kotibi