Yo`qotilayotgan byudjet pullari uchun Prezident qarori sababchi qilib ko`rsatildi

24.02.2026 16:45



Yaqinda “Maqsad qog`ozbozlikni yo`qotishmi yoki byudjet pulini?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e`lon qilgan edik.  Unda Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligining birgina buyrug`i bilan byudjetdan ajratilgan 97 mlrd so`m “Unicon-Soft” MChJ hisobiga o`tib ketayotgani aytilgan edi.

Vazirlik matbuot kotibi tomonidan holat yuzasidan bildirilgan munosabatda ushbu buyruq noqonuniy emasligi aytildi.

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi tizimidagi ta`lim tashkilotlarining “Ijro.gov.uz” hamda «E-huquqshunos» elektron tizimlari uchun pul to`lashga majburlanayotganligiga doir xabarlar hech qanday asosga ega emas”, – deyiladi vazirlik munosabatida.

Aslida, maqolada gap xodimlarni majburlash haqida emas edi, unda birgina buyruq bilan 97 milliard so`m byudjet mablag`i bitta MChJ hisobiga o`tkazilayotgan oshkor etilgan.

“O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi tegishli qarori bilan davlat umumiy o`rta ta`lim maktablari, maktabgacha ta`lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich “E-huquqshunos” elektron tizimiga bepul asosda ulash hamda 2026 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan tashkilotlar «E-huquqshunos» elektron tizimidan tegishli to`lovni nazarda tutuvchi shartnoma asosida foydalanishi ko`rsatib o`tilgan”, – deyiladi Prezident qaroridan iqtibos keltirilgan vazirlik munosabatida.

To`g`ri, Prezident qarorida “tegishli to`lovni nazarda tutuvchi shartnoma asosida” deyiladi. Ammo qarorda har bir yuridik tashkilotdan har oy 449 500 so`mdan olinsin, degan joyi yo`q.

Vaholanki, Prezident byudjet pulini isrof qilishga qaror chiqarmagan. Avvalo, qaysi mezonlar asosida  «E-huquqshunos» xizmati narxi har bir tashkilot uchun bir oyga 375 000 so`m etib belgilandi, degan savol tug`iladi.

Nega 10 000 so`m yoki 20 000 so`m emas? Nega vazirlikning o`zi to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzmasdan, bo`limlariga o`zlari ajratgan puldan o`zlari shartnoma qildirmoqda?

Shu joyda summaning raqamlardagi ko`rinishi haddan tashqari kattaligi bilinib qolmasligi uchun hududiy bo`limlar alohida pul o`tkazish sxemasi yo`lga qo`yilganmi, degan shubhalar ham paydo bo`lmoqda.

Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi 97 milliard so`m mablag`ni “Unicon-Soft” MChJ hisobiga o`tkazish uchun chiqargan buyrug`iga asos qilib ko`rsatilgan Prezident qarorining 5-bandida bir qancha imtiyozlar ham berilgan:

Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi «Unicon-Soft» MChJ takliflariga asosan, «E-huquqshunos» elektron tizimini Markazlar va ular yuridik xizmat ko`rsatadigan davlat organlari va tashkilotlari tuman (shahar) bo`linmalari faoliyatiga joriy qilishda «E-huquqshunos» elektron tizimidagi ma`lumotlarni saqlash va ulardan xavfsiz foydalanish hamda tizimning yuqori tezlikda ishlashini ta`minlash maqsadida «UNICON-SOFT» MChJni tegishli server va boshqa zarur qurilmalar bilan ta`minlab borsin.

Qarorning ushbu bandidan ko`rinib turibdiki, yuzlab milliardlarni shartnomalar bilan qabul qilib olayotgan MChJga vazirliklar barcha sharoitlarni yaratib berishi va zarur jihozlar bilan ta`minlab berishi kerakligi ham qarorda ochiq-oydin belgilab qo`yilgan.

Shunday ekan, tizimga ulangan har bir foydalanuvchi to`layotgan “Ijro.gov.uz” xizmati uchun oyiga 74 500 so`m va «E-huquqshunos» elektron xizmati uchun oyiga 375 000 so`m qaysi xizmatlar uchun, qaysi asosga ko`ra to`lanmoqda? 

Shu joyda Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi hamda Moliya vazirligi (agar qurbi etsa) ham so`roq-savol qiladigan xatoliklar ko`rinmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар