“Rost24.uz” tahririyatiga Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanining Chosh mahallasidan murojaat kelib tushdi. Unda mahallada istiqomat qilayotgan aholi, ayniqsa homilador ayollar va og`ir ahvoldagi bemorlar tez tibbiy yordam avtomashinasi mavjud emasligi sabab hayot uchun xavfli holatda qolib kelayotgani ta`kidlangan.
Ma`lum qilinishicha, Chosh mahallasi tuman markazida joylashgan shifoxonadan taxminan 150 kilometr, viloyat markazidan esa qariyb 350 kilometr uzoqlikda joylashgan. Yo`l infratuzilmasining nochorligi va tibbiy xizmatning etishmasligi sabab aholi favqulodda holatlarda bemorlarni shaxsiy transport yoki qo`shni tumanlar orqali olib chiqishga majbur bo`lmoqda.
“Rost24.uz” tahririyati Chosh mahallasi tibbiyot punkti shifokori Ikromjon Ernazarov Sobirovich bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, hozirda u 7 ta qishloq aholisiga yagona shifokor sifatida xizmat ko`rsatmoqda va mazkur hududda boshqa tibbiyot xodimi mavjud emas.
Shifokorning so`zlariga ko`ra, mazkur 7 ta qishloq orasidagi masofa 4 kilometrdan 17 kilometrgacha bo`lib, aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish sharoiti nihoyatda qiyin.
“7 ta qishlog`imiz bor. Ikki yildan beri kerakli tashkilotlarga qayta-qayta murojaat qilib kelyapman, ammo hanuzgacha natija yo`q. Moliya vazirining tez tibbiy yordam avtomashinasi bilan ta`minlash bo`yicha qaror ham chiqqani aytilgan. Ammo Surxondaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ‘byudjetda mablag` yo`q’ degan bahona bilan masala hal etilmayapti”, — deydi shifokor.
Uning ta`kidlashicha, mazkur muammo ayrim hollarda og`ir oqibatlarga ham olib kelmoqda.
“2025 yil dekabr oyida homilador ayolni majbur bo`lib tug`ruqxonagacha piyoda olib chiqishga to`g`ri kelgan. Afsuski, yo`lda chaqaloq halok bo`ldi. Bunday holatlar nafaqat homilador ayollar, balki og`ir ahvoldagi boshqa bemorlar uchun ham jiddiy xavf tug`dirmoqda”, — deydi Ikromjon Ernazarov.
Chosh mahallasi aholisi mazkur masalani zudlik bilan hal etish, hududga tez tibbiy yordam avtomashinasi ajratish va aholi hayoti xavf ostida qolmasligi uchun mas`ul tashkilotlardan amaliy chora ko`rishni talab qilmoqda.