Shu yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta`minlash bo`yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Mazkur yig`ilishda asosiy e`tibor nimalarga qaratildi?
Ma`lum bo`lishicha, ichki ishlar organlari rahbarlari profilaktika inspektorlarini ertalab soat 7:00 da yig`ib, kechqurun soat 22:00 gacha eskicha «razvod» o`tkazadi. Poytaxtda 585 ta mahallada 1282 nafar profilaktika inspektori bor. Ular huquqbuzarlik bilan ishlash o`rniga aliment undirish, armiyaga yuborish va boshqa jamoatchilik ishlari bilan mashg`ul. Oqibatda ularni mahalladan topib bo`lmaydi. «Bir nechta mahallaga o`zim odam yubordim — bir nechtasi ish joyida yo`q yoki boshqa ish bilan shug`ullanyapti. Profilaktika inspektorlari tergovchi yoki sudning topshirig`ini bajarib yurgani poytaxt ichki ishlar boshlig`ining profilaktikaga mas`ul o`rinbosari Ikrom Tillaevni qiynamaydimi? Bu inspektorlar ishi qaysi KPI asosida ko`rilyapti?» deya savol qo`ygan prezident.
Shavkat Mirziyoevga ko`ra, Toshkent shahar IIBning tergov bo`yicha o`rinbosari Dilmurod Mirsodiqov qo`l ostida 430 nafar tergovchi va surishtiruvchi bor. IIB tizimida jami tergovchilarning 22 foizi, lekin sifat yo`q, malaka etishmagan. Shuning uchun o`tgan yili 833 ta holat bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilmay, hisobdan yashirilgan.
Tergov va tezkor faoliyat uchun mas`ul bo`lgan ichki ishlar vaziri o`rinbosari Ramazon Ashrapov vazifaga tayinlanganiga ikki yil bo`lgan bo`lsa-da, uning ishlari ko`zga tashlanmagan. Toshkent shahar IIBB boshlig`ining tergov-qidiruvga mas`ul birinchi o`rinbosari Farhod Hasanov esa, jinoyatchilikni 2 mingtaga kamaytirdik, deb chiroyli hisobot berishdan boshqa narsani bilmaydi.
«Nimaga Surxondaryodagi 26 ta bozor raqamlashtirilgan bir paytda poytaxtning mas`ullari mudrab uxlab o`tiribdi? Hammaga bir xil topshiriq beramiz-ku. Agar bozor va yirik savdo majmualarida shaxsni tanib oladigan kameralar o`rnatilsa, ichki ishlar va Milliy gvardiya ishi ancha engillashar edi. Lekin bitta narsa — fidoyilik etishmaydi. Ichki ishlar tizimida IT va raqamlashtirish bo`yicha Qurbonov tizimida hali sezilarli ish ko`rinmayapti. Raqamlashtirishga qancha mablag` ketsa, berishga tayyorman — bu ish o`zini oqlaydi. Lekin bundan xulosa qilmay yurishga hech kimning haqqi yo`q. Hozir aytilgan muammo va kamchiliklarda birinchi navbatda rahbarlar aybdor», deydi prezident.
Ishga mas`uliyatsiz munosabatda bo`lgani uchun ichki ishlar vaziri o`rinbosari Abdullaev hamda Respublika profilaktika bosh boshqarmasi rahbari Xatam Qodirov lavozimidan ozod etilgan.
Poytaxtdagi har bir tuman kesimida jinoyatchilik holati tahlil qilindi.
Jumladan:
• Chilonzor tumanida — oilaviy zo`ravonlik va talonchilik,
• Yunusobodda — bosqinchilik,
• Yashnobod va Mirobod tumanlarida — qotillik holatlari yuqori.
Hududlar kesimi bo`yicha barcha tuman rahbarlari o`z hududida jinoyatchilikni keskin kamaytirish bo`yicha yangi yondashuv bilan ishlashi shartligi aytildi.
Narkojinoyatchilik va uyushgan guruhlarga qarshi kurashish bo`yicha narkokanallarni manbasigacha etib borish uchun mas`ullarda qat`iyat yo`q. Qo`rqishadi, poytaxtda narkotik jinoyatlar ko`paygan. 112 ta uyushgan jinoiy guruh fosh etilgan, ular 1300 tadan ortiq jinoyat sodir etgan. Eng achinarlisi — ayrim shaxslar 20 yillik jazoga hukm qilinib, amalda bu jazoni to`liq o`tamasdan ozodlikka chiqib ketishmoqda. Oqibatda takroriy jinoyatlar 3 yil ichida 125 foizga oshgan.
Bu holatga kim javob beradi? Nima uchun bu nuqtaga qo`yilmagan? Bu savollar ochiq qolmoqda. Oxirgi 3 oy ichida respublika bo`yicha 52 ta yirik narkotik guruh qo`lga olingan, yarim tonnadan ortiq narkotik moddalar musodara qilingan.
Uch yil oldin tashkil qilingan kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish tizimining ishi ko`rinmayotgani aytildi. O`tgan yili poytaxtda kiberjinoyatlar soni 16 mingtadan oshib ketgan. Fuqarolar qariyb 2 trillion so`m moddiy zarar ko`rgan. Eng achinarlisi — bu jinoyatlarni fosh etish darajasi 8 foizga ham etmayapti. Jinoyatchilar bank tizimidagi bo`shliqlardan, aholining ishonchuvchanligidan va texnologik bilim etarlicha emasligidan foydalanyapti.
«Lekin shu erda savol tug`iladi: banklar va to`lov tashkilotlari xavfsizlik tizimlarini qachon kuchaytiradi? Qachon bu sohada aniq natija bo`ladi? IIB va prokuraturaga bu yo`nalishda barcha narsani hal qilib berganman — qani natija? Ishmetov, bank va to`lov tizimlarida himoya qilish tizimini qachon yakunlaydi?», deya savol qo`ydi prezident.
Eng yomoni — ayrim holatlarda chet ellarda ham o`z fuqarolarimiz uyushgan jinoiy guruhlar tuzib, o`zbeklarni tovlamachilik va zo`ravonlik orqali jabrlayapti. O`zbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari obro`siga putur etkazyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni chiqib yotibdi. Dunyo hamjamiyati bilan ishlashda bu mamlakatimiz obro`siga putur etkazmoqda.
Og`ir ahvolga tushgan 3 700 nafar fuqarolarimiz mamlakatimizga qaytarilgan. Yana 192 nafar fuqarolarimiz odam savdosining qurboniga aylangan.
Poytaxt iqtisodiyoti 367 ming trln so`mdan oshib, jon boshiga yillik hajm 116 mln so`mga etgan. Ya`ni, Toshkent shahri nafaqat vazirliklar joylashgan ma`muriy hudud, balki respublikadagi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatida o`z o`rnini mustahkamlagan. Bir so`z bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanishning intensivlik darajasi sezilarli oshgan.
Yig`ilishda shahar prokurori O`rmonov, ichki ishlar rahbari Sultonxo`jaev, departament rahbari Kenjaev, xavfsizlik xizmati rahbari Berdiboev, gvardiya rahbari Ortiqov, sud tizimi vakili Ismoilov, adliya rahbari Nazarov, bojxona rahbari Saidov, soliq boshlig`i Nasimjonovlar ham tanqid qilindi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi qonun ham juda deklarativ yozilgani aytildi. Toshqulov yil yakunigacha Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksni profilaktikaga yo`naltirgan holda, uning ta`sirchanligini oshirib, qayta ishlab chiqishi kerakligi vazifa qilib berildi.
Yana bir muhim yo`nalish — o`tgan yili poytaxtda 1500 nafardan ortiq narkotikka ruju qo`ygan shaxslar rasman ro`yxatga olingan. Eng achinarlisi, soyada qolgan giyohvandlar soni bundan ham ko`p. Ularning aksariyati yoshlar bo`lib, narkotik uchun oyiga o`rtacha 20–25 mln so`m sarflayapti. Mablag` topish ilinjida giyohvandning jinoyatga qo`l urishi tabiiy hol.
O`tgan yili respublika bo`yicha 64 nafar shaxs giyohvand modda ta`sirida jinoyat sodir etgan. Ularning har uchtasidan biri Toshkent shahriga to`g`ri keladi. Shu yildan boshlab narkotik ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga o`tililishi, buni ota-onalar, ta`lim muassasalari va ish beruvchilar ham talab qilayotgani ta`kidlandi.
Endilikda giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish maqsadida, Sadullaev, Karimova va Sharipov tuzilmalarida alohida o`rinbosar lavozimlari joriy etiladi. Oliygohlarda, maktablarda va yoshlar orasida giyohvandlikka qarshi kurashish bo`yicha tizimli ishlar yo`lga qo`yiladi. Hokim, oliygoh rektori, texnikum va maktab direktorlarining o`rinbosarlaridan biri aynan shu yo`nalishga mas`ul qilib belgilanadi.
Giyohvandlarni davolashga kamida to`rt oy vaqt ketishini hisobga olib, Qodirov, Qo`chqorov va Xudayarov bir oy muddatda xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat ko`rsatish bo`yicha yangi qaror va takliflar ishlab chiqishi talabi qo`yildi.
Shaharda jinoyatchilardan musodara qilingan sintetik moddalar hajmi so`nggi besh yilda 11 karra oshgan. Sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilib, to`lovlar kriptovalyutada amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, qonunchilikda davlat organlari o`rtasidagi vazifalar aniq belgilab qo`yilmagan. Narkotik va o`qotar qurollarni nazorat qilish agentligi faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgan. «Bu borada Mamatovning ishidan mutlaqo noroziman. Agar o`zgarish bo`lmasa, ishdan ketasan», dedi davlat rahbari.
Endilikda ushbu agentlikning mas`uliyati kuchaytirilib, unga mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baholash vakolati beriladi. Agentlik barcha kuch va vositalarga ega bo`ladi.
Qodirov, Gardiev, Toshpo`latov va Xudayarov ikki oy muddatda narkotiklar haqidagi qonunni yangidan ishlab chiqish bo`yicha taklif kiritishi aytildi.
«Toshkent shahri misolida ko`tarilgan barcha masalalar butun respublika huquq-targ`ibot idoralariga taalluqli. Agar Qurbonov, Toshpo`latov, Jo`raev, Yo`ldoshev, Valiev, Toshqulov, Mavlonov va Po`latov uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda tizimli yondashuvni joriy etsa, xodimlarning dunyoqarashini o`zgartirib, yangicha ishlashga o`rgatsa, albatta natija bo`ladi», dedi prezident.
Shuning uchun to`rtta asosiy yo`nalish bo`yicha mutlaqo yangi tizim joriy etiladi. Bu ishlar avvalo Toshkent shahrida boshlanadi. Poytaxtda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida “Poytaxt namunasi” joriy etiladi. Har bir vazir bitta tumanga biriktiriladi. Ular mahallada yurib, kriminogen vaziyatni o`rganadi, tuman mas`ullarini ishga solib, aholining muammolarini hal qilishga javobgar bo`ladi.
Prezidentga ko`ra, endi huquq-targ`ibot oliygohlari o`z vazirlari yonida turib, pastdagi muammolarni ilm bilan hal qiladi. Metodik tavsiyalar tumanlarda joriy etiladi. Oliygoh kafedralari olti oy davomida mahallalarga tushib, mahalla “ettiligi” va huquq-targ`ibot xodimlarini yagona dastur asosida o`qitadi. Shuningdek, huquq-targ`ibot oliygohlarining 3–4-kurs talabalari ham dual ta`lim asosida profilaktika va jamoat tartibini saqlash ishlariga jalb etiladi.