“Otamning o`rnini egallayman degan xayolda yurgandim” – “Baxti Tashkentskiy”ning o`g`li

21.01.2026 22:06

Ichki ishlar vazirligi Baxtiyor Qudratullaevning o`g`li Bekzod Zafarov haqida koloniyadan lavha tayyorladi.

“Baxtiyor Qudratullaevning katta o`g`li bo`laman. Qamalmasimdan oldin otamning yo`nalishini ushlayman, o`rnini egallayman degan xayollarda yurgandim. O`ylaganlarimning hammasi katta xato ekan. Koloniyaga kelganimga bir yil bo`ldi. Xo`jalik ishlariga, qurilishlarga qarashib turaman. Qolgan paytda ishlab chiqarish korxonasida sexga ishga chiqaman. U erda temir-tersak bilan ish qilamiz.

Bir yil oldingi hayotim bilan hozirgi hayotim ancha farqli. Bu erda Bekzodmisan, Bekmisan, kim bo`lsang ham hamma uchun qonun bir. Jinoyat olamining taniqli shaxslariga, jinoyat olamiga hech kim intilmasin. Bu narsadan hech qanday foyda yo`q. El-yurtning, ota-onaning xizmatida bo`lsin. Jamiyatga foydasi tegadigan inson bo`lsin. Shu narsani so`rardim”, degan u.

Bekzod Zafarov odam nimalarni yo`qotganini boshiga tushgachgina tushunishini bildirgan va oilasi haqida ham to`xtalib o`tgan.

“Keyingi yil katta o`g`lim maktabga chiqadi. Dada, tezroq keling, sizni sog`indim, dedi. Shu gaplari hali-hamon xayolimdan ketmaydi. Tunlari bolalarim tushimga kirib chiqadi.

O`zimning maktabga chiqayotgan paytlarimni eslab va hozirgi kunda bolamni 1-sinfga, birinchi qo`ng`iroqqa olib chiqolmayotganim, ota-onalar majlisida ishtirok etolmayotganim, unga dars mashg`ulotlarida qarashmayotganim, oldida suyanadigan tog`i bo`lib turolmayotganim alam qiladi. Shu narsalardan afsusdaman.

Qizimning endi tili chiqyapti, shularni ko`rolmayapman. Hamma narsaga odamning o`zi aybdor bo`ladi. Hozir kimnidir ayblashim xato, ayb o`zimda.
Noto`g`ri ishlar qilgan ekanman. Bitta kasb, bitta yaxshi hunarni o`rganib, yurtga foydam tegadigan ish qilgan holda oilamning bag`rida bo`lganim ming marta afzalroq edi”, degan Bekzod Zafarov.

Shuningdek, u chuchvarani xom sanaganini, qonunni bilib, unga amal qilib yashash kerakligini aytib o`tgan:

“Qaniydi shu vaqtni orqaga qaytirishning iloji bo`lganida halol yurib, halol mehnat qilib, oila bag`rida bo`lishni juda istardim. Chuchvarani xom sanagan ekanman. Qonunni bilib, o`shanga amal qilib yashash kerak ekan. Hozirgi kunda shu narsalar hammasi oilaga, ozodlikka, halol mehnat qilib, tinchlik-omonlikda oila davrasida o`tirishga bir foiz ham yaqin kelmas ekan.

Mana, hibsxonada 2 yildan ortiq o`tiribman. Shuni tushunib etdimki, hibsxonada osh eb, idish-tovoqlaringiz tilladan bo`lgandan ko`ra, oila davrasida bir burda non eb yurganingiz ming marta afzalroq ekan. Hammadan uzr so`rayman. Qilgan ishimdan chin ko`ngildan pushaymonman”.

Bekzod Zafarov Baxtiyor Qudratullaevning katta o`g`li hisoblanadi. U 1994 yil Toshkent shahrida tug`ilgan. Bekzod Zafarov tovlamachilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etgani uchun 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bekzod Zafarovning ukasi Ixtiyor Qudratullaev 9 yil, otasi Baxtiyor Qudratullaevga esa 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар