Ablaxatovich, Kutpitdinovich, Kabildjanovich: Amaldorlarimiz qachon ism-sharifini to`g`ri yozishni o`rganadi?

11.02.2026 08:47

O`zbekiston mustaqilligining o`ttiz yillik dovonidan o`tib, Uchinchi Renessans haqida baralla gapirayotgan bir paytda, davlat boshqaruvining yuqori pog`onalarida o`tirgan amaldorlarimizning ism-shariflariga nazar solib, odamning ensasi qotadi.

Milliy g`urur, ona tili muqaddasligi va o`zlikni anglash haqida soatlab ma`ruza o`qiydigan, xalqni vatanparvarlikka chorlaydigan «janoblar»ning cho`ntagidagi pasportida hamon sovet mustamlakachilik tizimining chirigan asoratlari — «Radjabov», «Adilov», «Kasimov» kabi imloviy g`alizliklar «muhr»dek bosilib turibdi. Bu shunchaki texnik xato yoki hujjatdagi yozuv emas, bu — o`sha amaldorning milliy tilga bo`lgan haqiqiy munosabati, uning ruhiyatidagi qullik zanjiri va o`zligidan uyalishining yaqqol isbotidir.

Fonetik majruhliklar — «elita»ning vizit kartasi

Nega o`zbek tilida mavjud bo`lmagan, rus tilining talaffuziga moslab to`qilgan «Dj» birikmasi yoki «Gulyam» kabi fonetik majruhliklar hamon «elita»ning vizit kartasiga aylanib qolgan? Nahotki, millat taqdirini belgilaydigan shaxslar o`z ismidagi bitta harfni — «Jo`raev» yoki «G`ulomov» shaklida to`g`rilashga «qunt» qilmasa? Bu erda gap byurokratiya yoki hujjat almashtirishning qiyinligida emas, balki amaldorlarimizning miyasiga singtib ketilgan kompleksda.

Ular nazarida, ruscha talaffuzdagi familiya go`yo ularga qandaydir «xalqaro nufuz» yoki «madaniylik» tamg`asini beradigandek. Aslida esa, o`z ismini o`zbekcha imlo qoidalariga ko`ra yozishdan or qiladigan odamning millat haqida qayg`urishi — shunchaki siyosiy ikkiyuzlamachilikdir.

Dunyoda o`zini hurmat qilgan biron bir millat vakili, ayniqsa davlat amaldori, o`z ismini boshqa bir davlatning grammatik qoliplariga solib ko`z-ko`z qilmaydi. Tasavvur qila olasizmi, fransuz yoki yapon vaziri o`z ismini ruscha yoki inglizcha transkripsiyada hujjatlashtirib yurganini? Bu kulgili va sharmondali holat.

Bizda esa bu — odatiy hol. Amaldorlarimizning aksariyati xalqaro miqyosda o`zlarini tanishtirganda ham aynan mana shu «sovetcha meros»ga yopishib olishadi. Ularning fikricha, «Djuraev» bo`lib ko`rinish — zamonaviylik, «Jo`raev» bo`lish esa go`yo «mahalliylashib qolish». Bu qanday fojia? Bu qanday ma`naviy qashshoqlik?

Eng achinarlisi, bu amaldorlar davlat tili haqidagi qonunlarni ijro etishni boshqalardan talab qilishadi. Tadbirkorning peshlavhasidagi imlo xatosini deb jarimaga tortishni bilishadi, lekin o`z ismlaridagi imloviy «bosqin»ni ko`rishmaydi.

Janob amaldorlar, xalq sizga qarab bo`y cho`zadi! Agar siz o`z ism-sharifingizni o`zbekcha yozishni o`zingizga ep ko`rmas ekansiz, sizdan milliy til rivojini kutish — qumga suv quyish bilan baravar. Islohotni minbardan emas, cho`ntagingizdagi pasportdan,  boshlang. Ism — insonning milliy kodi, agar u buzilgan bo`lsa, demak, milliy mafkura ham teshikdir.

Ro`yxat bilan tanishing!

Quruq qoshiq og`iz yirtar deganlaridek, iddaolarimizga isbot sifatida vazirlar va o`rinbosarlarining ism-sharifoariga nazar tashladik. Taassufki, vazirliklarning rasmiy saytlarida berilgan ism-shariflarning barmoq bilan sanarlisigina to`g`ri yozilgan. Ona tili, milliy o`zlik haqida gap ketar ekan, erinchoqlikni chetga suramiz-u, vazirliklarda ishlaydigan Payzraxmanovich, Kasimov va Irkinovnalar bilan tanishamiz.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi
1. Abidxadjaev Umid Kutpitdinovich — Iqtisodiyot va moliya vazirining o`rinbosari.
2. Umrzakov Ilhomjon O`rinboy o`g`li — Iqtisodiyot va moliya vazirining o`rinbosari.
3. Raximova Gulnora Xashimovna — Iqtisodiyot va moliya vazirining o`rinbosari.

Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi 
1. Karimova E`zozxon Gapirjonovna — Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri.
2. Komilov Temurjon Kalandarovich — Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri o`rinbosari.

Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi 
1. Radjabov Sardor Baxtiyorovich — Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirining birinchi o`rinbosari.
2. Salomov Uktam Rahimovich —
Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vaziri o`rinbosari.

Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi 
1. Xidoyatov Sherzod Saidjanovich — Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri.
2. Adilov Davronjon Kabildjanovich — Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirining o`rinbosari.
3. Alimatov Toir Namatullaevich — Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirining o`rinbosari.
4. Juraeva Ozoda Abduraximovna — Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirining o`rinbosari.

Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi 
1. Kudratov Laziz Shavkatovich — Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri.
2. Teshabaev Xurram Fatixovich — Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri o`rinbosari.
3. Kasimov Ilzat Ablaxatovich — Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri o`rinbosari.
4. Gulamov Shoxrux Xasanovich — Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri o`rinbosarining vazifasini bajaruvchi.
5. Aliev Akram Zairovich —Investisiyalar, sanoat va savdo vazirining o`rinbosari vazifasini bajaruvchi.

Tog`-kon sanoati va geologiya vazirligi 
1. Yusupov Rustam Payzraxmanovich — Tog`-kon sanoati va geologiya vazirining o`rinbosari.

Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi
1. Zaxidov Botir Erkinovich — Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vaziri.
2. Juraev Marat Yuldashevich —Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o`rinbosari.

Sport vazirligi 
1. Ikramov Adxam Ilxamovich — Sport vaziri.
2. Ismailov Murad Valijonovich — Sport vaziri o`rinbosari.
3. Momindjanov Sharifjon Fuzailovich — Sport vaziri maslahatchisi.

Qishloq xo`jaligi vazirligi
1. Abduraxmonov Ibrohim Yulchievich — Qishloq xo`jaligi vaziri.
2. Yuldashev Qahramon Anvardjanovich — Qishloq xo`jaligi vaziri o`rinbosari.

Sog`liqni saqlash vazirligi 
1. Xudayarov Asilbek Anvarovich— Sog`liqni saqlash vaziri.
2. Basitxanova Elmira Irkinovna — vazir o`rinbosari.
3. Tashpulatov Farxodjon Muxammadjonovich — vazir o`rinbosari.

Adliya vazirligi 
1. Tashkulov Akbar Djurabaevich — Adliya vaziri.
2. Ikramov Muzraf Mubarakxodjaevich — Adliya vazirining o`rinbosari.

Transport vazirligi 
Abdugafarov Ilxomjon Abduxalilovich — Transport vaziri o`rinbosari.

Madaniyat vazirligi 
1. Tadjixanov Avazxon Baxadirovich — Madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari.
2. Axmedov Baxodir Madjitovich — Madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari.

Mudofaa vazirligi 
1. Xalmuxamedov Shuxrat Gayratdjanovich — O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri.
2. Iminov Zaynobiddin Ruzievich — Mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari.
3. Karshiev Hamdam Aliqulovich — Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo`yicha o`rinbosari.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 
1. Ikramov Azizbek Israilovich — Favqulodda vaziyatlar vaziri.
2. Kadirov Nuriddin Baxriddinovich — vazir o`rinbosari.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар